Hindistonda o‘limvor suv toshqinlari: qutqaruvchilar omon qolganlarni qidirmoqda
Hindiston g‘arbidagi qutqaruv xizmati xodimlari Goa va Maharashtra shtatlarida ro‘y bergan keng ko‘lamli suv toshqinlaridan keyin vayronalar orasidan omon qolganlarni qidirmoqda. Maharashtrada 136 kishi tabiiy ofat qurboniga aylangan, rasmiylar bu yakuniy raqam emasligini aytishmoqda.
Tabiiy ofat yopirilgan hududlardan o‘n minglab aholi ko‘chirilgan.
Sayyohlar orasida mashhur bo‘lgan Goa shtatida uylar suv ostida qolgan - minglab binolar vayron bo‘lgan yoki jiddiy shikastlangan. Mumbay yaqinidagi hududlarda bir necha o‘n kishi bedarak yo‘qolgan.
Hindistonda har yili iyun oyidan sentabr oyigacha yomg‘irlar mavsumi bo‘ladi, ammo Goa shtati ko‘p vaqtlardan buyon bunday kuchli suv toshqinlariga ro‘baru kelmagandi.
Shtat sog‘liqni saqlash vaziri Vishvadjit Reynaning so‘zlariga ko‘ra, Goada 50 yildan buyon bunday kuchli yomg‘irlar bo‘lmagan. «Odamlar bor-budini yo‘qotishdi», deya izoh bergan u shtatdagi vaziyatga.
Mumbaydan janubda joylashgan Taliye qishlog‘ida sel kelishidan keyin betondan qilingan ikki uygina omon qolgan - boshqa o‘nlab binolarni bir lahzada suv yuvib ketgan. «Frans press» agentligi guvohlarga tayanib xabar berishicha, shu qishloqning o‘zida 40 kishi qurbon bo‘lgan.
Bu yagona ko‘chki emas - suv ostida qolgan hududlarda jami 8 joyda shunday hodisa ro‘y bergan. Ko‘chki poyezdlardan biri relsdan chiqib ketishiga sabab bo‘lgan.
Ko‘chki yo‘llarni to‘sib qo‘ygani tufayli qutqaruvchilar jabrlanganlarning oldiga yetib borishi qiyinlashgan.
Xususan, Goa va Mumbay o‘rtasidagi asosiy shosse ham to‘silib qolgan. Qutqaruvchilar shuni hisobga olgan holda harakatlanishmoqda.
Maxarashtra shtatidagi yirik daryo o‘zanidan toshishi kutilmoqda - shu tufayli daryo atrofidagi hududlardan 90 ming kishi evakuatsiya qilingan. 20 mingdan ortiq kishi lagerlarga joylashtirilgan.
Mamlakat bosh vaziri Narendra Modi odamlarning halok bo‘lishi va jabrdiydalarga aylanishini kuzatish og‘ir ekanini aytib o‘tgan.
«Maharashtradagi vaziyatni sinchkovlik bilan kuzatib bormoqdamiz, jabrlanuvchilarga yordam ko‘rsatiladi», deya yozgan u tvitterdagi sahifasida.
Mavzuga oid
01:52
Kashmir Hindistonni maxsus avtonomiya maqomini tiklashga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qildi
11:56 / 06.11.2024
Inson matonati: 22 yil davomida tog‘ni yo‘nib yo‘l ochgan odam
17:51 / 05.11.2024
4 yashar hindistonlik FIDE reytingiga kirgan eng yosh shaxmatchi bo‘ldi
22:11 / 02.11.2024