Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Chaqaloqlarni tug‘ruqxonadan karnay-surnay bilan olib chiqish odati tanqid ostiga olindi
O‘zbekiston matbuotida to‘ylar, oilaviy tadbirlarda yo‘l qo‘yiladigan ortiqcha sarf-xarajat va dabdabalarni tanqid ostiga olish davom etmoqda. Bu safar yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni tug‘ruqxonadan karnay-surnay bilan olib chiqish odati bo‘yicha soha mutaxasislari fikr bildirib chiqishdi.
“Orziqib kutilayotgan farzandning dunyoga kelishi har bir oilaga bir olam quvonch bag‘ishlaydi, - dedi Respublika “Oila” ilmiy-amaliy markazi Oila ma'naviyati asoslari bo‘limi mudiri, filologiya fanlari doktori Munavvara Yoqubbekova. – Ammo farzand dunyoga kelganda kibrga berilgan ayrim kishilar tug‘ruqxonalar ostonasida karnay-surnaylar chaldirib, tibbiyot muassasalarini to‘yxonaga aylantirib yuborishadi. Go‘dakka jo‘natiladigan anvoyi anjomlar-u sarpolar deysizmi, barchasi keragidan ziyoda... Ota-onaning davlatmand bo‘lgani, farzandini zoriqtirmay o‘stirgani yaxshi. Lekin go‘dakligidayoq uni boqimandalik, isrofgarchilik ruhida tarbiyalash to‘g‘rimikin?”.
“Nuroniy” jamg‘armasi Toshkent shahar bo‘limi raisi o‘rinbosari O‘tkir Ermatovning fikricha, bunday tadbirlarda ortiqcha sarf-xarajat qilishga ehtiyoj yo‘q.
“Ilgari chaqaloq tug‘ilsa, ramziy ma'noda beshik sovg‘a qilingan, - uning so‘zlarini keltiradi “Jamiyat” nashri. – Zamonlar o‘tib beshik yoniga ko‘plab narsalar qo‘shildi, qo‘shilyapti. Lekin hech kim ortiqcha sarf-xarajatning nima keragi bor, deya o‘ylab ko‘rayotgani yo‘q. Shunga dabdaba qiliga qurbi yetgan ham, qurbi yetmagan ham qizim uchun, nabiram uchun, deb harakat qilyapti”.