Jahon | 08:23 / 01.07.2025
2127
3 daqiqa o‘qiladi

AEXA rahbari: Eron yadroviy dasturini harbiy harakatlar bilan hal qilib bo‘lmaydi

Rafael Mariano Grossi agentlik inspektorlarining obektlarga qaytishi va o‘z faoliyatini davom ettirishi muhimligini ta’kidladi.

Foto: Anadolu Agency

Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) rahbari Rafael Mariano Grossi Eron yadroviy dasturi muammosini harbiy zarbalar bilan hal qilib bo‘lmasligini aytdi.

U CBS telekanalining Face the Nation dasturida Erondagi yadro inshootlari bilan bog‘liq vaziyatga baho berdi.

AQSh va Isroilning hujumlari natijasida Erondagi yadroviy inshootlar jiddiy zarar ko‘rganini bildirgan Grossi, Eron rasmiylari obektlarni ko‘zdan kechirganidan so‘ng zararning to‘liq hajmini aniq bilishini qo‘shimcha qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AEXA qaysidir nuqtada Eron yadroviy inshootlari bo‘yicha ehtimoliy kelishuvda ishtirok etishi kerak bo‘ladi. Bosh direktor agentlik inspektorlarini obektlarga qaytarish va ularning faoliyatini davom ettirish muhimligiga e’tibor qaratdi.

Eron Konstitutsiya muhofizlari kengashining AEXA bilan hamkorlikni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qonunni ma’qullaganiga to‘xtalib, Grossi bu sodir bo‘lmasligiga umid bildirdi, Eron Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma (YaQsh) ishtirokchisi sifatida agentlik bilan hamkorlik qilishga majbur.

Eron hozirda AEXA inspektorlarini «e’tiborsiz qoldiryaptimi» degan savolga javob berar ekan, agentlik rahbari shunday dedi:

«Bu ma’noda, yo‘q. Men qabul qilingan rezolyutsiyaga ehtiyotkorlik va xavotir bilan amal qilyapman, lekin, albatta, bu ularning qonuni. Bu ularning parlamenti, ammo huquqiy oqibatlar bor. Albatta, xalqaro shartnoma ustuvor. Ichki qonunlarga asoslanib xalqaro shartnomadan qochib qutula olmaysiz, lekin Eron buni hozir aytmayapti, menimcha, bu konstruktiv va shuning uchun boshqasiga batafsil to‘xtalib o‘tishga hojat yo‘q, deb o‘ylayman». 

Taxminan 400 kilogramm boyitilgan uran hujumlardan oldin ko‘chirilganmi yoki yo‘qmi, degan savolga Grossi bu material so‘nggi 12 kun davomida u yerda bo‘lgan-bo‘lmaganini aniq bilmasligini aytdi.

Mavzuga oid