Jahon | 11:18 / 04.11.2015
2653
3 daqiqa o‘qiladi

Pekin Xitoy va Tayvan vakillarining yaqinda bo‘lib o‘tadigan uchrashuviga munosabat bildirdi

XXR raisi Si Tszinpin va Tayvan ma'muriyati rahbari Ma Intszyu o‘rtasidagi uchrashuv 7 noyabr kuni Singapurda bo‘lib o‘tadi. XXR Davlat kengashining Tayvan ishlari bo‘yicha devonxonasi boshlig‘i Chjan Chjitszyun bu tarixiy voqeaga o‘z munosabatini bildirdi.
Uning ta'kidlashicha, bu “pragmatik uchrashuv” bo‘lib, “yagona Xitoy” prinsipi asosida o‘tkaziladi.

“Uchrashuv Xitoyning kontinental qismi va Tayvan yetakchilari o‘rtasidagi birinchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarning boshlanishi bo‘ladi, - ta'kidladi siyosatchi. – U ikki tomon aloqalarini mutlaqo yangi bosqichga ko‘taradi”.
Tayvan ko‘rfazining ikki qirg‘og‘ida joylashgan davlatlarning rahbarlari o‘rtasida tarixda birinchi marta bo‘layotgan kutilmagan uchrashuv haqida birinchi bo‘lib Tayvan ma'muriyati xabar qildi. Bu axborot chorshanba kuni Chjan Chjitszyun tomonidan ham tasdiqlandi.

1911 yili Sinxay inqilobidan so‘ng Tsin imperiyasi o‘rnida Xitoy Respublikasi e'lon qilingan edi. Uning birinchi muvaqqat prezidenti mashhur xitoylik siyosatchi, Gomindan partiyasi yetakchisi Sun Yatsen bo‘lgan edi. Ushbu hukumat kontinental Xitoyning kattagina qismini hamda Mo‘g‘ulistonni nazorat ostida ushlab turgan. Ikkinchi Jahon urushi yakunlariga ko‘ra u Yaponiyaga tegishli bo‘lgan Tayvan va Penxu orollarini ham qamrab olgan.

Ammo 1946-1950 yillardagi fuqarolik urushida Gomindan rahbariyati mag‘lubiyatga uchrab, Tayvanga ko‘chib o‘tdi va Taybeyni vaqtinchalik poytaxtga aylantirdi. Bugungi kunda Tayvandagi Xitoy Respublikasi ham, kontinental qismni boshqarayotgan Xitoy Xalq Respublikasi ham o‘zlarini Sun Yatsen ideologiyasining yagona davomchisi hamda Sinxay inqilobi qadriyatlarining yagona saqlovchisi deb hisoblaydi. Ularning bu murosasizligi tufayli shu paytga qadar biror kelishuvga erishilmadi.