Biz bunga Samarqand shahrida o‘zimiz guvoh bo‘ldik. Sifatsiz suyultirilgan gaz bilan bog‘liq voqea birgina Samarqand shahrida ro‘y berganida aybdorni topish osongina bo‘lar edi, biroq boshqa joylarda ham ana shunday muammolar uchrayotgan ekan. Buni gazni qazib olayotgan kompaniya vakili o‘zi bizga oshkor qildi. Demak, muammo O‘zbekiston bo‘ylab ro‘y bermoqda.


Samarqand shahrida joylashgan «Temp-Plastik» MChJda bo‘lib, «O‘zneftgazinspeksiya» Samarqand hududiy bo‘limi mas’ullari hamrohligida holatni o‘rgandik.


«Temp-Plastik» MChJ rahbari Abdug‘ani Qurbonovning ma’lum qilishicha, joriy yilning 17 mart kuni birja savdolari orqali «LUKOIL» kompaniyasidan 20 tonna suyultirilgan gaz xarid qilgan. Mahsulot G‘o‘g‘ordagi korxonadan 25 mart kuni shoxobchaga keltirilgan. Maxsus yuk mashina jo‘mragi ochilganda, propan o‘rniga qandaydir suyuqlik chiqqan.
Bu holat avvalroq – yanvar oyida olib kelingan mahsulot bilan ham ro‘y bergan. Avtomobillarga suyultirilgan gaz quyish shoxobchasi rahbarining aytishicha, yanvar oyida keltirilgan mahsulot ham «LUKOIL»dan xarid qilingan va ma’lum miqdordagi suyuqlik chiqarib yuborilgandan so‘ng, aholiga gaz sotilgan. Sotilgan gaz sifatsiz bo‘lgani uchun bir qancha transport egalari e’tiroz ham bildirib kelgan. Transport vositalari egalariga yetkazilgan moddiy zarar gaz quyish shoxobchasi tomonidan qoplab berilgan.
ASGQSh va «O‘zneftgazinspeksiya» «LUKOIL» bilan bog‘lana olmagan
Abdug‘ani Qurbonov mazkur holatni «O‘zneftgazinspeksiya» Samarqand viloyat bo‘limiga ma’lum qilsa-da, hech qanday natija bo‘lmaganini aytmoqda. U gaz uchun pul o‘tkazilgan «LUKOIL Overseas Supply and Trading Ltd» sho‘’ba korxonasi vakillari bilan telefon orqali bog‘lana olmagan.
Darhaqiqat, maxsus yuk mashina jo‘mragi ochilganda hidsiz, suvga o‘xshash suyuqlik chiqayotganiga guvoh bo‘ldik.













