Xitoy hududidan tashqarida ilk marta COVID-19 yuqtirish holati 13 yanvar kuni Tailand qirolligida aniqlanganda (uni uhanlik turist olib kelgan), avvaliga tailandliklarni falokat kutayotgandek ko‘ringan edi. Chunki mamlakatda har yili o‘n millionlab xorijlik turistlar hordiq chiqarishadi.

Lekin asl holat tailandliklar qo‘rqqanchalik bo‘lib chiqmadi. Shu kungacha 3298 yuqtirish holati, 58 ta o‘lim va 30 iyul kuni 70 million aholiga ega davlat 106-o‘rinda turibdi — buni hisoblashlardagi barcha xatoliklar va testdan o‘tkazishning nisbatan past darajasi (685 ming)ga qaramasdan muvaffaqiyat sanash mumkin.

Boz ustiga, yil boshida qirollikka odatdagidek minglab xorijiy turistlar dam olishga kelishgan edi. Hattoki pandemiya qattiq iskanjaga olgan mamlakatlardan ham.

Darvoqe, Tailandning o‘zida mahalliy aholi ichida «ichki» zararlanish deb atalayotgan yangi yuqtirish holatlari ikki oydirki, qayd etilmayapti. Barmoq bilan sanash mumkin bo‘lgan barcha yuqtirganlar chegara ortidan kirib kelgan.

Madaniyat va genlar

Taidandda bunga qanday erishildi? Bu savolga bittada javob qaytarib bo‘lmaydi. Mutaxassislar tailandliklarga yordam bergan o‘nlab ehtimolli sabablarni sanashmoqda. Aftidan, barcha sabablar yakuniy natijaga olib kelgan.

Tailandliklarga ularning madaniyatida genetik darajada mavjud bo‘lgan ijtimoiy masofalashuv yordam bergan bo‘lishi aniq: qirollik aholisi uchrashganda qo‘l berish ko‘rishmaydi, ko‘chada umuman quchoqlashishmaydi, kaftlarini yuzi oldiga jamlagancha salom berishadi.

Tailandda juda erta, birinchi zararlanish holatidan keyinoq himoya niqoblarni taqa boshlashgani ham o‘z rolini o‘ynagani ko‘rinib turibdi. Sog‘liqni saqlash tizimi ham yaxshi yo‘lga qo‘yilganini hisobdan chiqarmaslik kerak. Ko‘p vaqtini toza havoda o‘tkazuvchi tailandliklarning hayot tarzi haqida ham unutmaslik lozim. Ehtimol, koronavirus nimaga «yopishib» olishni ham bilmagandir — mamlakatda surunkali kasalliklar darajasi ham past.

Aftidan, tailandliklarga koronavirusga muvaffaqiyatli qarshi turishda ularning immun tizimi xususiyatlari ham yordam bergan ko‘rinadi.

Ularning Mekong daryosi oqimidagi qo‘shnilarida ham shunga o‘xshash ko‘rsatkichlar. Myanmada, masalan, 350 ta holat va 6 ta o‘lim qayd etilgan, Kambojada — 226, Laosda — 20. Boz ustiga, Kamboja va Laosda Vetnam kabi koronavirusdan biror kishi o‘lmagan.