Sport | 11:59 / 19.12.2015
10786
2 daqiqa o‘qiladi

Chagayev “odam-mashina”ga qarshi jang o‘tkazadi

WBA versiyasi bo‘yicha super og‘ir vazn toifasida jahon chempioni, o‘zbekistonlik bokschi Ruslan Chagayev 2016 yilning 5 mart kuni Chechenistonning Grozniy shahrida avstraliyalik Lukas Braunga qarshi jang o‘tkazadi.

Chempionlikka da'vogar bo‘lgan Braun matbuot bilan muloqot chog‘ida o‘z tanasini mashinaga aylantirish jarayonini boshlaganini ta'kidlab o‘tdi.
“Yo‘limda uchragan hamma narsani yo‘q qilib yuboraman. Men jang raqib hududida o‘tishidan xavotirda emasman, men okean ortida ko‘p jang qilganman. Ringda men va Chagayevdan boshqa hech kim bo‘lmaydi”, - dedi u.

Braunning so‘zlariga qaraganda, u WBA kamarini muhaqqaq qo‘lga kiritadi va super og‘ir vaznda chempionlikni olgan birinchi avstraliyalikka aylanadi.
“Men Grozniyga Chagayevni nokaut qilishga ketyapman! Men uchrashuv taqdirini hakamlar qo‘liga berib qo‘ymoqchi emasman. Mening ikki hakamim bor – chap va o‘ng qo‘lim, ular men bilan ringda bo‘ladi”, - deb uning so‘zlarini keltiradi Vringle.com.

Ilgari xabar qilinganidek, Braun ustidan g‘alaba qozongan taqdirda Chagayev britaniyalik Tayson Fyuriga duch kelishi mumkin. Fyuri, o‘z navbatida, yaqinda ukrainalik Vladimir Klichkodan IBF, IBO, WBO va WBA versiyalari bo‘yicha chempionlik kamarlarini tortib olgan edi.

Chagayev professional karerasida faqat ikki marta mag‘lub bo‘lgan: 2009 yili Vladimir Klichkodan, 2011 yili esa rossiyalik Aleksandr Povetkindan yengilgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish