O‘zbekiston | 14:27 / 06.10.2020
30529
3 daqiqa o‘qiladi

«Davlat firibgarlik qurboni bo‘lganlarga yordam berishi lozim» - Saida Mirziyoyeva Namanganda o‘zini yoqqan ayol voqeasi haqida

Respublika gender tengligini ta'minlash bo‘yicha komissiyasi a'zosi Saida Mirziyoyeva O‘zbekistonda so‘nggi vaqtlarda muhokamalar markazida bo‘lib turgan Namangan shahrida o‘ziga o‘t qo‘yishi natijasida vafot etgan Gulandon Dedeboyeva bilan bog‘liq hodisaga munosabat bildirdi.

«Uning onasi va ikki farzandi qoldi. Bu ayollar ularga boshqa birovning uyini sotib yuborgan firibgarning qurboniga aylandilar va firibgar esa jinoyati uchun qamoqqa tushdi. Mulk haqiqiy egasi tomonidan talab qilingan va sud ayollarni bolalari bilan birgalikda chiqarib yuborish bo‘yicha qaror qabul qilgan.

Bunday dahshatli holatga qo‘l urgan bu ayolning chorasizligini to‘liq tushunib turibman. Va qonunchiligimizni bu borada nomukammal deb hisoblayman. Firibgarlar qo‘liga tushib turar joylaridan ayrilib va tom ma'noda ko‘chada qolgan holatlar faqat bu ayoldagina uchramaydi. Firibgarlar qamoqqa olinishlari mumkin, lekin moddiy zararni barmoq bilan sanaydiganlari qoplaydi, xolos. Bu holda, mening nuqtayi nazarimdan, firibgarlar davlatga qarzdor bo‘lib, qonun oldida javob berishlari kerak. Davlat esa o‘z o‘rnida shunday firibgarlar girdobiga tushib qolgan insonlarga shu kabi muammolardan chiqishiga yordam berishlari lozim.

Albatta, «odamlar o‘zlari aybdor, juda soddalar», deb aytish mumkin. Biroq, bunda davlatning ham aybi bor. Qishloq ayollari barcha qonuniy huquqlarini qayerdan bilishsin? Ularga hamma narsani tekshirib, hech kimga ishonmaslikni kim o‘rgatgan? Bitimni rasmiy notarius tomonidan qonuniylashtirilishi qanday yuz berdi?

Bunday savollar fojialar sodir bo‘lishidan oldin berilishi kerak! Bu kabi har qanday holat uzoq va jiddiy tergovni talab qiladi. Va bunday hollarda har doim norasida bolalarni hisobga olmoqlik lozim! Ularning hech qanday aybi yuq, lekin ular ham kattalar bilan birga jazolanmoqdalar.

Men, deputatlar bu masalalarni muhokama qilib, nochor ahvolga tushib qolgan va aldanganlar uchun ijtimoiy himoyani mustahkamlashlarini juda-juda istardim. Hech kim borar joyi yuq ahvolga tushib qolmasligi kerak!», degan Saida Mirziyoyeva

Eslatib o‘tamiz, Namangan shahrida istiqomat qilgan 35 yoshli Gulandon Dedebayeva 29 sentabr kuni o‘ziga o‘t qo‘yib, halok bo‘ldi. Ma'lum bo‘lishicha u ikki yarim yil muqaddam sotib olingan uyidan majburan chiqarmoqchi bo‘lgan MIB xodimlariga shu tariqa o‘z noroziligini bildirgan.

Mavzuga oid