Iqtisodiyot | 15:29 / 30.01.2023
63232
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonliklarning o‘rtacha oylik maoshi qancha?

2022 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi o‘rtacha oylik nominal ish haqi 3 mln 892 ming so‘mni tashkil etdi. Tibbiyot xodimlari hamda ta’lim sohasi vakillarining maoshi hamon o‘rtacha ko‘rsatkichdan ham past darajada qolmoqda.

2022 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi o‘rtacha oylik nominal ish haqi  3 mln 892 ming so‘mni tashkil etib, (o‘tgan yilning mos davrida 3 mln 214 ming so‘m bo‘lgan) 2021 yil mos davriga nisbatan o‘sish sur’ati 21,1 foizni tashkil qilgan. Bu haqda Statistika agentligi ma’lum qilmoqda.

Hududlar kesimida o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori miqdori Toshkent shahri (6 mln 314 ming), Navoiy (5 mln 125 ming) va Toshkent viloyatida (3 mln 946 ming), eng kam miqdori esa Farg‘ona (2 mln 900 ming), Namangan( 2 mln 924 ming) va Samarqand (2 mln 944 ming) viloyatlarida qayd etilgan.

Hisobot davrida faqatgina uchta ma’muriy hududda (Toshkent shahri, Toshkent va Navoiy viloyatlari) nominal ish haqining darajasi respublikadagi o‘rtacha darajadan yuqori bo‘lib, qolgan barcha hududlarda bu ko‘rsatkich respublika darajasidan turli miqdorda past shakllangan.

2022 yilning yanvar-dekabr oylarida hududlar bo‘yicha o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqining eng yuqori o‘sish sur’atlari Toshkent shahrida (28,2 foiz ), Xorazm (23,1 foiz), Andijon (22,6 fioz), Surxondaryo (22 foiz), Samarqand (21,7 foiz) hamda Namangan viloyatlarida (20,6 foiz) kuzatilgan.

Maoshlar oshgani ortidan, hududlar kesimidagi tengsizlik kuchayib bormoqda. Masalan, 2021 yilda eng boy va eng kambag‘al hududlardagi o‘rtacha ish haqidagi farq 2 barobar bo‘lgan bo‘lsa (Toshkent/Surxondaryo), 2022 yilda bu ko‘rsatkich 2,18 barobarga yetgan (Toshkent/Farg‘ona).

Ma’lumot uchun, hisobot davridagi o‘rtacha oylik ish haqi ko‘rsatkichini shakllantirishda qishloq xo‘jaligi va kichik tadbirkorlik sub’yektlari hisobga olinmagan.

O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, sohalar kesimida eng yuqori o‘rtacha oylik ish haqi miqdori:

·       bank, sug‘urta, lizing va kredit vositachilik faoliyatida – 10,8 million so‘m;

·       axborot va aloqa sohasida –7,5 mln so‘m;

·       tashish va saqlash sohasida – 5,1 mln so‘m;

·       sanoat sohasida – 4,9 mln so‘m;

·       qurilish sohasida – 4,7 mln so‘m;

·       savdo sohasida – 3,9 mln so‘m;

·       san’at, ko‘ngil ochish va dam olish sohasida – 3,1 mln so‘m;

·       yashash va ovqatlanish xizmatlari sohasida – 3,1 mln so‘m;

·       ta’lim sohasida – 2,6 million so‘m;

Eng past o‘rtacha ish haqi sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida qayd etilgan – 2,5 million so‘m.

2022 yilning yakunlari bo‘yicha, o‘rtacha oylik ish haqini hisoblashda 3 mln 13,8 ming xodimning ma’lumotlaridan foydalanilgan. Shundan 37,4 foizi ta’lim, 16,1 foizi sog‘liqni saqlash sohasi vakillari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Ta’lim sohasi bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqining respublikadagi o‘rtacha oylik ish haqiga nisbati 2020 yilda – 74,1 foizni, 2021 yilda – 71,8 foizni, 2022 yilda – 69,2 foizni tashkil qilgan. Ta’lim sohasi vakillari yildan yilga boshqa soha vakillariga nisbatan kambag‘allashib borayotganini kuzatish mumkin.

Agar individual sohalar o‘zaro taqqoslansa, ish haqining sohalar kesimidagi tengsizligini yaqqol kuzatish mumkin. Xususan, 2018-2022 yillar oralig‘ida bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik faoliyatida band bo‘lgan xodimlarning oylik maoshi 3 barobarga ( 3,5 mln so‘mdan 10,8 mln so‘mga), axborot va aloqa sohasida 2,27 barobarga (3,3 mln so‘mdan 7,5 mln so‘mga) oshgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich ta’lim sohasida 95 foizni tashkil etgan.

Shuningdek, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasida faoliyat olib boruvchi xodimlarning hududlarda band aholi orasida ulushi yuqoriligi inobatga olinsa, Toshkent va hududlar orasidagi tengsizlik kuchayib borayotganini ham qayd etish mumkin.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda oxirgi marta 2022 yilning 1 iyunida ish haqi, pensiya miqdori va stipendiyalar oshirilgandi.

Statistika agentligi hisobotida Mudofaa va Ichki ishlar vazirliklari, Davlat bojxona qo‘mitasi, Davlat xavfsizlik xizmati, sud tizimi va prokuratura xodimlarining o‘rtacha oylik ish haqi haqida ma’lumot berilmagan. 

O‘zbekistonda yaxshi yashash uchun qancha mablag‘ kerak?

Dunyoning eng yirik onlayn ma’lumotlar bazasidan biri – Numbeo’ning taxminiy hisoblashlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 4 kishi bo‘lib yashaydigan oilalar ijara to‘lamasdan oyiga 1489,8 dollar (16 mln 887 ming so‘m) sarflab yaxshi yashashi mumkin. Bir kishi uchun bu narx 413,6 dollarni (4 mln 688 ming so‘m) tashkil qilgan.

Qayd etilishicha, xarajatlarning 33,6 foizi do‘konlardan turli mahsulotlarni sotib olish, 25,3 foizi har oylik ijara, 14 foizi restoranlarda ovqatlanish, 10,1 foizi transport, 8,1 foizi esa sport va bo‘sh vaqtdagi mashg‘ulotlar uchun sarflanadi.

Numbeo hisob-kitoblari 2023 yilning yanvar oyidagi holatdan kelib chiqib amalga oshirilgan. 

Mavzuga oid