Jamiyat | 18:09 / 19.08.2015
3686
2 daqiqa o‘qiladi

Shvetsiyada “irqiy” plastirlar atrofidagi mojaro avj olmoqda

Shvetsiyadagi dorixona tarmoqlaridan biri mamlakatdagi irqiy qarama-qarshilikni yumshatishga harakat qilib ko‘rmoqchi. Och rangdagi plastirlar qora tanlilar uchun mos kelmasligi haqidagi shaxsiy murojaatlar sabab kompaniya turli rangdagi plastirlarni ishlab chiqarishga qaror qildi, deya xabar beradi RT.

Bu yerda hech qanday irqiy kamsitishlar yo‘q: AQShda anchadan buyon turli rangdagi plastirlar ishlab chiqariladi. Biroq shved kompaniyasi tashabbusi qo‘shni Daniya internet-jamoatchiligi orasida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Twitter foydalanuvchilari «Plastirgeyt» (AQShdagi mashhur Uotergeyt ishiga o‘xshatma) heshtegi orqali ko‘plab tvitlarni qoldirishgan. Ayrimlar askarlar va badaniga tatiurovka tushirganlar uchun ham maxsus plastir ishlab chiqarish kerakligini aytib kinoya qilgan bo‘lsa, boshqa birlari kompaniyani sepkillariga mos shunday mahsulot chiqarishga chaqirgan.

Muhokamalarga Daniya tashqi ishlar vaziri ham aralashib, Shvetsiyada yashamayotganidan xursand ekanini izhor qilgan; biroq keyinroq gaplari hazil ekanini aytgan.

Mojaroga munosabat bildirar ekan, “Menimcha, plastir rangi qora tanlilarni tahqirlaydi, degan gapning o‘zida irqiy kamsitish mavjud. Bu yerda qora tanlilar jabrdiyda sifatida tilga olinadi”, – deydi daniyalik teleboshlovchi Yonas Kristensen.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish