Sport | 13:43 / 12.11.2015
16375
8 daqiqa o‘qiladi

Sport jurnalisti Babayan va “Xarobadan chiqqan millioner” qahramoni holatini taqqosladi

O‘zbekistonlik sport jurnalisti Xayrulla Hamidov "Chempion+" gazetasining 12-sonida chop etilgan maqolasida O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayanning KXDRga qarshi o‘yin arafasidagi vaziyatini tahlil qildi va uni hindlarning "Xarobadan chiqqan millioner" filmi bosh qahramoniga qiyosladi.

Quyida ushbu maqola o‘zgartirishlarsiz havola qilinadi.

"Tunov kuni “Yoshlar” telekanalida “Xarobadan chiqqan millioner” filmini qo‘yayotgan ekan. Menga ushbu filmning ssenariysi juda yoqadi. Aktyorlar mahorati ham bir navi, ssenariyni yozgan odamga hurmatim o‘zgacha. Butun filmning yukini shu birgina ssenariy ko‘targan, deb o‘ylayman.

O‘sha, tasodifan o‘yinga tushib qolgan bolaga qarab turib, uni birdan Samvel Babayanga o‘xshatib yuborsam, deng... Ha, xuddi o‘zi! Xarobadan chiqqanligi emas, hech kim kutmagan joydan TeRMA JAMOA murabbiyligiga kelib qolganligi o‘xshash tuyuldi. To‘g‘ri, bunga qadar bosib o‘tilgan yo‘l bor. Uzoq yo‘q, bu mavqega haqli yo‘l, deyishingiz mumkin, menimcha undoq emas. Samvel bu yo‘lda yelkadoshlariyu ustozlari, hamfikrlari bilan keldi. Va ko‘p hollarda mas'uliyat boshqalarning zimmasida bo‘ldi. Hozir esa uning bir o‘zi qolgan. Teleko‘rsatuv boshlovchisi qarshida bitta o‘zi turibdi.

Bu “ko‘rsatuv” esa ayovsiz. Uning shartlari oddiy: faqat yutish kerak. Hozir unga taklif etilgan murabbiy ham hind bolasi singari bitta savolni topa olmasa, o‘yin bilan xayrlashadi. Sharmandalarcha xayrlashadi. Oldin to‘plagan ochkolariyu pullari havoga uchib ketadi. Ishonavering, Xudo ko‘rsatmasinu, yomon natija bo‘lib qolsa, hech kim uni Bahraynni mehmonda yengib kelgan ediyu, deb eslamaydi. Faqat shu o‘yin tufayli malomatlar toshi ostida qolib ketadi.

Filmdagi bola bilan Babayanning bittagina farqi bor. U ham bo‘lsa, filmdagi bolaning foydasiga – xarobadan chiqqan o‘spirin yengilib qolgani bilan u qadar katta narsa yo‘qotmasdi. O‘sha yerda to‘plagan mablag‘idan quruq qolardi, xolos. Ammo Babayan juda katta narsa yutqazishi turgan gap. Biz terma jamoamiz bo‘lgani uchun ham va aynan shu hodisalarga yo‘l berib qo‘yish ehtimoli borligi uchun ham faqat va faqat g‘alaba bo‘lsin, deyapmiz hozir.

Yana bir gap. U ham filmning bosh g‘oyasiga taalluqli. Odam bolasi taqdir ishlaridan voqif bo‘lolmaydi. Ko‘pincha yaxshilik deb o‘ylaganlarimiz yomonlikka aylanadi va aksincha. Mening nazarimda, “Paxtakor” hamda “Metallurg” jamoalari o‘rtasidagi o‘yinda ro‘y bergan xodisa aynan shu paytga to‘g‘ri kelib qolgani bilan ham g‘irt yaxshilikdir.

Birinchidan, kelishilgan o‘yinlar haqidagi afsonalarga chek qo‘yildi - hammasi rostdan bo‘layotganligi ma'lum bo‘ldi - ikkinchidan, bu voqea Samvel Babayanga ham o‘ta jiddiy mas'uliyat yukladi. Mirabror Usmonovning minbarda turib gapirgan gaplari ta'siridan, terma jamoaga yaxshi natija ko‘rsatishdan o‘zga yo‘l qolmadi. Ya'nikim, Babayanga terma jamoa bu safar chindan ham xaloskor vazifasini o‘tab berdi. Va bu ajiotajning davom etishiga qarang! Agar bu narsalar kimdirning ssenariysi bo‘lsa, e, besh ketdim ammo!!!

“Shimoliy Koreya, marhabo! Iya, siz o‘sha koreyslarmi, Qosimov jamoasini birinchi bo‘limdayoq to‘rtta gol bilan siylagan? Qani, to‘rga o‘tingchi...”

Murabbiylarni solishtirish odati bizda ham bor, rozi bo‘lasiz. Usiz bo‘lmaydi-da. Oldingi murabbiy bilan keyingisi baribir solishtirilaveradiyu, lekin, tan olishimiz kerakki, aynan shu bahsga qadar Qosimov va Babayan o‘rtasidagi farq haqida asosli faktlar yetarli emasdi. Ana endi bor! Qosimov yenga olmagan va uni iste'foga chiqishga majbur qilgan raqib Babayanga qarshi saflanadi. Shu o‘yin orqali salohiyatlar o‘rtasidagi farq yuzaga chiqadi, albatta.

Menimcha, bu bahs o‘ta og‘ir o‘yin bo‘ladi. Oldingisidan ham. Shimolliklar kuchliligidan emas, terma jamoamiz uyida o‘ynayotganligidan bu xavotir. Babayan aytdiku, biz mehmonda yaxshi o‘ynaymiz, deb... Biroq, men Samvel Babayanning bir ishidan baribir xotirjam bo‘la olaman. Raqibni jiddiy o‘rganishiga shubhalanmayman. U bunday ishlarni eplaydi. Yaxshi eplaydi, deb hisoblayman. Xorijlik murabbiyni shuning uchun ham olib yuribdi. Bizga ham, Jorjyevichning asosiy yumushi raqiblarni o‘rganish ekanligini aytib o‘tgan, esingizda bo‘lsa... Baribiram o‘yin og‘ir bo‘ladi. Ishonavering!

Eng katta sababi, biz maydonga g‘alaba uchun tushamiz. Boshqa choramiz yo‘q. Yengish uchun tushgan jamoa raqibiga qaraganda ko‘proq hujumga o‘tadi. Majbur. O‘sha gapni yana takrorlashga izn bering: Biz birinchi bo‘lib gol urmasak, tamom bo‘lamiz. Ruhiy tomondan ojizligimiz borligini koreyslar yaxshi bilishadi. Ular esa qarshi hujumdan foydalanishga urinadilar. Qarshi hujumdan gol bo‘lguniga qadar hujumdan gol urib olishimiz lozimu lobuddir. Uzoqdan beriladigan zarbalarni ko‘paytirish borasida ish olib borilayotgan bo‘lsa ham, ajab emas. O‘yinning dastlabki yigirma daqiqaligi barcha masalani hal qilib beradi, degan taxminim bor.

Endi bu sahifada, ochig‘i, milliy chempionatimizning oxirgi turlarida sodir bo‘lgan voqealarni, shubhali ishlarni gapirgim yo‘q. Kayfiyat buziladi. Garchi bu holatlar terma jamoamiz o‘yiniga ham o‘z ta'sirini o‘tkazishini bilsak-da, iloyim, chetlab o‘tsin, deymiz, nachora! Undan ko‘ra “Xarobadan chiqqan millioner”ga qaytaylik.

Bizdagi millioner bo‘lmoqchi odamning yana bir farqini ko‘rib qoldim. Hind bolasiga qattiq shubhalanishadi va u barcha savollarga to‘g‘ri javob berib bo‘lgach tergovxonaga taklif etiladi, to‘g‘rimi? Bittagina javobni bilmay qolganida u yerga bormasdi. Terma jamoamiz bosh murabbiyida teskari holatmi, deyman-da...

Xullas, yigitlarga omad! Yurt sha'ni turibdi. Taqdir ipi bir-biriga bog‘liq ketadi. Terma jamoamiz Babayanni qutqarib qolishi kerak. Babayan esa futbolimizni. Shundan keyin ba'zi ishlarga ko‘z yumib yuborishsa ham, ajablanmaymiz. Hatto rozi bo‘lib ketsak ham kerak. Buni vaqt ko‘rsatadi. Hozir esa tong. Bir odamni uyg‘otmoqchiman:
“Tong otdi, turing, janob. Sizni buyuk ishlar kutmoqda!”
Tushungan tushundi...