O‘zbekiston | 11:45 / 28.02.2020
7404
3 daqiqa o‘qiladi

DTM rasmiysi: bu yil abituriyentlar Davlat test markazining sayti orqali ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin bo‘ladi

Kirish imtihonlarida maxsus insho olinmaydi, geometriyadan savollar bo‘lmaydi, ammo geometriya hali ajralmagan davrga oid arifmetikadan sodda savollar bo‘lishi mumkin

Bugun, 28 fevral kuni, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Davlat test markazi rasmiylari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Tadbirda dasturiy ta'minot bo‘yicha keyingi o‘zgarishlar, DTM joriy etayotgan yangiliklarga oid ma'lumotlar berildi. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, 2019/2020 o‘quv yilida oliy ta'lim muassasalarining bakalavriat ta'lim yo‘nalishlariga kirish uchun abituriyentlarni ro‘yxatdan o‘tkazish OTM qabul komissiyalari, Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshirilgan. Ma'lumki, qabulning oxirgi (8-15 iyul) kunlari ro‘yxatdan o‘tkazish joylarida navbatlar paydo bo‘ldi. Bu abituriyentlar va ota-onalarning e'tirozlariga sabab bo‘ldi. 

Bu yildan boshlab, oliy ta'lim muassasalarining bakalavriat ta'lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirish test sinovlarida ishtirok etish uchun abituriyentlarni ro‘yxatga olish ancha osonlashadi. 

Joriy yilda o‘tgan yili shu masala bilan bog‘liq kamchiliklarning yuz bermasligini ta'minlash, abituriyentlarga qulay sharoit va imkoniyat yaratish maqsadida bunday xizmatni ko‘rsatuvchi Davlat xizmatlari markazlari, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan tashqari, Davlat test markazi ham abituriyentlarga o‘zining rasmiy sayti orqali ro‘yxatdan o‘tish xizmatini joriy qilmoqda. 

Bunda abituriyent uyidan chiqmay ro‘yxatdan o‘tish, ta'lim yo‘nalishlarini tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bunday imkoniyat va qulayliklardan mobil ilovalar orqali ham foydalanish yo‘lga qo‘yiladi.

Hozirgi paytda abituriyentlarni ro‘yxatga olish tizimi aprobatsiyadan o‘tkazilmoqda.

Davlat test markazining veb-sayti orqali ro‘yxatdan o‘tish uchun:

a) pasport (u bo‘lmagan holda, shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjat); 
b) diplom (shahodatnoma yoki uning o‘rnini bosuvchi hujjat);
v) imtiyoz beruvchi hujjat (agar mavjud bo‘lsa) kerak bo‘ladi. 

Shuningdek, uning qulayligi ham talaygina:

1. Abituriyentlar uyidan chiqmay ro‘yxatdan o‘tishi mumkin;
2. Ortiqcha xarajatlarning oldi olinadi;
3. Kam vaqt talab etadi.  

Shuningdek, abituriyentlar DTM tomonidan E-sinov maxsus telegram-bot orqali o‘z bilimlarini sinab ko‘rishlari mumkin bo‘ladi. 

Tadbirda shuningdek geometriyaga oid savollar tushishi bo‘yicha DTM bo‘lim boshlig‘i Ulug‘bek Noraliyev shunday dedi:

- Geometriyaga oid savollar emas, geometriya hali arifmetikadan ajrab chiqmagan davriga oid savollar tushishi mumkin. Ular nisbatan sodda bo‘ladi.

DTM direktori o‘rinbosari Qahramon Haqberdiyev kirish imtihonlarida alohida insho bo‘lmasligini, majburiy fanlar va mutaxassislik fanlariga oid alohida matbuot anjumani uyushtirilishi va mart oyida batafsil ma'lumot berilishini bildirdi.

Mavzuga oid