O‘zbekiston | 08:22 / 08.06.2024
8138
6 daqiqa o‘qiladi

Yaxshi daromad, xalqaro kompaniyada ish, ilmda yutuqlar – maktabni bitirmay turib 17 yoshli qiz bularga qanday erishdi?

Ozoda Mo‘minova bu yil 11-sinfni bitirdi. U yosh bo‘lishiga qaramay, xalqaro kompaniyada loyiha menejeri bo‘lib ishlaydi. Shu paytgacha AyTi va ilm yo‘nalishida turli yutuqlarga erishgan. Ozoda o‘zining yutuqlari dadasi ixtisoslashtirilgan maktabga o‘qishga olib borgan paytdan boshlangan deb hisoblaydi.

Ozoda Mo‘minova faoliyatini IT sohasi bilan bog‘lagan. Xususan, hozirda u “Swift launch” biznes dasturida loyiha rahbari hisoblanadi. Sohaga qiziqish esa Ozodada 15 yoshidan boshlagan, turli dasturlarda volontyorlik qilgan. “Mikrofon qizlarda” loyihasida Ozoda Mo‘minova bu yutuqlarga erishish uchun qanday yo‘llarni bosib o‘tgani haqida gapirib berdi.

Ixtisoslashtirilgan maktabda fanga mehr qo‘yganman

To‘rtinchi sinfni bitirgan paytimda dadam harakatchanligim uchun ixtisoslashtirilgan maktabga o‘qishga bergan. Maktabga sinov asosida olishgan, o‘qish ancha qiyin edi. Telefon ishlatishga ruxsat berishmagan, haftada bir marta uyga borardik, o‘qituvchilarimiz bizni to‘laligicha ilm-fan bilan band qilishgan. Maktab dasturidan tashqari ham “besseller” kitoblarni o‘qirdik, bu maktabdagi hayotim men uchun ko‘p narsani o‘rgatgan.

Boshida ota-onamni sog‘inib yig‘lardim, qiynalganman. Keyinroq esa men yaxshi yo‘lda ekanimni, qiyinchiliklarni yengib o‘tishim kerakligini tushunib yetganman.

2020 yilda pandemiya paytida maktabimiz yopilib, o‘qishlar onlayn bo‘lgandi. O‘shanda uyda dars qila boshlagandim. Bu payti qo‘limda telefon va noutbugim bor edi. Maktabda qat’iy tartibga o‘rganganim uchun ortiqcha narsalarga chalg‘imasdim va faqat o‘rganish bilan mashg‘ul bo‘lganman.

Ixtisoslashtirilgan maktabda bir necha yil o‘qigach, yana umumta’lim maktabiga qaytganman. Sababi men yaxshi ko‘rgan ustozlarim boshqa joyga ishga o‘tib ketishgandi. Garchi umumta’lim maktabida bo‘lsam-da, endi menda o‘z ustimda ishlash ko‘nikmasi bo‘lgani uchun o‘qishda qiynalmaganman. Bu muddatda turli xalqaro o‘quv kurslarida o‘qidim.

Ekologiya mavzusi menga qiziq edi”

Menga ilm-fan, ayniqsa, ekologiya mavzusi qiziq edi. Shuning uchun olimlar bilan intervyular tashkillashtiradigan platformalardan birida ularga savol tuzib berish bilan ma’lum muddat shug‘ullanganman. Har bir mavzu doirasida to‘g‘ri savollar tuza olish uchun yetarlicha o‘rganish kerak bo‘lardi. Shu muddatda ekologiyaga oid ko‘p narsa o‘rganganman.

AyTiga kirish

Bir sinfdoshim robototexnika bo‘yicha yaxshigina mutaxassis edi. Kunlardan birida u maktabga o‘zi yasagan robotini olib kelib maqtangan. Tabiiyki, menga bu uncha yoqmagan, sababi sinfda eng bilimli siz bo‘lib tursangiz, boshqa odam o‘zingizdan o‘tib ketishini xohlamaysiz. Men ham shu sohani o‘rganaman degandim o‘shanda. Lekin bu – yaxshi ma’nodagi raqobat.

Robototexnika bo‘yicha izlanib ko‘rganimda AyTiga oid ma’lumotlar chiqib kelgan va dasturlashni o‘rganish kerakligini tushunib, o‘zimga turli muddatlar belgilab olib, o‘rganishni boshlaganman. Bir muddat dasturlash, keyinroq esa blokcheyn yo‘nalishida ham ishlab ko‘rdim.

Hozirgi paytda Swift launch kompaniyasida loyiha menejeri bo‘lib ishlayapman.

Dasturlashga kirib kelgach, turli xakatonlarda qatnashdim. Xakaton – 3 kunlik dasturda biror g‘oyani ma’lum darajada realizatsiya qilish talab etiladi.

Kislorod olish loyihasi haqida

2022 yilda xalqaro "The New York Academy of Sciences" xakatonida qatnashish uchun tanlovdan o‘tib, turli davlatlardan qatnashayotgan yoshlar ishtirokida jamoa tuzgandim.

O‘sha payti mening g‘oyam asosida karbonat angidrid gazidan kislorod olish formulasini ishlab chiqib xakatonda taqdim etganmiz. Loyihamizni dunyoda taniqli va tajribali olimlarga taqdimot qilganmiz va u ijobiy qabul qilingan. Sababi bizning formulamiz Kembrij olimlarining amalda ishlayotgan formulasidan 0,2 foiz tezroq ishlashi aniqlangandi.

So‘ng mana shu xakatonda bizga berilgan grant bilan Hindiston laboratoriyasida ishlatib muvaffaqiyatli ishlatib ko‘rdik. Hozir loyihamizni Kembrij olimlariga taqdim qilganmiz.

Ilm ortidan ham yaxshi daromad qilsa bo‘ladi

Hozirgi ishlayotgan xalqaro loyihamda ming dollardan 3 minggacha, xalqaro darajadagi olimlar, tajribali mutaxassislar yillik 52-62 ming dollar daromad qilishadi. Hammasi qilinadigan mehnatga bog‘liq.

AyTi qizlar uchun judayam mos”

Turmushga chiqqan, uydan ishlashga variant izlayotgan xotin-qizlar “Uyda o‘tirib nima ish qilish mumkin?” deb ko‘p so‘rashadi. Men ular uchun dasturlash juda ham mos ekanini aytaman. Uyda o‘tirib ham internetdan izlanib ko‘p narsa o‘rganish mumkin. Keyinchalik ofis sharoitida ishlashsa ham, jismoniy mehnat bo‘lmagani uchun ularga dasturlash qulay ekanini aytaman.

Dunyo tanigan olima bo‘lishni maqsad qilganman

Hozirgacha top 100 talikka kiruvchi bir nechta OTMga hujjat topshirib ko‘rdim va qabul qilindim. Buning bilan o‘zimga bo‘lgan ishonchim oshdi. Lekin mening maqsadim – Massachusets texnologiyalar instituti, Stenford universiteti kabi top 10 talikka qiruvchi OTMdan birida o‘qish. Hozir mana shunga harakat qilyapman.

Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi.

Montaj ustasi: Sherzod Egamberdiyev.

Mavzuga oid