Jahon | 10:49 / 15.03.2023
12730
5 daqiqa o‘qiladi

Avstraliya yadroviy suvosti kemalari bilan ta’minlanishi Xitoyga yoqmadi

Xitoy Tinch okeani harbiy alyansi AUKUS tomonidan Avstraliyaga uchta suvosti yadroviy kemasini sotish qaroriga keskin munosabat bildirdi va shu tariqa alyansga a’zo davlatlar – AQSh, Buyuk Britaniya va Avstraliya noto‘g‘ri va xavfli yo‘lga kirayotganini aytdi.

AUKUS harbiy alyansi a’zolari Avstraliya, AQSh va Buyuk Britaniya vakillari dushanba kuni AQSh Tinch okeani flotining San-Diyegodagi yirik bazasida kelishuvni imzolash marosimi o‘tkazildi. Foto: ANADOLU AGENCY

Bir kun avval uch davlat rahbarlari qo‘shma bayonot imzolab, Xitoyning tobora kuchayib borayotgan tahdidini his qilayotgan Avstraliya uchun kamida uchta yadroviy suvosti kemasi berilishini ma’lum qilgan edi.

«AQSh, Buyuk Britaniya va Avstraliyaning so‘nggi qo‘shma bayonoti uch davlat o‘z geosiyosiy manfaatlarini ko‘zlab, xalqaro hamjamiyat xavotirlarini butunlay e’tiborsiz qoldirib, xato va tahdidlar yo‘lidan borayotganini ko‘rsatadi», dedi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili Van Venbin.

Milliardlab dollarga baholangan AUKUS kelishuvi doirasida Avstraliya 2030-yillar boshida Virginia sinfidagi uchta suvosti yadroviy kemasini oladi. Ular yadro quroli bilan jihozlanmaydi, balki shovqinsizlikni ta’minlovchi atom elektr stansiyasiga ega bo‘ladi.

AQSh Tinch okeani flotining San-Diyegodagi asosiy bazasida imzolangan kelishuvga ko‘ra, zarurat tug‘ilganda suvosti kemalari soni beshtaga yetkazilishi mumkin.

Bundan tashqari, 2027 yildan Buyuk Britaniya va Qo‘shma Shtatlar o‘z suvosti kemalarini G‘arbiy Avstraliyada rotatsiya asosida (to‘rttagacha AQSh kemasi va bitta Britaniya kemasi) joylashtirishni boshlaydi.

AUKUS ma’lumotlariga ko‘ra, bu Xitoyni tiyib turish chorasining bir qismi sifatida zarur, chunki Pekin ritorikasi va harakatlari Avstraliya rasmiylarini tobora ko‘proq tashvishga solmoqda.

Xitoyning Tayvanga nisbatan tajovuzkor siyosati, Yevropada qonli urushni boshlab bergan Rossiya bilan hamkorligi va Xitoyning Sulaymon orollari avtoritar hukumati bilan xavfsizlik sohasida hamkorlik bo‘yicha yaqinda imzolagan kelishuvi Xitoyning Tinch okeanidagi qo‘shnisi Avstraliyani xavotirga solmoqda.

Buyuk Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunak bilan AUKUS shartnomasini imzolashda hamrohlik qilgan BBC sharhlovchisi Kris Meysonning so‘zlariga ko‘ra, «bu holatda, so‘zlar amaldan farq qilmaydi, eski demokratiyalar yangi, kuchayib borayotgan dushman – Xitoyga qarshi kurashish uchun birlashmoqda».

Uzoq muddatli mojaro

Avstraliya nafaqat hozirda mavjud bo‘lgan Virginia klassidagi kemalarni, balki kelajakda ishlab chiqariladigan SSN-AUKUS suvosti kemasini ham oladi (BAE kompaniyasi rassomlari uni shunday tasavvur qiladi). Foto: BAE

Xitoyning BMTdagi missiyasi AUKUS davlatlarini qurollanish poygasini avj oldirayotganlikda ayblab, suvosti kemalari kelishuvini ikki tomonlama standartlarning klassik namunasi deb atadi.

Bunga javoban Avstraliya tashqi ishlar vaziri Penni Vong Xitoyning munosabati faktlarga asoslanmaganini aytdi.

AQSh prezidenti Jo Bayden ham Avstraliyaga va’da qilingan suvosti kemalari yadro kallaklarini olib yurmasligini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqinda uchinchi muddatga prezidentlikka saylangan Xitoy yetakchisi Si Jinping bilan suhbatlashib olishga umid qilmoqda, ammo muzokaralar tafsilotlarini keltirmadi.

Xitoy va AQSh o‘rtasidagi munosabatlar hozirda so‘nggi o‘n yilliklardagi eng past nuqtada. Bu ko‘plab geosiyosiy muammolar bilan bog‘liq bo‘lib, ularning asosiysi Tayvanning maqomi (Xitoy orolni o‘z hududi deb biladi) va Xitoyning Ukrainaga qarshi urushida Rossiyani qo‘llab-quvvatlashi.

G‘arb hamkorlari tomonidan suvosti kemalari bo‘yicha shartnoma imzolanishi bu zanjirning yana bir bo‘g‘ini bo‘lib, uzoq muddatli oqibatlarga olib keladi, deydi tahlilchilar.

«Har qanday siyosiy kelishuv vorislar tomonidan bekor qilinishi mumkin bo‘lsa-da, shartnoma budjeti, uning o‘n yillik muddati va Xitoy strategik ahamiyatining muqarrar o‘sishi bu ittifoq davom etishidan dalolat beradi», deb yozdi BBC sharhlovchisi Kris Meyson.

Mavzuga oid