Jamiyat | 19:14 / 12.12.2024
1812
3 daqiqa o‘qiladi

Saida Mirziyoyeva ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan samarqandlik bolalar bilan uchrashdi

Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva «Ko‘ngil ko‘zi» loyihasi doirasida Toshkent planetariysida ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan samarqandlik bolalar bilan uchrashdi.

Foto: Telegram/Saida Mirziyoyeva

Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva bugun, 12 dekabr kuni «Ko‘ngil ko‘zi» loyihasi doirasida Toshkent planetariysida ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan samarqandlik bolalar bilan uchrashdi. Bu haqda u o‘zining Telegramʼdagi kanalida yozib qoldirdi.

«Ular orasida ijodkor va chinakam iqtidor egalari shu qadar ko‘pki, bundan benihoya quvondim», — deb yozadi Saida Mirziyoyeva.

Prezident yordamchisiga ko‘ra, uchrashuv davomida bolalar o‘zlarining ijod namunalari bilan o‘rtoqlashgan, so‘ngra «Dot Pad» texnologiyasi yordamida ular quyosh tizimini «ushlab ko‘rish» imkoniga ega bo‘lgan. «Bu qiziqarli tajriba ilm-fan hamma uchun ochiq va manfaatli ekanining isbotidir», — deya ta’kidlaydi Mirziyoyeva.

«Ko‘ngil ko‘zi» xayriya aksiyasi 2019 yilning mart oyida faoliyat boshlagan. Loyihadan maqsad – ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar ta’limi va rivojlanishi uchun sharoitlar yaratish, ularning jamiyatga moslashishida ko‘maklashish.

Loyiha doirasida brayl shriftida darslik nashr etish yo‘lga qo‘yilgan; ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar ehtiyojlariga ixtisoslashtirilgan kompyuter markazi ochilgan; maktab-internatlarning texnik bazasi rivojlantirilib, qo‘yilgan maqsadga erishish uchun bir nechta loyihalar amalga oshirilgan.

Xususan, 2020 yilning dekabrida O‘zbekistonda «Ko‘ngil ko‘zi» loyihasi doirasida maktab-internatlarning barcha — 3 mingdan ortiq ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalarini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va davolash aksiyasi boshlangan edi. Loyiha muallifi Saida Mirziyoyeva 2021 yilda aksiya doirasida ixtisoslashgan maktab-internatlarning 478 nafar ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi o‘quvchisida jami 630 ta jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid