Jamiyat | 22:17 / 30.12.2015
7610
2 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Qozog‘istonda 17 yoshli qiz otasidan pul undirish maqsadida o‘zining o‘g‘irlanishini tashkillashtirdi

Janubiy Qozog‘iston viloyatida 17 yoshli qiz o‘zining o‘g‘irlanishini sahnalashtirdi. Uning bu harakatidan maqsadi o‘zining ozod etilishi uchun otasidan pul undirish bo‘lgan.

Ma'lum qilinishicha, 27 dekabr kuni 40 yoshli shaxs viloyatning Sariagash tumanidagi IIBning 1-raqamli politsiya bo‘limiga murojaat qilgan.

U 1 kun oldin voyaga yetmagan qizi bozorga ketgach, uyga qaytmagani haqida ma'lum qilgan. Ko‘p o‘tmasdan unga noma'lum shaxs qo‘ng‘iroq qilib, qizining ozod etilishi uchun pul talab qilgan.

Politsiyachilar "Odam o‘g‘irlanishi" moddasi bo‘yicha jinoiy ish ochib, tekshiruv ishlarini boshlashgan.

Tezkor qidiruv amaliyoti natijasida o‘g‘irlangan qizning joylashgan o‘rni aniqlandi. Politsiyachilar uni Chimkentdagi uylarning biridan topishgan.

Aniqlanishicha, bu vaziyatda hech qanday odam o‘g‘irlash hodisasi yuz bermagan, qizning o‘zi odamlarni o‘zini o‘g‘irlash uchun yollagan. U internet orqali tanishgani bir yosh yigitning oldiga kelib, o‘zining telefonini unga bergan va otasiga qo‘ng‘iroq qilib, undan pul talab qilish haqida ko‘rsatma qilgan. U hech qayerda o‘qimasligi va ishlamasligi ma'lum bo‘lgan. U bundan oldin ham bir marta uydan qochib ketgani ma'lum bo‘lgan.

Ayni vaqtda politsiyachilar hodisaning to‘liq tafsilotlarini o‘rganishmoqda.