O‘zbekiston | 15:23 / 10.12.2015
15015
3 daqiqa o‘qiladi

Madhiya qanday tinglanishi lozim?

1992 yilning 10 dekabr sanasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining o‘n birinchi sessiyasida “O‘zbekiston Respublikasining davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan edi. O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov she'ri, O‘zbekiston xalq artisti, atoqli bastakor Mutal Burhonov musiqasi asosida yaratilgan madhiyamiz shu kundan yosh va mustaqil diyorimiz suverenitetining ramzi sifatida Prezidentimizning turli mamlakatlarga rasmiy tashriflari chog‘ida, yurtimizga kelgan xorijiy davlatlar rahbarlarini kutib olish marosimlarida, davlat tadbirlari, umumxalq bayramlari, sport musobaqalarida baralla yangramoqda.

Qonunga muvofiq, O‘zbekiston madhiyasi ko‘pchilik huzurida ijro etilganda, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, hozir bo‘lgan kishilar madhiyani tik turgan holda o‘ng qo‘l kaftini ko‘krakning chap tomoniga qo‘yib, harbiy yoki davlatning boshqa xizmatidagi maxsus kiyimdagi shaxslar esa qo‘lini bosh kiyimiga qo‘yib tinglashi lozim. Agar madhiya O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining ko‘tarilishi bilan birgalikda ijro etilsa, hozir bo‘lgan kishilar unga yuzi bilan buriladi.

O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga binoan, Davlat madhiyasi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish, — fuqarolarga eng kam ish haqining uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — uch baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik ma'muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, — fuqarolarga eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yetti baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi».

O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi

Serquyosh hur o‘lkam, elga baxt, najot,
Sen o‘zing do‘stlarga yo‘ldosh, mehribon!
Yashnagay to abad ilmu fan, ijod,
Shuhrating porlasin toki bor jahon!

Oltin bu vodiylar - jon O‘zbekiston,
Ajdodlar mardona ruhi senga yor!
Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon,
Olamni mahliyo aylagan diyor!

Bag‘ri keng o‘zbekning o‘chmas iymoni,
Erkin, yosh avlodlar senga zo‘r qanot!
Istiqlol mash'ali tinchlik posboni,
Xaqsevar, ona yurt, mangu bo‘l obod!

Oltin bu vodiylar - jon O‘zbekiston,
Ajdodlar mardona ruhi senga yor!
Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon,
Olamni mahliyo aylagan diyor!