O‘zLiDePning referendum tashviqotiga bag‘ishlangan navbatdagi event-tadbiri Chirchiq shahrida o‘tkazildi
Toshkent viloyati Chirchiq shahrida Konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan “Bu mening tanlovim – bu mening Konstitutsiyam!” shiori ostidagi yirik targ‘ibot tadbiri ko‘tarinki ruhda o‘tdi.
Ochiq osmon ostida o‘tgan tadbirda O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Hayitov, Senat a’zosi Mahmud Toir, parlament quyi palatasi deputatlari Dilbar Usmanova, Atxam Nazirqulov, Nodirbek Abduvaliyev va mahalliy kengash deputatlari, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoir Bobur Bobomurod, “Maxam chirchiq” AJ boshqaruv raisi Hotam Sayidahmedov, Chirchiq davlat Pedagogika universiteti rektori G‘afurjon Muhammedov, keng jamoatchilik vakillari, ilm-fan va madaniyat arboblari, nuroniylar va yoshlar ishtirok etishdi.
Tadbirni O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Hayitov ochib berar ekan, yangilanayotgan Konstitutsiyaning asl mazmun-mohiyati O‘zbekistonni yanada barqaror rivojlantirishga qaratilgani haqida so‘zladi. Konstitutsiyaviy islohotni fuqarolarimiz fikri va qo‘llab-quvvatlashi asosida, referendum orqali amalga oshirilishi xalqimiz xohish-irodasining ifodasi – haqiqiy xalq Konstitutsiyasi bo‘lishiga puxta zamin yaratishini qayd etdi. Yangilanayotgan qomus bevosita xalq tomonidan qabul qilinadigan birinchi huquqiy hujjat ekanini, referendumdagi har bir ovoz katta ahamiyatga ega bo‘lishini alohida uqtirdi.
Bugun xalqimiz tomonidan jamiyatimizda yuz berayotgan o‘zgarishlarga mutanosib holda yaratilayotgan Bosh Qomusimiz ertangi yanada osuda, obod va farovon hayotimizning ishonchli kafolati bo‘lishini ta’kidladi.
Senator, O‘zbekiston xalq shoiri Maxmud Toir esa yangi tahrirdagi Qomus xalqchil Konstitutsiya sifatida dunyo yuzini ko‘rayotgani xususidagi o‘z mulohazalarini bildirdi. Bugun dunyo mamlakatlarida kechayotgan tahlikali hayot bolalarni otasidan, ayollarni sevimli yoridan, onalarni farzandlaridan ayirayotgan bir zamonda yurtimizda hukm surayotgan tinchlik ne’mati va Asosiy qonun xalqimizni yanada jipslashtirib turganiga e’tibor qaratdi. Yangi O‘zbekistonning baxti birlik va jipslikda ekanini madh etuvchi ijod namunalaridan o‘qib berdi.
Tadbirda so‘z olgan xalq deputatlari mahalliy kengashlari deputatlari partiyaning dasturiy maqsad va vazifalaridan kelib chiqib berilgan takliflar qonun loyihasida aks etgani to‘g‘risida ham to‘xtalishdi. Ushbu o‘zgarishlarning aksariyati tadbirkorlarimiz, fermerlarimiz uzoq kutgan, mulkdorlar qatlami uchun nihoyatda muhim ahamiyatga ega bo‘lganini alohida e’tirof etishdi.
Chirchiq davlat Pedagogika universiteti rektori G‘afurjon Muhammedov esa O‘zbekistonning ta’lim va intellektual rivojlanish darajasi bo‘yicha dunyoda eng yuqori reytingga ega 30 ta davlat qatoridan joy olishini ta’minlash yuzasidan keng qamrovli harakatlar olib borilayotgani xususida to‘xtaldi. Yaqin yillarda ushbu ulug‘vor maqsadga erishish O‘zLiDeP dasturida ham o‘z ifodasini topgani, shunga mos ravishda yangilanayotgan Konstitutsiyamizda ta’lim va ilm-fanga oid normalar qariyb 2 barobarga oshayotganini alohida e’tirof etdi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada “Har kim davlat ta’lim tashkilotlarida tanlov asosida bepul oliy ma’lumot olishga haqli” degan normaning mustahkamlanishi ushbu vazifani konstitutsiyaviy darajadagi kafolatini ta’minlashga xizmat qilishi muqarrar ekanini ta’kidladi. Mazkur qoida mazmunida davlat tomonidan iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida doimiy ravishda tanlov asosida davlat ta’lim tashkilotlarida bepul oliy ma’lumot olish huquqi kafolatlanayotgani tahsinga sazovor ekanini aytarkan, mamlakatning yorug‘ istiqboliga befarq bo‘lmasdan, umumxalq referendumida faol ishtirok etishga chorladi.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoir Bobur Bobomurod yangi tahrirdagi Konstitutsiya faqat bayram kuni eslanadigan hujjat emas, kitobcha emas, ko‘ksida olib yuradigan yo‘lchiroq, dasturilamal bo‘ladigan Qomus ekanini uqtirdi. Yoshlarni Ona yurt taqdiri, o‘z kelajagiga befarq bo‘lmasdan, Yangi O‘zbekistonni barpo etishdek ulug‘vor maslak yo‘lida jipslashib, referendumda munosib ishtirok etishga da’vat etdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari o‘z so‘zida tariximizda ilk bora O‘zbekiston – ijtimoiy davlat, deb belgilanayotgani, ya’ni, insonga e’tibor hamda g‘amxo‘rlik – davlat va jamiyatning eng asosiy burchi deya mustahkamlanayotganiga urg‘u berdilar. Davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bog‘liq Konstitutsiyadagi normalar uch barobar ko‘paytirilayotganini qayd etishdi.
Tadbirga yig‘ilganlarning barchasi umumxalq ovozi yakuniy qarorni belgilab beradigan g‘oyat muhim siyosiy tadbirda faol ishtirok etishga chaqirdi.
Shuningdek, bir qator professor-o‘qituvchi va talabalar, sportchilar Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga oid o‘z mulohazalari bilan o‘rtoqlashishdi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning har bir moddasi inson qadri uchun xizmat qilishini bot-bot ta’kidlashdi.
O‘zLiDeP Matbuot xizmati
Mavzuga oid
11:05 / 28.07.2024
O‘zLiDeP Siyosiy Kengashining XVII majlisi bo‘lib o‘tdi
18:54 / 21.07.2023
«Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi» yagona milliy portali ish boshladi
18:19 / 21.06.2023
Erdo‘g‘an ayollarning bosh kiyim kiyish huquqini Konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yishni taklif qildi
15:32 / 02.06.2023