Jamiyat | 15:24 / 22.12.2015
31513
17 daqiqa o‘qiladi

Rustam Sa'diyev: “Baron”ning o‘zbek kinosini tanqiddan qutqarishini xohlayman (intervyu)

2002 yilda “Muhabbat sinovlari” filmi ekran yuzini ko‘rganida, o‘zbek kino san'ati tarixida tub burilish yasalgan edi. Boisi mazkur kartina O‘zbekistonda xususiy filmlarning jadal rivojlanishiga turtki bo‘ldi. Shundan so‘ng xususiy sektor tomonidan tasvirga olingan ko‘plab badiiy filmlar tomoshabinlar e'tiboriga havola etila boshlandi. Qaysidir biri muvaffaqiyatga erishgan bo‘lsa, ayrimlari turli e'tirozlarga sabab bo‘ldi ham. Biroq bugungi kunga kelib bu sohada jiddiy oqsashlar kuzatilmoqda. Har jihatdan saviyasiz, sayoz, yengil-yelpi va bir xil mavzudagi filmlar tomoshabinlarning me'dasiga tegib bo‘ldi. Oqibatda kinozallar avvalgidek gavjum, kinolar esa katta shov-shuvlarga sabab bo‘lmay qo‘ydi. Ana shunday murakkab sharoitda “Muhabbat sinovlari” rejissyori Rustam Sa'diyev yana bir sensatsion ishni amalga oshirdi – Gollivud va Rossiyaning taniqli aktyorlarini jalb qilgan holda “Baron” deb nomlangan yangi kartinani suratga oldi. Rejissyor bilan bo‘lib o‘tgan suhbatimiz mazkur film, bugungi kundagi o‘zbek kino san'atining ahvoli va boshqa mavzularda bo‘ldi.

— Rustam aka, suhbatimizni bugungi o‘zbek kinosidagi vaziyat haqidagi mulohazalardan boshlasak. O‘zingizga ma'lum, bugun tasvirga olinayotgan kinolarning aksariyati tomoshabinlar ko‘nglini to‘ldirayotgani yo‘q. Bunga sabab nima? O‘zbek kino san'atiga nima yetishmayapti, deb o‘ylaysiz?

— Haqiqatdan ham, ekranlarda yildan-yilga, kerak bo‘lsa oydan-oyga tomoshabinlar kamayib ketmoqda. Bu narsa meni rejissyor, mutaxassis sifatida xavotirga soladi. Chunki butun dunyoda kino – san'atning eng ommalashgan turi hisoblanadi. Bizda ham xuddi shunday bo‘lib kelayotgan edi. Lekin yaqin ikki-uch yilda pastga qarab ketdi. Nimaga? Chunki haqiqiy kino olish yo‘qolib qoldi. Kinoda shakllanish paydo bo‘layotganday tuyuldi: janrlardan janrlarga o‘tish. Lekin eng asosiy yo‘l qo‘yib berilgan xato – xohlagan odamning kino suratga olgani sabab bo‘ldi, deb o‘ylayman. Tomoshabin ham erkalanib ketdi va ularning me'dasiga tegib qo‘ydik. Chunki oxirgi paytda omma, ya'ni jamiyat, yoshlar, kelajak avlod ongini zaiflashtiradigan filmlar ko‘payib ketdi nazarimda. Chunki ko‘pchilik orasida o‘tirib qolsam “nimaga kinolarimiz aynib ketdi, nega hamma joyni bachkana kinolar bosib ketdi”, deb so‘raydigan bo‘lib qolishdi. Xususiy sektordan chiqayotgan kinolarning hammasi emas, aksariyat qismi haqiqatda ham shunday.

Men o‘zimning kasbimni sevaman, uning muxlisiman. Kasbga jon kuydirish kerak, bog‘bon meva berayotgan daraxtni vaqtida parvarishlab tursa, xomtok qilib, tagiga suv quyib, ishlov berib tursa, daraxt ham vaqtida meva tugadi. Nazarimda, kinoni daraxt deb tasavvur qilsak, unga shira tushdi. Shoxlari sina boshlayapti o‘zbek kinosining. Kinoga yaxshi bir islohot kerak. Birinchi navbatda, tartib kerak bo‘lib qoldi.

— Yangi suratga olayotgan “Baron” filmingiz o‘ziga xos shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Unda Gollivud aktyorining ishtirok etishi, o‘zbek kinosida yangicha uslubda, o‘zgacha janrda ekani aytilmoqda. Ushbu film haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz.

— Bu psixologik drama, drama bo‘lganda ham blokbaster. Jangari yo‘nalishda. Kecha bir jurnalistga filmning yarim xomaki nusxasini ko‘rsatgandim. Jurnalistlar gapga boy bo‘lishadi. Bir gapni aytib qoldi: “O‘zbek kinosini tanqiddan qutqaradigan kino film bo‘libdi”. Bu gapdan bir tomondan xursand bo‘lsang, bir tomondan xafa bo‘lasan. Xafa bo‘ladigan tomoni, yuqorida aytilganidek, o‘zbek kinosi tanqidlar ostida qolib ketgan. Shu holatda filmni suratga oldik. “O‘zbekkino” Milliy agentligi, Narkotikka qarshi kurash markazi bilan hamkorlikda butun tashkiliy ishlari olib borildi. O‘ylaymanki, bu film yaqin 20-25 yil ichida o‘zbek kinosida birinchi marta bunday kino suratga olinishi. Uni shaxsan men suratga olganim uchun aytmayapman bu gapni. Balki filmning murakkabligi, g‘oyasi jihatidan, undagi suratga olishdagi e'tibordan, kartinada qatnashayotgan aktyorlar, nafaqat O‘zbekiston, balki chet eldan ham ijodkorlar taklif qilindi, xorijdagi bir qancha shaharlarda tasvirga olindi. Ushbu filmning o‘zbek kinosi taraqqiyotida namuna bo‘lishini xohlayman. Hamma sohada bo‘lgani kabi kino sohasi rivojiga hissa qo‘shgan qaysi filmni namuna qilib ko‘rsata olasiz, deganda “Baron”ni tilga olishlarini istayman rejissyor sifatida. Men u aslida shunday film, desam nokamtarlik qilgan bo‘laman. Ammo bu filmda hamma harakat shunga qaratilgan. Ushbu film g‘oyasiga keladigan bo‘lsak, u asosan hozirda dunyodagi eng katta uch-muammoning biri – narkobiznes haqida. Insoniyatni sun'iy ravishda qirib yuborishga qaratilgan narkobiznesga qarshi kurash haqida bu film.

— Film nima uchun “Baron” deb nomlandi?

— Nima uchun “Baron” deb nomlanishi hozircha sir. Xohlardimki, shu filmni tomosha qilgan har bir tomoshabinning o‘zi nima sababdan aynan “Baron” deb nomlangani tushunib yetsa.
— Ma'lumotlarga ko‘ra, filmingizda bir qator Gollivud kinolarida ko‘plab rollarni ijro etgan aktyor G‘asson Ma'sud ham rol ijro etgan. Uning kartinangizga jalb qilinishiga sabab nimada?

— G‘asson Ma'sud – arab millatiga mansub taniqli suriyalik aktyor. U Umar Sharifdan keyin arab dunyosining haqiqiy kino yulduzi. U arab dunyosining eng nufuzli kinolarida katta rollarni ijro etgan. Shu bilan birgalikda, hozirgi kunda Gollivud kinosidagi talabgor aktyorlardan biriga aylangan. U mashhur Ridli Skot, Orlando Blum filmlarida suratga tushgan. Ridli Skotning “Muqaddas zamin”, “Karib dengizi qaroqchilari” kabi filmlarda rol ijro etgan. Nafaqat O‘zbekiston, balki Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlatlari kinematografiyasida ham bu inson birinchi marta rol ijro etishi.
— Bundan tashqari, filmingizda bir qator taniqli rus aktyorlari ham suratga tushgan ekan...

— Ha, Rossiya xalq artisti Andrey Smolyakov, Viktor Verjbitskiy, Pavel Priluchniy va “Brigada” serialida rol ijro etgan Farhod Mahmudovlar ham filmda qatnashdi. Lekin bilasizmi, asosiy maqsad aktyorlarni filmga jalb qilib, rejissyor sifatida o‘zimga bino qo‘yish, hamkasblarim, omma oldida maqtanish bo‘lmagan. Aksincha, ularni suratga olib O‘zbekistonning giyohvandlikka qarshi haqiqiy kurashini dunyoga ko‘rsatish, umuman, bizda bunday narsalarga o‘rin yo‘q, degan tushunchani nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo ko‘rsin, film geografiyasi keng bo‘lsin, degan maqsadda ushbu aktyorlarni taklif qildik.

— Internet va ijtimoiy tarmoqlarda e'lon qilingan video va foto lavhalardan ko‘rdik-ki, film ancha jiddiy janrda suratga olingan. Shunga yarasha barcha rollarga munosib aktyorlar tanlangan. Ammo xalq orasida komedik rollari bilan tanilgan Muhammadiso Abdulxayirov ham tasvirga olishda qatnashgan. Nima, filmda komedik rol ham bormi yoki?...

— Yo‘q, Muhammadiso Abdulxayirov komedik rollarni ko‘p o‘ynayotganiga tomoshabin uni shu ijrosida yaxshiroq qabul qilgani uchun shu janrda film suratga oluvchi rejissyorlari o‘z kartinalariga jalb etishadi. Buning yomon tomoni yo‘q. Lekin, o‘ylaymanki, Muhammadiso Abdulxayirov keng ampulali, serqirra aktyor. Uning imkoniyati juda keng. “Quduq” filmidagi ijrosini misol qilib keltirsa bo‘ladi. Bu filmdagi ijrosini ko‘rib hech kimning yuzida kulgu mimikasi paydo bo‘lmaydi. “Baron”da esa salbiy rol ijro etgan. Hozircha qanday rolda o‘ynaganini aytolmayman, lekin ijrosidan ko‘nglim to‘ldi. Muhammadisoni anchadan beri bilaman. Teatrlarda spektakllarini kuzatganman. Uning imkoniyatlari chegaralanmagan. Bizda esa faqat komediya janrlarida undan foydalaniladi xolos. Shuning uchun tomoshabin tasavvurida komedik aktyor sifatida shakllanib qolgan. U komedik rolni qanday mahorat bilan ijro etsa, jiddiylarini ham shunday o‘ynay oladi.

— Bir qator xususiy filmlaringiz muvaffaqiyatga erishdi. Shu bilan birga, davlat buyurtmasi asosida ham kinolar suratga olgansiz. Masalan, “Sotqin” filmi. Ikki sektor orasida qanday farq bor?

— Xususiylardan farqli ravishda, davlat buyurtmasi asosida suratga olinuvchi filmlarning asosiy farqi shundaki, ularning byudjyeti katta va davlat tomonidan moliyalashtiriladi. Lekin aslida davlat kinosi, xususiy kino degan tushunchalar bo‘lishi kerak emas. Faqat kino tushunchasi bo‘lishi kerak. Xususiy sektorda bir yilda oltmishta, yetmishta kino olindi, deyiladi. Bizga buncha sonli kino kerakmas aslida. 10 ta, ko‘pi bilan 20 ta olinsin, lekin mazmun jihatdan yaxshi, dramaturgiya asoslari bilan sug‘orilgan asar bo‘lishi kerak. Mayli, u bitta, ikkita xonada olinsin, qanday suratga olinishidan qat'i nazar, mutaxassis tomonidan suratga olinishi tarafdoriman. Lekin xususiy sektorda xohlagan odamning kino olishiga yo‘l qo‘yib berildi. Masalan, tibbiyotda xususiy shifoxonalar bor. Nima uchun u yer xohlagan odamni davolay olmaydi? Olti yil-yetti yil o‘qiydi tibbiyot oliygohlarida. Nimaga kinoni xohlagan odam olaverishi kerak? Balki kinoga ham kerakli mutaxassislislar bo‘yicha mana shunday talablar qo‘yilishi kerakdir. Kino mutaxassislari, yoshlar oldiga jiddiy talablar qo‘yilishi kerak bo‘lgan vaqt yetdi, deb o‘ylayman.

— Yuqorida davlat kinolarining byudjyeti katta bo‘ladi, dedingiz. Bu byudjyet qanday taqsimlanadi? Tegishli mutasaddilar byudjyet taqsimoti, filmni suratga olish ishlariga qay darajada aralashadi?

— Davlat kinosida yaxshi qonun-qoidalar yo‘lga qo‘yilgan. Filmning badiiy jihatdan pishiq bo‘lishi uchun birinchi navbatda uning ssenariysi “O‘zbekkino” Milliy agentligi qoshidagi badiiy kengash vakillari ko‘rib chiqishadi. Kam-ko‘stlariga maslahatlarini beradi. Davlat kinosida faqatgina rejissyor va ssenarist emas, balki uni mutaxassislar ko‘rib, o‘z fikrini aytadi, dramaturgiya nuqtai nazaridan qaysi joyida oqsash borligini aytishadi. U mutaxassislar dramaturglar, san'atshunoslar, filologlar asarni ancha o‘rganib, kichik davra suhbatida bahslar o‘tkazishadi, ssenariyni pishitishadi. Ana undan keyin filmning ijrosi, rejissurasi qanday bo‘lishi yana badiiy kengash tomonidan ko‘rib chiqilib, qanday kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani, nimalarga e'tibor berilmagani ko‘rib chiqilib, shundan so‘ng keng ommaga namoyish etiladi. Xususiy kinoni ham “O‘zbekkino”ning ekspert komissiyasi ko‘rib chiqadi. Avvallari bu komissiya yaxshi ishlar edi. Hozir esa bir-necha odam kinoning u yerini to‘g‘irla, bu yerini to‘g‘irla, deb nomiga ko‘rib chiqishadi. Asosan bizning siyosatimizga zid tomonlari bormi-yo‘qmi, shu narsaga e'tibor qaratiladi. Lekin professionalizm darajasi, bu film tomoshabinga nima beradi degan savolni oldiga qo‘yishmayapti. Qo‘pol qilib aytganda, tadbirkor huquqi degan tushuncha bilan yondashiladi. Bu san'at asari. Bunda tadbirkorning haq-huquqi o‘ninchi darajali bo‘lishi kerak.

— Sir bo‘lmasa, “Baron”ning byudjyeti qanchani tashkil etdi? Odatda davlat buyurtmasi asosida suratga olinayotgan filmlarga qancha mablag‘ ajratiladi?

— Aslida filmning byudjyeti uning ssenariysi, murakkabligidan kelib chiqib shakllantiriladi. Bu film murakkab pastonovkali bo‘lgani uchun uning byudjyeti boshqa davlat filmlariga qaraganda nisbatan ko‘proq. Odatda davlat filmlariga o‘rtacha 600-700 million so‘m ajratilsa, “Baron”ning umumiy byudjyeti 1,5 milliard so‘m atrofida bo‘ldi.

Bu film 5.1-kanalli Dolby Surround ovozda chiqariladi. Ya'ni, kinoteatrda o‘tirganingizda, ovoz yoningizdan, atrofingizdan, tepangizdan eshitiladi. Bugungi kunda Alisher Navoiy nomidagi kino saroyi zallaridan biri xuddi shu ovoz effektini chiqarib beradigan jihozlar bilan ta'minlanmoqda. Jahon sahnalariga chiqishini hisobga olgan holda O‘zbekistonda birinchi marta dunyo standartidagi 4K formatida suratga olindi. U IMAX kinozallarida tomosha qilishga ham mo‘ljallangan.

— Film premerasi qachon bo‘lib o‘tadi? Ayni paytda uning ustida qanday ishlar amalga oshirilayapti?

— Film namoyishi 2016 yilning birinchi oylarida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Suratga olish, ovozlashtirish, montaj ishlari tugagan. Ayni paytda unga sayqal berilmoqda. Yana ikkita - rus va ingliz tillariga o‘girish ishlari boshlanib ketdi. Uning premerasiga kelsak, birinchi navbatda, o‘zbek tomoshabinlariga namoyish qilib, ularning ko‘nglini olish va rozi qilish, ana undan keyin o‘zbek xalqining duosi bilan uni dunyoga olib chiqish maqsadidamiz.

G‘oya muallifi – O‘ktam Suvonov, ssenariysi doimiy hamkorimiz Shoira G‘iyosova bilan birgalikda tayyorlangan. Uni O‘zbekistondagi birinchi raqamli operator Rustam Murodov suratga oldi. Filmda Doniyor Afzalov musiqalaridan foydalanildi.

— Mavzudan bir oz chetlashsak, mana bir necha o‘n yillardan buyon rejissyorlik qilib kelasiz, mutaxassis sifatida siz bilan birga ishlashda o‘ziga berilgan rolni ko‘nglingizdagidek maromiga yetkazib ijro etgan uch aktyor nomini aytsangiz. Eng injiqlari qaysi?

— Birinchisi, albatta, Javohir Zokirov, ikkinchisi Dilnoza Kubayeva. Bular yoshlar orasida. Uchinchisi, Muhammadiso Abdulxayirov bo‘lsa kerak. Eng injiqlariga kelsak, Ulug‘bek Qodirovni aytish mumkin... Lekin aniq aktyorlarni aytish qiyin. Agar injiqlik qilsa gapni qisqa qilaman. Yaxshi gapirib, u bilan hamkorlikni to‘xtatib qo‘ya qolaman.


— Bilamizki, “Chelsi” futbol klubi muxlisisiz. Mourinoning iste'foga chiqarilishiga munosabatingiz qanday?

— Noto‘g‘ri qilindi, deb o‘ylayman. Mourinoga ozgina imkoniyat berilishi kerak edi nazarimda. U hali oxirgi gapini aytmagan edi. U kuchli murabbiy, yaxshi tahlilchi edi. O‘ylaymanki, Mourinoning birinchi va asoiy xatosi jamoadagi ayol shifokorga nohaq munosabatda bo‘ldi. Shuning uchun Mourinoning omadi ketdi, deb o‘ylayman. Shuning uchun u taqdir zarbasini oldi.

Lekin bu sport. Katta maydonda katta drama bo‘ladi. Ayniqsa Angliya chempionati shunisi bilan qiziq. Misol uchun, “Barselona” klubining o‘yini menga yoqadi. Lekin intriga degan tushuncha yo‘q. Negaki u deyarli doimo yutadi. Hadeb yutavergani uchun o‘yinlari men uchun qiziq emas. Jamoa yutqazib ham turishi kerak.

— Yakunda kelgusidagi rejalar haqida so‘zlab bersangiz.

Bilasizmi, ketma-ket jiddiy filmlarni suratga olish odamning xarakteriga ham ta'sir ko‘rsatar ekan. Shuning uchun doimiy ishlaydigan – komediyali melodramma janrida film suratga olishni rejalashtirganman. “Er bermoq – jon bermoq” filmining qaysidir ma'noda davomi bo‘ladi: “Er bermoq – jon bermoq – 2. Onlayn” degan nomda.
Mazmunli suhbatingiz uchun katta rahmat.

“Kun.uz” muxbiri Sanjar Said suhbatlashdi.