Jamiyat | 15:42 / 09.10.2015
3617
2 daqiqa o‘qiladi

Braziliyada 9 politsiyachi davomli qotilliklarda gumon qilinib, hibsga olindi

Braziliyada seriyali qotillikda gumon qilinayotgan 9 nafar politsiyachi qamoqqa olindi. Ushbu politsiyachilar San-Paulu shahrida o‘tkazilgan keng ko‘lamli amaliyot chog‘ida qo‘lga olingan.

Ular 13 avgust kuni shaharda amalga oshirilgan seriyali qotilliklarda (bu qotilliklar davomida 19 kishi qurbon bo‘lgan) ayblanadi.

Ma'lum qilinishicha, o‘sha kuni shahardagi barlardan biri oldiga mashina kelib to‘xtagan va undan kapyushonli kiyimdagi kishilar tushib, odamlarga qarata o‘t ochgan. Xuddi shu holat shaharning boshqa chekkalarida ham takrorlangan.

Guvohlarning aytishicha, kapyushonli kiyimdagi bu qurolli kishilar o‘z qurbonlarini otishdan oldin ularni so‘roqqa tutib, kimligi va o‘tmishdagi jinoyatlari haqida surishtirishgan.

Bu voqealardan so‘ng, San-Paulu gubernatori tezkor tekshiruvlar o‘tkazish va aybdorlarni topishga va'da bergandi. Shu kungacha bu jinoyatlarga aloqador sifatida faqat bir kishi hibs qilingandi.

Inson huquqlari himoyachilarining ayishlaricha, Braziliyada politsiyachilar qo‘lidan halok bo‘luvchilar nisbatan ko‘pchilikni tashkil qiladi.

Amnesty International tashkiloti ma'lumotiga ko‘ra, faqatgina Rio-de-Janeyro shahrining o‘zida keyingi 5 yil ichida politsiyachilar 1,5 mingdan ortiq kishini otib tashlashgan. Ma'lumotlarda aytilishicha, braziliyalik politsiyachilar ta'qib qilinayotgan jinoyatchilarni taslim bo‘lishiga qaramasdan yoki jarohat olganidan keyin ham otib tashlayverishadi.