Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Financial Times: Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon banki vakillari Bokuga Ozarbayjonga yordam berish dasturini muhokama qilgani keladilar
Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon banki vakillari Bokuga Ozarbayjonga milliy valyutaning qadrsizlanishi va neft narxlarining keskin pasayishi bilan bog‘liq bo‘lgan 4 mlrd dollarlik shoshilinch kredit berish dasturini muhokama qilgani keladilar. Bu haqda Financial Times gazetasi xabar bermoqda.
Ta'kidlanishicha, bu kredit neft narxi pasayishi tufayli ko‘rsatiladigan bir qator moliyaviy ko‘mak berish dasturlarining birinchisi bo‘lishi mumkin.
XVJ vakilining aytishicha, delegatsiya mamlakat iltimosiga ko‘ra Bokuda 28 yanvardan 4 fevralgacha bo‘ladi. Tashrif chog‘ida “texnik ko‘mak” va “moliyaviy ehtiyojlarni baholash” muhokama qilinadi.
Jahon banki vakili Ozarbayjon hukumati bilan “mahalliy valyutaga tushayotgan bosim va neft narxining pastligi bilan bog‘liq” shoshilinch va uzoq muddatli choralarning muhokama qilinishini ma'lum qildi.
Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, muzokaralar o‘zining dastlabki bosqichida turibdi, ehtimol Ozarbayjon hukumatiga XVJ tomonidan ko‘mak kerak bo‘lmasligi ham mumkin.
Nashrning ta'kidlashicha, boshqa moliyaviy institutlar vakillari, jumladan Yevropa rekonstruksiya va taraqqiyot banki va Osiyo taraqqiyot banki vakillari ham keyingi bir necha kun davomida Bokuga keladilar.