Jahon | 15:21 / 05.01.2024
22703
2 daqiqa o‘qiladi

KXDR Janubiy Koreya bilan chegara yaqinida 200 ga yaqin snaryad uchirdi

Seul Sariq dengizdagi oroli aholisini evakuatsiya qilishga buyruq bergan.

Foto: Yonhap

Janubiy Koreya Birlashgan shtab boshliqlari qo‘mitasi ma’lum qilishicha, 5 yanvar tongida KXDR harbiylari Janubiy Koreyaning Pennyondo va Yonphyondo orollari yaqinida 200 ga yaqin artilleriya snaryadlari otgan. Bu haqda CNN xabar bermoqda.

«Yonhap» agentligi aniqlik kiritishicha, snaryadlar Sariq dengizdagi shimoliy demarkatsiya chizig‘i yaqinidagi bufer zonaga — amalda ikki mamlakatning dengiz chegarasiga qulagan. 

Otishma oqibatida, Seul ma’lumotiga ko‘ra, jabrlanganlar yo‘q. Janubiy koreyalik harbiylar KXDR harakatlarini «provokatsiya» deb baholagan va Pxenyanni buni zudlik bilan bas qilishga chaqirgan. 

Shimoliy Koreyaning harakatlariga javoban janubiy koreyalik harbiylar Sariq dengizdagi orollarida o‘t ochish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

«Yonhap»ning yozishicha, rasmiy Seul «Shimoliy Koreya tomonidan harbiy provokatsiyaning yaqqol alomatlari fonida» Yonphyondo orolidagi tinch aholini boshpanalarga evakuatsiya qilishga buyruq bergan.

KXDR rasmiylari Janubiy Koreya bayonotlari yuzasidan hozircha izoh bermadi.

  • 2018 yil sentabrida KXDR va Janubiy Koreya ikki davlat chegarasidagi demilitarizatsiya hududida keng ko‘lamli artilleriya va dala o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazmaslik, shuningdek, bu hududda harbiy samolyotlar parvozlariga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha kelishib olgandi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi kelishuv Sariq dengizda harbiy-dengiz mashg‘ulotlari o‘tkazilmaydigan bufer zona yaratishni nazarda tutgan.
  • 2023 yil noyabrida Shimoliy Koreya Seulni «provokatsion manyovrlar»da ayblab, bu kelishuvni bekor qilgandi.

Mavzuga oid