Jahon | 15:23 / 08.10.2025
4786
8 daqiqa o‘qiladi

Fransiyada siyosiy inqiroz: Makron qanday yo‘l tutadi?

 Fransiyada siyosiy inqiroz tobora chuqurlashmoqda. Bosh vazir Sebastyan Lekornyuning iste’fosi mamlakatda ketma-ket beshinchi hukumatning qulashiga sabab bo‘ldi. Emmanuel Makron prezidentlik davrining ikkinchi bosqichida siyosiy beqarorlik, koalitsiyalar orasidagi ziddiyat va ommaviy noroziliklar bilan yuzma-yuz keldi. Yaqin soatlarda Makron xalqqa murojaat qilmoqchi, xo‘sh, u hokimiyatdan ketishi mumkinmi?

Kun.uz’ning “Geosiyosat” dasturida tahlilchilar Fransiyadagi siyosiy inqiroz xususida so‘z yuritishdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Fransiyada bosh vazir yana iste’foga chiqdi. Fransiyada nimalar bo‘lyapti?

Alouddin Komilov: Umuman olganda, Fransiya ichki siyosati hozir juda katta siyosiy inqiroz davrini boshdan kechirmoqda. Buni bir necha siyosiy jarayonlarda yaqqol ko‘rish mumkin. Emmanuel Makron birinchi marta prezidentlik saylovida katta ustunlik bilan g‘alaba qozongan edi, biroq ikkinchi bor saylanganda mamlakat siyosiy hayotida jiddiy mojarolar yuzaga keldi. So‘nggi yillarda Fransiyaning o‘ng qanot yetakchisi Marine Le Penning ta’siri sezilarli darajada oshib bormoqda. Bu jarayon mamlakatda siyosiy muvozanat buzilishiga, partiyalar o‘rtasidagi raqobat kuchayishiga olib keldi. Eng muhim muammo shundaki, parlament saylovlarida hech bir partiya mutlaq ustunlikni qo‘lga kirita olmadi. Natijada o‘ng, so‘l va markaziy kuchlar o‘rtasida turli koalitsiyalar shakllandi. Biroq bu koalitsiyalar ichida soliqlar, pensiya, ijtimoiy islohotlar kabi masalalarda jiddiy kelishmovchiliklar mavjud. Ayniqsa, pensiya tizimi masalasi so‘nggi yillarda eng katta siyosiy bahs va noroziliklarga sabab bo‘ldi. Makron hukumati Fransiyada hayot davomiyligi ortgani, tug‘ilish darajasi esa pasaygani tufayli budjet taqchilligini kamaytirish maqsadida pensiya yoshini 62 yoshdan 64 yoshga oshirishni taklif qildi. Bu taklif jamiyat tomonidan keskin salbiy qarshi olindi, natijada mamlakat bo‘ylab ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi. Siyosiy inqirozning ildizida aynan mana shu islohotlar turibdi. Hukumatdagi o‘zgarishlardan so‘ng, mudofaa vaziri Sebastyan Lekornyu hokimiyatni qo‘lga olganida, u Fransiya konstitutsiyasining 49-moddasining 3-bandidan parlament ovozisiz qonun qabul qilish imkonini beruvchi mexanizmdan foydalanmaslikka va’da bergan edi.

Biroq bu qaror siyosiy muvozanatni tiklay olmadi. Fraksiyalar o‘rtasida murosa bo‘lmagach, mamlakatda yanada chuqurroq iqtisodiy va siyosiy inqiroz yuzaga keldi. Natijada Lekornyu o‘z iste’fosini taklif qildi. Uning so‘nggi bayonotlarida ham bu holatda samarali ishlash, siyosiy masalalarni hal qilish deyarli imkonsiz bo‘lib qolganini ochiq aytib o‘tgan. Ya’ni bitta narsaga alohida e’tibor berishimiz kerak-da. Fransiyadagi bo‘layotgan siyosiy inqiroz bu o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgani yo‘q. Ya’ni Yevropaning boshqa davlatlarida bo‘lgan siyosiy trendlar ta’sir qilyapti. Germaniyada ham xuddi shunday vaziyat yuz bermoqda. Masalan, Gollandiya va Skandinaviya davlatlarida o‘ta o‘ng qanot siyosiy partiyalar hokimiyatga keldi.

Bektosh Berdiyev: Gap shundaki, so‘nggi ikki yil ichida Fransiyada partiyalar o‘rtasidagi chuqur ziddiyatlar sababli barqaror hukumat shakllantirishning imkoni bo‘lmayapti. Masalan, oxirgi hukumat atigi 27 kun faoliyat yuritdi, uning 26 kuni esa vazirlarni tanlash va hukumat tarkibini shakllantirishga sarflandi. Oldingi safar esa bu jarayon 17 kunda yakunlangan edi. Bu holat siyosiy tizimdagi muvozanatning qay darajada izdan chiqqanini ko‘rsatadi. Eng so‘nggi kelishmovchilik esa Sebastyan Lekornyuning migratsiya siyosati bo‘yicha aniq pozitsiyani bildirolmagani bilan bog‘liq bo‘ldi. U bu borada qat’iy siyosiy yo‘nalish ko‘rsata olmagani uchun milliy yig‘inda ham unga nisbatan ko‘plab savollar va e’tirozlar bildirildi. Lekornyu aslida prezident Emmanuel Makronning eng sodiq siyosiy hamkorlaridan biri hisoblanadi. Biroq mamlakatdagi siyosiy muhit, hatto Makronning sodiq odamlari uchun ham mustahkam hukumat tuzish imkonini bermayapti. Buning sababi esa, aslida, Makronning o‘z siyosiy qarorlarida yotadi. U milliy yig‘inni tarqatib yuborish orqali siyosiy jarayonni keskinlashtirgan edi. Bunga sabab sifatida, o‘ng qanot yetakchisi Marine Le Penning partiyasi so‘nggi saylovlarda katta ovoz olgani va shu orqali u hokimiyat uchun real raqobatchiga aylanganidan Makronning xavotirga tushgani ko‘rsatiladi. Aynan shundan so‘ng, Fransiyada siyosiy beqarorlik ketma-ket davom etmoqda. Shunga qaramay, Fransiya siyosiy tizimi juda kuchli va demokratik asoslari mustahkam. Shu bois, yaqin kunlarda mamlakatda yangi hukumat shakllanishi ehtimoli yuqori.

Fransiyadagi siyosiy inqiroz Makronning iste’fosiga ham sabab bo‘lishi mumkinmi?

Bektosh Berdiyev: Yo‘q, qonun nuqtayi nazaridan bu holat prezidentning iste’fosiga sabab bo‘la olmaydi. Biroq siyosiy jihatdan olganda, bunday vaziyat uning reytingining keskin pasayishiga olib keladi. Marin Le Pen Makronning asosiy siyosiy raqibi, bu masalada “prezident iste’fo berishi kerak”, degan fikrni bildirgan. Huquqiy jihatdan esa iste’fo berish to‘liq Makronning o‘z ixtiyoridagi qaror. Agar u hukumatni to‘liq shakllantira olmasa yoki bu borada aniq muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, siyosiy obro‘siga jiddiy zarar yetadi. Oddiy qilib aytganda, u prezident sifatida o‘z mavqeyini saqlab qolish imkonidan mahrum bo‘ladi. Bugungi holatda biz beshinchi hukumat haqida gapiryapmiz. Agar prezidentlik muddatining tugashigacha hali bir yarim yildan ortiq vaqt borligini inobatga olsak, bu vaqt davomida barqaror hukumat tuza olmaslik Makron uchun siyosiy falokat darajasidagi yo‘qotish bo‘ladi. Shuningdek, milliy yig‘in (parlament) unga nisbatan ishonchsizlik votumi e’lon qilishi ehtimoli ham mavjud. Ammo shunga qaramay, Fransiya konstitutsiyasiga ko‘ra, iste’fo bilan bog‘liq yakuniy qaror vakolati to‘liq prezident, ya’ni Makronning o‘z qo‘lida qoladi.

Alouddin Komilov: Bitta narsaga alohida e’tibor qaratish kerak. Masalan, Germaniyada ham shunga o‘xshash siyosiy inqiroz yuz berganda, u yerda parlament qayta saylov o‘tkazishga qaror qilgan va natijada Fridrih Mers hokimiyat tepasiga kelgan edi. Ammo Fransiyaning siyosiy tizimi bundan tubdan farq qiladi. Bu mamlakat prezidentlik respublikasi bo‘lib, unda prezident juda keng vakolatlarga ega. Marin Le Penning “Makron iste’fo berishi kerak” degan talabi asosan shunga asoslanadiki, u yangi hukumat tuzish uchun yangi saylov o‘tkazilishini istaydi. Biroq bunday saylov Makron uchun xavfli, u bu safar g‘alaba qozonishiga ishonchi komil emas. Shu sababli u turli siyosiy yo‘llar bilan saylov o‘tkazishni kechiktirishga va mavjud sharoitda yangi hukumat tuzishga urinyapti. Aynan mana shu holat Fransiyadagi asosiy siyosiy muammoga aylanmoqda. Agar Fransiya Buyuk Britaniya kabi monarxiya (ya’ni qirol boshqaradigan davlat) bo‘lganida, unda hukumatga nisbatan ishonchsizlik bildirilsa (ya’ni parlament hukumatni qo‘llab-quvvatlamasa), qirol yoki qirolicha hukumatni iste’foga chiqarish vakolatiga ega bo‘lardi (Shunday bo‘lsa-da uni tasdiqlash parlament vakolatiga kiradi).

Suhbatni to‘liq YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid