Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda shisha idish va qandillar ishlab chiqaradigan yangi korxona faoliyati yo‘lga qo‘yiladi
“Toshkent Oniks” mas'uliyati cheklangan jamiyati shisha idish va turli yoritish priborlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqda.
Kundalik hayotimizda turli oshxona jihozlari, xususan, idishlardan keng foydalanamiz. Chiroyli bezatilgan dasturxon, mohirona tayyorlangan shisha idish va buyumlar kayfiyatni ko‘taradi, ko‘zni quvontiradi. Bugun O‘zbekiston bozorida xilma-xil oshxona idishlari, maishiy buyumlarni ko‘rish mumkin. Aksariyati xorijdan keltiriladigan ushbu mahsulotlarni yaqinda mamlakatimizda ham ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. “O‘zeltexsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan bu borada amalga oshirilgan loyihaga ko‘ra, “Toshkent Oniks” mas'uliyati cheklangan jamiyati Markaziy Osiyoda shisha idishlar ishlab chiqaradigan yagona yirik korxona bo‘ladi", deyiladi UzA xabarida.
Qayd qilinishicha, O‘zbekistonda turli yoritish vositalariga ehtiyoj katta ekaniga qaramasdan, «Oniks» korxonasi yaqin-yaqinlargacha iqtisodiy nochor va zarar ko‘rib ishlayotgan korxonalardan biri edi. O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov mamlakatni 2013 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2014 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasi majlisidagi ma'ruzasida ko‘plab korxonalar, jumladan, “Oniks” ochiq aksiyadorlik jamiyatini moliyaviy inqiroz va bankrotlikdan chiqarish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” deb ataladigan dasturlarni ishlab chiqish va tasdiqlash zarurligini ta'kidladi.
Ekspertlarning fikricha, korxonalarni qayta tashkil etish ularni moliyaviy sog‘lomlashtirish va barqaror ishlab chiqarishni ta'minlashning samarali uslublaridan biridir. Bu esa, o‘z navbatida, ishlab chiqarishni tashkil etishni takomillashtirish, korxonalarni modernizatsiya qilish, mahsulotlar turini kengaytirish, tashqi va ichki investitsiyalarni jalb qilishni taqozo etadi. Bularning barchasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 4 apreldagi «Oniks» ochiq aksiyadorlik jamiyatining ishlab chiqarish maydonlarini moliyaviy sog‘lomlashtirish va maqbullashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida o‘z aksini topgan.
Mazkur qaror qabul qilingach, «Oniks» ochiq aksiyadorlik jamiyati bazasida yangi “Toshkent Oniks” mas'uliyati cheklangan jamiyati tashkil etilib, bu yerda shisha buyumlar ishlab chiqarishga qaratilgan yangi loyiha hayotga tatbiq etilmoqda.
“O‘zeltexsanoat” aksiyadorlik kompaniyasining investitsiya faoliyatini muvofiqlashtirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va mahalliylashtirish boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Abdurashid Mirjalilovning aytishicha, loyihaning umumiy qiymati 30 million dollardan ziyod.
Ishlab chiqarish ikki bosqichda tashkil etildi. Birinchi bosqichda yiliga 20 ming dona buyum ishlab chiqarishga mo‘ljallangan elektr yoritish priborlari yig‘ish sexi faoliyatini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutildi. Buning uchun tegishli uskunalar xarib qilinib, 30 ish o‘rni yaratildi. Bugungi kunda bu yerda 26 turdagi qandil va 5 turdagi bra ishlab chiqarilayotir va bu korxonaga iqtisodiy foyda keltirmoqda.
Ikkinchi bosqich shisha buyumlar ishlab chiqarishni tashkil etishdan iborat bo‘ldi. Bunday mahsulot tayyorlash texnologik uskunalari mamlakatimizda ishlab chiqarilmasligi inobatga olingan holda, soha mutaxassislari tomonidan shu xildagi uskunalar sotiladigan jahon bozori o‘rganib chiqildi va ularni yetkazib berish bo‘yicha tanlov e'lon qilindi. Tanlovda Italiyaning “ Stara Glass S.p.A” kompaniyasi g‘olib bo‘ldi.

Bugungi kunda korxonada montaj va ishga tushirish-sozlash ishlari nihoyasiga yetkazilmoqda. Yaqin vaqt ichida 16 turdagi shisha buyumlar va 29 turdagi, jumladan, tarelka, bokal, fujyer va boshqa ko‘plab idishlar ishlab chiqariladi. Mahsulotlarni mahalliylashtirish darajasi 50 foizdan oshadi.
“Toshkent Oniks” mas'uliyati cheklangan jamiyatida jahon standartlariga mos eng ilg‘or texnologik uskunalar o‘rnatilgan. Ishlab chiqarish jarayoni to‘liq avtomatlashtirilgan va energiya samaradorligi yuqori bo‘lib, bu sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish imkonini beradi.
Istiqbolda “O‘zeltexsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi ichki bozorni “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” yorlig‘i bosilgan yuqori sifatli mahsulotlar bilan to‘ldirish imkonini beradigan yana bir qancha investitsiya loyihalarini amalga oshirishni rejalashtirmoqda.