Jahon | 19:51 / 31.12.2015
6585
3 daqiqa o‘qiladi

Financial Times’ning 2016 yilga ba'zi prognozlari: neft narxi 50 dollargacha oshadi, Belgiya futbol bo‘yicha Yevropa chempioni bo‘ladi

Avvalgi yil an'analariga ko‘ra Buyuk Britaniyaning Financial Times gazetasi 2016 yilda dunyo qanday ko‘rinish olishi haqidagi o‘z tasavvurini taqdim qildi. Britan ishbilarmon doiralari nashrining prognozlari turli sohalar – AQShdagi prezidentlik saylovlari natijalari va neft narxidan tortib  Fransiyada bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha Yevropa chempionatini ham o‘z ichiga olgan. Quyida shunday prognozlardan bir nechtasi keltirilgan.

Xillari Klinton AQSh prezidenti lavozimiga saylovlarda g‘olib bo‘ladi

Nashr mutaxassislarining fikricha, 2016 yilgi AQShdagi prezidentlik saylovlarida Demokratik partiya vakili Xillari Klinton g‘olib bo‘ladi. Klinton murosasiz kurashda o‘zining respublikachi raqibi Ted Kruzni ortda qoldiradi. Demokratlar AQSh Konressi senatida ko‘pchilik o‘rinni o‘zlariga qaytarib olishadi.

Buyuk Britaniya Yevropa Ittifoqi tarkibida qoladi

Yevropaga shubha bilan qaraydiganlarning Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqini tark etishi uchun amalga oshiradigan barcha sa'y-harakatlarlariga qaramasdan, Birlashgan Qirollik YeI tarkibida qoladi. Bu referendum natijasida sodir bo‘ladi. “Buyuk Britaniya Yevropa Ittifoqida qolish uchun ovoz beradi”, deb aytmoqdalar gazeta ekspertlari.

Neft narxi 50 dollardan oshadi

2016 yilda neft narxi 50 dollardan oshadi. “Neft ishlab chiqaruvchilarning moliyaviy tomondan aziyat chekishi ularni bir qator loyihalardan bosh tortish va burg‘ilash dasturlarini qisqartirishga majbur qiladi, bu o‘z navbatida neft yetkazib berish hajmining kamayishiga olib keladi va buning natijasida neft narxi oshadi”, deb aytilmoqda gazetada.   

Belgiya futbol bo‘yicha 2016 yilgi Yevropa chempioni bo‘ladi

Tahlilchilar Fransiyada bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha Yevropa chempionatini ham chetlab o‘ta olmadilar. Gazeta musobaqada FIFAning oxirgi reytinglariga ko‘ra, jahonning eng yaxshi jamoasi – Belgiya terma jamoasi g‘olib bo‘lishiga ishonmoqda. “Bu kichik davlat yuqori darajadagi bir qator futbolchilarni yetishtirdi. Ular orasida Eden Azar, Kevin de Bryuyne va Romelu Lukaku bor.   

Rossiyalik yengil atletikachilar 2016 yilgi Yozgi Olimpiadada qatnashadi 

Gazetaning fikricha, doping mojarosiga qaramasdan, yengil atletika bo‘yicha Rossiya terma jamoasi Rio-de-Janeyroda bo‘lib o‘tadigan 2016 yilgi Yozgi Olimpiadada qatnashadi. “Braziliyada ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritish uchun rossiyaliklar qat'iy choralar qabul qilishi va sportini tartibga solishi kerak bo‘ladi”, deb ta'kidlanmoqda gazetada.