Jamiyat | 12:56 / 01.08.2019
8762
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi 81ta maktabga qo‘shimcha kvota asosida qabul boshlanmadi - XTV

Foto: O‘zA

Xalq ta'limi vazirligi Toshkent shahridagi 81 ta umumiy o‘rta ta'lim maktablariga qo‘shimcha kvota asosida qabul boshlanmaganligini ma'lum qildi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabarida aytiladi.

Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 7 iyundagi qarori bilan “Bolalarni davlat umumiy o‘rta ta'lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma'muriy reglamenti” tasdiqlangan. Ma'muriy reglamentga muvofiq, Toshkent shahridagi 81 ta umumiy o‘rta ta'lim maktablarining 1-sinfiga bolalar biriktirilgan mikrohudud bo‘yicha qabul qilinmoqda.

Jamoatchilik taklifi asosida Xalq ta'limi vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda ma'muriy reglamentga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi qaror loyihasini tayyorladi. Ushbu loyiha keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Qaror loyihasi qo‘shimcha kvota asosida qabul tartibini belgilab beradi, shu bilan birga pullik qabul tartibini bekor qilishni taklif etmoqda.

Mazkur hujjat Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinganidan so‘ng, Toshkent shahridagi 81 ta umumiy o‘rta ta'lim maktablariga qo‘shimcha kvota asosida qabul ochiladi.

Ayni paytda 81 ta maktabga qabul asosiy kvota asosida amalga oshirilmoqda. 81 ta ta'lim muassasasidan tashqari, ya'ni ro‘yxatga kiritilmagan respublikadagi boshqa maktablarda qabul davom etmoqda, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid