O‘zbekiston | 17:03 / 14.09.2021
12687
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqand shahrida elektromobillarni tezkor zaryadlash qurilmasi o‘rnatildi

“UNG Petro” MChJ tomonidan Samarqand shahridagi 89-sonli “Samarqand-2” avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasida elektromobillarni tezkor zaryadlash qurilmasi o‘rnatildi.

2020 yil 10 iyuldagi “Iqtisodiyotning energiya samaradorligini oshirish va mavjud resurslarni jalb etish orqali iqtisodiyot tarmoqlarining yoqilg‘i-energetika mahsulotlariga qaramligini kamaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qaroriga asosan mamlakatimizda elektromobillarga xizmat ko‘rsatish, xususan, zaryadlash stansiyalari va servis markazlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

“O‘zbekneftgaz” AJ rahbari Mehriddin Abdullayevning bevosita tashabbusi bilan bu boradagi ishlar allaqachon boshlab yuborilgan. Samarqand shahrida faoliyati yo‘lga qo‘yilgan elektromobillarni tezkor zaryadlash qurilmasi hozircha viloyatda birinchisi.

“Elektromobillarni rivojlantirishga hozirgi kunda dunyoning ko‘plab mamlakatlari ekologik muammolarni hal etish, innovatsion mahsulotlar uchun yangi bozorlar shakllantirish imkoniyati sifatida qaramoqda. Aytish mumkinki, mamlakatimizda ham kundan kunga elektromobillarga ehtiyoj va talab ortib boryapti. Ushbu talabdan kelib chiqqan holda Samarqand shahrida tezkor zaryadlash qurilmasini o‘rnatdik.

Yaqin bir-ikki oy ichida aynan ushbu shoxobchamiz faoliyatini kengaytirib, mijozlarga xizmat sifatini oshirmoqchimiz. Masalan, avtomobil zaryadlash qurilmasiga o‘rnatilganda, mijozlarimizning vaqtini samarali va mazmunli o‘tkazishlari barcha qulayliklarga ega kafe, savdo majmuasi ham qurishni rejalashtiryapmiz. Hudud ham zamonaviy qiyofaga kiradi va obodonlashtiriladi” dedi “UNG Petro” MChJ bosh direktori Mirzohid Musayev.

Endi samarqandlik elektromobil egalari Samarqand shahar Rudakiy ko‘chasi 145-uy manzilida joylashgan “O‘zbekneftgaz” AJ “UNG Petro” korxonasiga qarashli AYoQShda o‘rnatilgan qurilmadan uzluksiz foydalanishlari mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent va Samarqand shaharlarida elektromobillarni tezkor zaryadlash qurilmalari samarali ishlashi to‘liq ta’minlangan holda, kelgusida respublikaning barcha hududlarida yo‘lga qo‘yiladi.

Elektromobillar bir qancha afzalliklarga ega bo‘lib, dvigateli atrof-muhitga zararli gazlarni chiqarmasligi hisobiga atrof-muhit ifloslanishi kamayishiga olib keladi va dvigateli elektr energiyasidan quvvat olishi sababli an’anaviy yonilg‘i sarfini kamaytiradi.

Kelgusida “O‘zbekneftgaz” AJ “UNG Petro” korxonasiga qarashli AYoQShlarning barchasida xuddi shunday qurilmalarni o‘rnatish rejalashtirilgan. 

Jurnalist Isomiddin Po‘latov
Operator va montaj ustasi Muxiddin Qurbonov

Mavzuga oid