O‘zbekiston | 10:54 / 09.10.2015
3724
2 daqiqa o‘qiladi

8 oktabr kuni Toshkentda “Beauty Uzbekistan – 2015” xalqaro ko‘rgazmasi ish boshladi

Poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz”da 8 oktabr kuni “Beauty Uzbekistan – 2015” xalqaro ko‘rgazmasi ochildi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar berdi.

Mazkur xalqaro ko‘rgazma O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va boshqa tashkilotlar ko‘magida ITE Uzbekistan xalqaro ko‘rgazma kompaniyasi hamkorligida tashkil etildi.
An'anaviy o‘tkazib kelinayotgan “Beauty Uzbekistan” xalqaro ko‘rgazmasida O‘zbekiston, Janubiy Koreya, Hindiston, Indoneziya, Fransiya, Italiya, Gretsiya, Vengriya, Rossiya, Isroil va boshqa davlatlardan qirqdan ortiq kompaniyalar o‘z mahsulotlari va xizmatlari bilan ishtirok etmoqda.

Xalqaro ko‘rgazmada faol ishtirok etayotgan mamlakatimiz korxonalari yuz terisi parvarishi bo‘yicha vositalar, pardoz va parfyumeriya mahsulotlari, soch bo‘yoqlari, shampun va balzamlar, sovunlar, kremlar, aksessuar va taqinchoqlar, gigiyenik vositalar, sohada qo‘llaniladigan asbob-uskunalar, maxsus kiyimlar hamda o‘z xizmatlarini taklif etmoqda. Ko‘rgazmada qatnashayotgan istiqbolli korxonalar safida mamlakatimizning “AB Form Sistem”, “Bitobi Pro”, “Breeze”, “Ece Cosmetic”, “Fabienne Inter Group”, “Jasmin Fito Pharma”, “Le Asante Cosmetics”, “Luxury Aroma”, “Mountain Herbs”, “Zamona Rano” kabi firma va kompaniyalari bor.

Ular tomonidan namoyish etilayotgan mahsulotlar barchaning e'tiborini tortmoqda.
Ko‘rgazmada ishtirok etayotgan Gretsiya, Italiya, Fransiya kompaniyalari soch hamda yuz parvarishi uchun vositalar, bo‘yoqlar, kremlar, Janubiy Koreya, Polsha, Isroil ishlab chiqaruvchilari turli kosmetika mahsulotlarini taqdim etmoqda.