Jamiyat | 19:17 / 31.08.2015
6120
2 daqiqa o‘qiladi

«Barakasini bersin» badiiy filmi premerasi bo‘lib o‘tdi

Alisher Navoiy nomidagi kino saroyida «O‘zbekkino» milliy agentligi buyurtmasi asosida suratga olingan «Barakasini bersin» nomli badiiy film taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda UzA xabar berdi.

«Keksalarni e'zozlash yili» Davlat dasturi doirasida «O‘zbekkino» milliy agentligi tomonidan tabarruk yoshdagi insonlarga hurmat-ehtirom ko‘rsatish borasidagi ezgu an'ana va qadriyatlarimizni aks ettiruvchi bir qator filmlarni yaratish ustida qizg‘in ish olib borilmoqda.

Istiqlol ayyomi arafasida taqdim etilgan «Barakasini bersin» komediyasi ulardan biri. Film bosh qahramonlari Haydar buva va uning hamsoyasi Shomirzaning hayoti, qo‘shnilar o‘rtasidagi munosabatlar orqali keksa avlod vakillarining mardlik, insof-diyonat, halollik singari xalqimizga xos fazilatlarni o‘z shioriga aylantirgani qiziqarli lavhalar, hayotiy voqealar hamda zavqli epizodlar yordamida ochib berilgan.

O‘zbekistonning go‘zal va maftunkor tabiati, milliy urf-odat va an'analarimizni namoyish etuvchi ushbu kartinada Erkin Komilov, Rajab Adashev, Farhod Abdullayev, Ilmira Rahimjonova, Tolib Mo‘minov, Jamila G‘ofurova singari aktyorlar asosiy rollarni ijro etgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish