«Ilgari kitobni yashirinib o‘qirdik» - 108 yoshli opasini yo‘qlagan 105 yoshli Ibrohimxon ota xonadonida
Ijtimoiy tarmoqlarda yoshi 108 yoshga yetgan opasini yo‘qlagani borgan 105 yoshli otaxon tasvirlangan videolavha juda iliq kutib olindi. Kun.uz muxbiri o‘sha otaxonni ziyorat qilib bordi.
Hozir Ibrohimxon ota Xo‘jayev — 105 yoshda. Namangan tumanida istiqomat qiluvchi otaxon ko‘p yillar halol mehnat ortidan oila tebratib, el xizmatida bo‘lgan.
Otaxon 8 o‘g‘il, 3 nafar qiz, 50dan oshiq nabira, 90dan ortiq chevara va 13 evaraga duogo‘y bo‘lib o‘tiribdi.
Ibrohimxon ota butun umr dehqonchilik bilan shug‘ullangan. O‘z ishi orqali 11 farzandni uyli-joyli qilgan.
Otaxon nafaqat o‘z qishlog‘i, balki butun viloyatda ham hurmat-ehtiromga sazovor bo‘lgan. U davlat rahbari bilan ham uchrashgan.
Otaxonning el nazariga tushishiga sabab xalq uchun qilgan yana bir xizmatidir. Qahramonimiz dehqonchilik bilan birga 58 yil davomida mahallada go‘rkovlik qilgan.
Uning xonadonida ajdodlari Xoja Ahmad Yassaviyga borib tutashishini isbotlovchi shajara hujjati va muhr saqlanadi.
U yoshlikdan ajdodlari singari ilm olishga astoydil bel bog‘lagan. «Ilgarilari qochib yurib (yashirincha) kitob o‘qir edik. Hozir hammaning qo‘lida Qur’on», – deydi otaxon.
Ibrohimxon ota hozirgi kunda ilm olish uchun katta imkoniyatlar yaratilganini ko‘p ta’kidladi.
Otaxonning uzoq umr ko‘rib, shu yoshda ham opasini ko‘rgani borishi, ya’ni qarindosh-urug‘lardan xabar olishi silai rahmdandir. Shu sababdan ham avlodlari har qanday ma’rakada jam bo‘lib, hayot tashvish-u quvonchini birga baham ko‘rishadi.
Biz Ibrohimxon ota Xo‘jayevga sog‘lik-salomatlik tilab qolamiz.
Tohirjon Tursunov tayyorladi