Jahon | 14:06 / 25.05.2024
8746
3 daqiqa o‘qiladi

1 mln yillik g‘or, antik shahar va betakror kanon - Asialuxe Travel bilan afsonaviy Alaniyadan fotoreportaj

Turkiyaning Oq dengiz sohilida joylashgan Alaniya o‘lkasi o‘zining betakror tabiati, bir necha ming yillik tarixga ega qal’alari hamda barcha imkoniyatlarga ega mehmonxonalari bilan turistlarni o‘ziga jalb qilib keladi. Ayniqsa, hududdagi Dim g‘ori, Siyedra antik shahri xarobalari va betakror go‘zallikka ega Sapadere kanoni har bir sayyohni hayratda qoldirishi aniq. Asialuxe Travel turoperatori ko‘magida sayohatda bo‘lib turgan Kun.uz muxbiri ayni manzillardan fotoreportaj tayyorladi.

Bir tomoni azim tog‘lar, ikkinchi tomoni Oq dengiz sohillariga tutash Alaniya o‘lkasi Turkiyaning turizm eng rivojlangan hududlaridan biri hisoblanadi.

Ayniqsa, keyingi yillarda dunyoning turli mamlakatlaridan bu yerga keluvchi turistlar soni keskin oshgan. Sababi, Alaniya turistlar uchun katta qulayliklarga ega hudud hisoblanadi. Qolaversa, tabiati betakror.

Alaniyaning eng go‘zal joylaridan biri Sapadere kanoni. Uning uzunligi 750 metrni, balandligi 400 metrni tashkil qiladi. Kanonning kirish qismidan 600 metr masofaga qadar maxsus yo‘lak qurilgan. Yo‘lakning pastki qismidan esa soy oqib, sharsharalar hosil qilib turibdi. 

Yarimorolda joylashgan Alaniya qal’asi ham o‘lkaning diqqatga sazovor joylaridan biri. U uch qismdan — quyi qal’a, o‘rta qal’a va ichkari qal’adan iborat. Ma’lumotlarga ko‘ra, quyi qal’ada oddiy odamlar, o‘rta qal’ada saroyda ishlaydiganlar va ichkari qal’ada hukmdorlar yashagan. Tarixi miloddan avvalgi bir necha yuz yillikka borib taqaluvchi qal’a 1221 yilda Saljuqiylar sultoni Alovuddin Kaykubod tomonidan zabt etilgan. Uning davrida qal’ada ko‘plab qurilishlar amalga oshirilgan. 

Alaniyada sayyohlar Dim va Damlatosh g‘orlarini ko‘rishga ham qiziqadi. Negaki, mazkur g‘orlardagi shifobaxsh havo ko‘plab nafas yo‘llari kasalliklari uchun davo ekanligi aytiladi. Dim g‘orining yoshi taxminan 1 mln yilga teng. Uning uzunligi 360 metrni, kengligi va balandligi 10-15 metrni tashkil qiladi. G‘or ichida turistlar qulay yurishi uchun maxsus yo‘lak qurilgan. 

Tarixi miloddan avvalgi VII asrga borib taqaladigan Siyedra antik shahri Alaniyadan 35-40 km uzoqlikda, tog‘ tepasida joylashgan. Antik shaharda Rim hammomi, do‘konlar, teatr, uylar xarobalarini ko‘rish mumkin. Siyedrada 1800 yillik zinalar o‘z holida saqlanib qolgan. Ayniqsa, antik shahardagi hammom alohida e’tiborni tortadi. Chunki hammomning pol qismiga mozayka orqali Geraklning hikoyalari surat ko‘rinishida tasvirlangan. 

Siyedra antik shahrida hozirgi kunda ham arxeologik qazishma ishlari davom ettirilmoqda. 

Ruslan Saburov, 
Kun.uz

Mavzuga oid