O‘zbekiston | 19:42 / 12.08.2015
20739
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda dunyodagi eng tez o‘sadigan daraxt ko‘paytirilmoqda

Farg‘ona, Buxoro, Samarqand va Toshkent viloyatlarida tashkil etilgan tajriba maydonlarida bir yilda 7 metrgacha o‘sgan dunyoda eng tez o‘sadigan daraxt - pavlovniya ekilgan. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

2012 yilda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti va O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tomonidan Buyuk Britaniyaning Kembrij universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan Yuqori texnologiyalar o‘quv-tajriba markazi olimlari ishlab chiqqan innovatsion loyiha asosida pavlovniya daraxtining sun'iy urug‘lari «in vitro» usulida yetishtirilib, ko‘paytirilmoqda.

Pavlovniya yog‘ochi tez quriydi, juda yengil. Qiyoslash uchun – eman daraxti yog‘ochining bir kub metri o‘rtacha 850 kilogramm, qarag‘ayniki 482 kilogrammni tashkil etsa, pavlovniyada bu ko‘rsatkich ko‘pi bilan 282 kilogrammga yetishi mumkin. Mustahkamligi va uzoq yillar foydalanish mumkinligi tufayli pavlovniya yog‘ochidan shift, eshiklar, javon, stol va stullar tayyorlashda keng qo‘llaniladi.

Yog‘och tarkibida suv miqdori va yonish xavfining kamligi uni avtomobilsozlik, samolyotsozlik va kemasozlik singari yirik sanoat tarmoqlarida istiqbolli xom ashyoga aylantirmoqda. Xususan, xalqaro amaliyotda avtomashinalar salonida pavlovniya yog‘ochidan foydalanish afzal ko‘rilmoqda.

Pelletlar yonish jarayonida o‘zining tejamkorligi va yuqori issiqlik samaradorligi bilan ajralib turadi. Pavlovniya pelletlari esa yondirilganda havoga karbonat angidrid hamda oltingugurt miqdori birmuncha kam chiqadi. Havodagi namlikni o‘ziga tortib olmaydigan bunday qattiq yoqilg‘ining yuqori issiqlik o‘tkazuvchanligi vaqt o‘tishi bilan ham kamayib ketmaydi.

Daraxt nainki o‘tin yoki yog‘och sifatida, balki yerning holatini yaxshilashda ham muhim ahamiyatga ega. Chuqur ildiz otadigan pavlovniya yerdagi nitrat, og‘ir metall va boshqa elementlarni yutib, yerning tarkibi yaxshilanishiga xizmat qiladi. Bugungi kunda rivojlangan mamlakatlarda unumsiz yerlarda pavlovniya plantatsiyalari barpo etilayotgani buning yorqin dalilidir.

Pavlovniyaning yirik barglari jonivorlarni ozuqa bilan ta'minlashda qo‘l keladi. Uning tarkibidagi azot, temir, rux, marganets singari 8 aminokislota va mikroelement uy hayvonlarining o‘sishini ta'minlaydi.

Daraxtning barg va gullarini bronxit, yo‘tal kabi kasalliklarni davolashda qo‘llash mumkin. Mevasi qon bosimini pasaytirishga yordamlashadi. Gullarining xushbo‘yligi atir-upa ishlab chiqaruvchilarning diqqatini tortmoqda.

Pavlovniya yengil, shaffof va xushbo‘y asali bilan ham nom qozongan. Bir necha oylik gullash mavsumida bitta asalari oilasi 10-15 kilogramm nektar yig‘ishi mumkin. Bu asal xushta'mligi barobarida o‘pka va nafas olish tizimlari kasalliklarini davolashda, o‘t qopi, jigar va ovqat hazm qilish a'zolari ishlashini yaxshilashda katta ahamiyatga ega.