Iqtisodiyot | 15:03 / 20.08.2019
13344
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda importni cheklash rejalashtirilmayapti

Foto: Shutterstock

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida valuta siyosati bo‘yicha matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar berdi.

O‘zbekiston moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Timur Ishmetovning aytishicha, valuta kursining o‘zgarishiga hukumat hech qanday sun'iy ta'sirlar ko‘rsatishni rejalashtirmayapti. 

“Tashqi faktorlardan qochib qutulib bo‘lmaydi. Markaziy bank, hukumat faqatgina bunday o‘zgarishlarni oldindan prognozlash va ichki holatni moslashtirish uchun choralar ko‘rishi mumkin.

Kurs tabiiy ravishda o‘zgaradi. U hozir erkin bozor sharoitida. Valuta kursining o‘zgarishiga iqtisodiyotning barometri sifatida qarash kerak. Barometr ko‘rsatayotgan haroratga faqatgina moslashish mumkin, barometrning o‘zini o‘zgartirib bo‘lmaydi. Kurs o‘zgarishida hukumat fiskal muvozanatni qat'iylashtirish, ta'sirlarni minimallashtirish orqali rol o‘ynashi mumkin”, - dedi Ishmetov.

O‘z navbatida, Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratovning aytishicha, O‘zbekistonda import konvertatsiyasiga hech qanday cheklov qo‘yilishi ko‘zlanmagan.  

“Importning yuqori bo‘lishi bizda hozir tabiiy jarayon. Investitsion faollikni oshirish import hajmini oshirmasdan bo‘lmaydi. Valuta bozorini erkinlashtirganimiz bizdagi mavjud xufiyona importni ham rasmiylashtirishga imkon beradi. 

Import mahsulotlarining aksariyatini mashina, asbob uskunalar tashkil etadi. Ularni o‘zimizda ishlab chiqarish hali mavjud emas. Demak, import yuqoriligi saqlab qolinadi”, - dedi MB raisi.

Mavzuga oid