Jahon | 07:46 / 30.06.2023
10357
3 daqiqa o‘qiladi

Fransiyada uch kundan beri ommaviy tartibsizliklar davom etmoqda

Fransiyada o‘smirning o‘limidan so‘ng politsiya va namoyishchilar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar qayta boshlandi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, 255 kishi qo‘lga olingan.

Foto: AURELIEN MORISSARD / AP

Fransiyaning yirik shaharlarida politsiyachi otib o‘ldirgan 17 yoshli o‘smirning o‘limidan so‘ng boshlangan tartibsizliklar uchinchi kundan beri davom etmoqda. 30 iyun, jumaga o‘tar kechasi politsiya 200 dan ortiq odam qo‘lga olingani haqida xabar berdi. Fransiya bo‘ylab 40 ming politsiyachi joylashtiriladi - bu bir kun oldin safarbar qilinganidan deyarli to‘rt baravar ko‘p, deb yozadi Reuters.

Politsiya bilan to‘qnashuvlar 29 iyun oqshomida qayta boshlangan. Parijning g‘arbiy chekkasidagi Nanter shahrida namoyishchilar mashinalarga o‘t qo‘ydi, ko‘chalarni to‘sdi va politsiya bilan to‘qnashdi. Reyms va Po shahridagi politsiya bo‘limlariga hujum uyushtirildi, deb xabar berdi BFMTV. 

Marselda sayyohlik markazida namoyishchilar bilan to‘qnashuv chog‘ida politsiya ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz granatalarini qo‘lladi, deb xabar bermoqda La Provence shahar gazetasi. Parijdagi Shatle maydonida do‘konlar talon-toroj qilingan, politsiya bilan to‘qnashuvlar ham bo‘lgan. Poytaxtda kamida 14 kishi ushlandi, deb yozadi Le Figaro. Nantda avtomobil supermarketga qarab haydalgan.

BFMTV ma’lumotlariga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan soat 2:30 ga qadar 255 kishi uchastkalarga olib ketilgan.

Milliy jandarmeriya «jamoat tartibini saqlash» uchun yerda va havoda «barcha vositalarni» safarbar qilishga va’da berdi. 

Maxsus kuchlar Nanter, Parij va «barcha kerak bo‘lgan joylarda» safarbar qilinadi, deb xabar berdi poytaxt politsiyasi. 

O‘smir bilan bog‘liq fojia 27 iyun kuni yuz bergan. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, mashinani boshqarayotgan Nael M. ismli yigit uning talablarini bajarishdan bosh tortgan. Fransiyaning Rfi internet nashri xabariga ko‘ra, yosh haydovchini otgan 38 yoshli politsiyachi qasddan qotillikda gumon qilinib, hibsga olingan. 

27 iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda voqea aks etgan video tarqaldi. Undan ko‘rinib turibdiki, sariq rangli mashinani tekshirish vaqtida politsiyachilardan biri haydovchiga qurol o‘qtalib turgan. Mashina uzoqlashayotganda politsiyachi o‘q uzgan va haydovchining ko‘kragini nishonga olgan. Voqea joyiga yetib kelgan shifokorlar Naelni qutqara olmadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, u bilan birga mashinada yana ikki kishi bo‘lgan. Ulardan biri qochishga muvaffaq bo‘lgan, ikkinchisi - voyaga yetmagan shaxs, qo‘lga olingan, ammo 29 iyun kuni erta tongda qo‘yib yuborilgan. 

Mavzuga oid