O‘zbekiston | 11:32 / 30.11.2015
5068
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 2021 yilgacha 40ta bolalar musiqa va san'at maktablari quriladi

O‘zbekiston hukumati yaqin 5 yil ichida 40ta yangi musiqa va san'at maktabi quriladi hamda 58tasi ta'mirdan chiqarilib, modernizatsiya qilinadi. Bu haqda 20 noyabr kuni O‘zbekiston prezidenti qarori chiqarilgan.

Davlat rahbari qarorida ko‘rsatilishicha, 2009-2014 yillar mobaynida respublika miqyosida 278ta bolalar san'at va musiqa maktablari zamonaviy o‘quv jihozlari bilan ta'minlangan holda foydalanishga topshirilgan.

San'at va musiqa maktablarining faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan yangi davlat dasturiga ko‘ra, 2016 yilda 18ta maktab qurilishi va modernizatsiya qilinishi ishlari olib boriladi. Keyingi 4 yilda esa 20tadan maktab shu dastur doirasida qurilishi va zamonaviylashtirilishi ko‘zda tutilgan.

14,7 ming ta'lim oluvchi uchun mo‘ljallangan yangi va rekonstruksiya qilingan maktablar yangi o‘quv jihozlari va anjomlar, musiqa asboblari, kompyuter va boshqa texnikalar bilan ta'minlanadi.

Qaror ijrosini ta'minlash bo‘yicha tuziladigan komissiyaga O‘zbekiston hukumati bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev rahbarlik qiladi.