O‘zbekiston | 11:05 / 23.03.2022
2540
2 daqiqa o‘qiladi

Jo‘qarg‘i Kengesda Qoraqalpog‘istonda 9 bosh yovvoyi to‘ng‘izni otib o‘ldirgan ovchilar haqida ma’lumot berildi

Abdurahman Saparov

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya qo‘mitasi raisi Abdurahman Saparov deputat so‘roviga asosan hozircha noma’lum qolayotgan ovchilar haqida dastlabki ma’lumotlarni berdi.

Ma’lum qilinishicha, voqea bundan 4 yil oldin yuz bergan. Qo‘mita raisi ijtimoiy tarmoqda tarqalgan suratlarda ovchilarning mashinasi raqami aniq ko‘rinib qolganiga e’tibor qaratdi.

Abdurahman Saparovga ko‘ra, suratda aks etgan davlat raqami bo‘yicha Qoraqalpog‘iston IIV YHXB va ovchilar, baliqchilar assotsiatsiyasiga rasmiy xat yo‘llangan. Ulardan tegishli ma’lumotlar to‘planib barcha hujjatlar Orol tabiatni muhofaza qilish prokuraturasiga topshirilgan.

Abdurahman Saparov ovchilarning shaxsini oshkor qila olmasligini ta’kidlab, holatni Orol tabiatni muhofaza qilish prokuraturasi o‘rganayotganini qo‘shimcha qildi.

Foto: ekologuz

Eslatib o‘tamiz, davlat raqami 95 J 020 DA bo‘lgan mashina egalari (ovchilar) Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida 9 bosh yovvoyi to‘ng‘izlarni ovlagani aks etgan surat tarqaldi.

Suratda ovchilarning yuzi ham aniq ko‘rsatilgan. Rasmga olgan shaxsni qo‘shib hisoblaganda 3 nafar ovchi 9 bosh yovvoyi to‘ng‘izni ovlagan bo‘lishi mumkin.

Oradan ikki haftadan ziyod vaqt o‘tgan bo‘lsa ham ovchilarning shaxsi, voqea qayerda sodir bo‘lgani haqida hozircha qo‘shimcha rasmiy ma’lumotlar berilmayapti. Shuni ta’kidlash joiz, ijtimoiy tarmoqda tarqalgan suratda ovchilarning yuzi va ular foydalangan mashina raqami aniq ko‘ringan. Kun.uz’ga ma’lum bo‘lishicha, ovchilarning biri IIB xodimi.

Kun.uz jarayonni kuzatib boradi va rasmiylardan holat haqida batafsil ma’lumot kutadi.

Mavzuga oid