Jamiyat | 11:45 / 25.10.2015
9081
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyalik xonanda Vera Brejneva va prodyuser Konstantin Meladze Italiyada yashirincha tarzda to‘y qilishdi

“VIA Gra” guruhining sobiq a'zosi, hozirda o‘zi mustaqil ijod qilayotgan, kelib chiqishi ukrainalik bo‘lgan Vera Brejneva va rossiyalik prodyuser, bastakor Konstantin Meladze (taniqli xonanda Valeriy Meladzening akasi) Italiyada yashirincha turmush qurishdi. Italiyaning Il Tirreno nashrining ma'lum qilishicha, nikoh marosimi Italiyaning mashhur kurortlaridan hisoblangan Forte-dey-Marmi shahrida bo‘lib o‘tdi.

Italiya OAVlari oq gullar guldastasi bilan yuzini berkitayotgan Brejnevaga o‘xshash qiz fotosuratini chop etishgan edi. So‘ngra esa to‘y bo‘lib o‘tganini Brejnevaning matbuot-kotibi Anastasiya Drapenko ham tasdiqladi.

“Ha, bu haqiqat – Vera va Konstantin Italiyada rasman turmush qurishdi. Ular juda baxtli, biroq hozircha bo‘lib o‘tgan nikoh tafsilotlari bilan bo‘lishishga tayyor emaslar. Biroz kutish kerak bo‘ladi”, deb aytdi Drapenko OAVlarga bergan intervyusida.

Ma'lum qilinishicha, ikki oshiqni Forte-dey-Marmi meri Umberto Buratti nikohdan o‘tkazgan. Mer to‘y 22 oktabrda bo‘lib o‘tganini ma'lum qildi. “To‘yda ko‘p xorijiy mehmonlar bo‘ldi, men ularning kimligini tanimayman. Asosan rusiyzabonlar ko‘p bo‘ldi. Men bu ajoyib juftlik bilan to‘ydan bir kun avvalgina tanishdim va ularning
rossiyalik mashhur kishilar ekanini bilmasdim ham”, deb aytmoqda shahar meri.

Xonanda va prodyuser o‘rtasida muhabbat borligi haqidagi gap-so‘zlar bir necha yil avval paydo bo‘lgan. O‘tgan yili prodyuser 19 yil birga turmush qurgan rafiqasi Yana bilan ajrashgan edi, ularning uch nafar farzandi bor.

Konstantin Meladze 2000 yilda “VIA Gra” guruhiga asos solgandan keyin katta mashhurlikka erishdi. Brejneva 2003-2007 yillar davomida guruhda ijod qilgan.