Jamiyat | 20:48 / 03.11.2015
4518
2 daqiqa o‘qiladi

Joan Rouling bolalar uchun yangi kitob yozadi

Garri Potter sarguzashtlari haqidagi ertak-asarlar muallifi Joan Rouling bolalar adabiyoti bilan shug‘ullanishga qaytmoqchi. Bu haqda Buyuk Britaniyadagi Telegraph nashri xabar tarqatgan.

Qayd etilishicha, Rouling xonim sehrgar bola - Garri Potter haqidagi bolalar uchun so‘nggi asarini 2007 yilda yozgan va shundan keyin katta adabiyot bilan shug‘ullanishni boshlagandi.

U keyingi asarlarini Robert Gelbreyt taxallusi bilan nashr qildirgan.

"Men bolalar uchun yozayotgan navbatdagi asarimning nashrdan chiqish muddati haqida aniq ayta olmayman, lekin men yangi asar yozishga kirishdim. Bolalar uchun yozish ko‘proq zavq beradi. Men bu asarni yozib tugataman", deydi yozuvchi.

"Ba'zida men asarlarimni tugatishga ulgurmasdan vafot etishdan qo‘rqaman. Hozirda o‘rta yosh inqirozi holatidaman va hozir ham shu ehtimol haqida o‘ylab xavotirlanib yashayapman", deydi u.

Ma'lumot uchun, ingliz yozuvchisi Joan Rouling 1997-2007 yillar mobaynida Garri Poter haqidagi 7ta asarini e'lon qilgan, bu asarlar dunyoning 65 tilida chop etilgan. Uning bu ertak-asarlarining umumiy tiraji 400 milliondan ortiq. 2011 yilda uning asarlari asosida suratga olingan Garri Potter haqidagi filmlarning yettinchisi namoyish qilingandi. "Garri Potter" brendi ayni vaqtda 7 milliard funt sterlingga baholangan.