Sinologlarimiz (xitoyshunos) yetishmasligidanmi, ilmiy hamda ommabop nashrlarimizda Xitoy haqida tahliliy maqolalar juda kam. Vaholanki, O‘zbekiston-Xitoy vektori mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun tobora katta ahamiyat kasb etmoqda va hamkorimiz Xitoy Xalq Respublikasi haqida yetarlicha ma'lumotga ega bo‘lishimiz kerak. Shu bois, ushbu mamlakat haqida Kun.uz uchun ikki qismdan iborat mazkur maqolani yozishni niyat qildim.  

O‘zbekiston-Xitoy aloqalari

Prezidentimiz 2017 yilning may oyida Xitoy Xalq Respublikasiga qilgan rasmiy tashrifi davomida 22 milliard AQSh dollariga teng shartnomalarni imzolab qaytgandi. Mazkur multi-milliard loyihalarning bir qismi amalga oshdi, qolganlari ham amalga oshishi kutilmoqda.

Xitoy haqida ko‘p eshitamiz. Aksar savdogarlarimiz uchun Xitoy «ikkinchi vatan»ga aylangan bo‘lsa ajabmas. Kundalik hayotimizda «Made in China» doimiy iste'molimizda. Ammo ushbu mamlakat haqida, Xitoy jamiyati haqida atroflicha bilimimiz yo‘q. Holbuki, Xitoyning «Bir makon, bir yo‘l» loyihasi iqtisodiy va ijtimoiy hayotimizni yaqin kelajakda o‘zgartirib yuborishi mumkinligini o‘ylab ham ko‘rganimiz yo‘q. 

«Bir makon, bir yo‘l» doirasida yurtimizga keltirilgan Xitoy texnologiyasi va investitsiyalari haqida xabarlar biz uchun oddiy holga aylandi. Ammo ushbu tashabbus kelgusida qanday ko‘rinish oladi – bu haqdagi maqolalarni o‘zbek tilidagi nashrlarda uchratmadim.

Xitoy – qanday mamlakat u?

— Xitoy bu – dunyoning ikkinchi eng yirik iqtisodiyoti. 2030-yillardan keyin esa katta ehtimol bilan dunyoning birinchi raqamli iqtisodiyotiga aylanadi;

— Xitoy bu – dunyodagi eng ko‘p aholi yashaydigan davlat;

— Xitoy bu – 30 yil ichida qashshoqlikdan 11 trillion dollarlik iqtisodga ega bo‘lgan, ZTE va Huawei kabi brendlarini jahon bozoriga olib chiqa olgan davlat;

— Xitoy bu – Amerika Qo‘shma Shtatlariga ham harbiy, ham iqtisodiy, ham siyosiy, ham ilmiy sohalarda raqobat qila olayotgan sayyoramizdagi yagona davlat;

— Xitoy – dunyodagi eng ko‘p dollar zaxiralariga ega mamlakat;

— Xitoy – son jihatdan dunyodagi eng katta armiyaga ega mamlakat;

— O‘zbekistonga shu paytgacha eng ko‘p xorijiy investitsiya kiritgan davlat ham aynan Xitoy.