«Maktablar sovuq, o‘quvchilar kasal bo‘lib qolyapti». Nega yozgi ta’til qishga ko‘chirilmaydi?
O‘zbekiston bo‘ylab ko‘plab maktablarda gaz yo‘qligi, elektr toki tez-tez o‘chishi sabab sinf xonalari sovuq va qorong‘i. Hatto ayrim maktablarda sham yorug‘ida dars o‘tilyapti.
«Xorazmda – 16 daraja sovuq. Shunda ham o‘quvchilar kelyapti. Maktab issiq bo‘lsa chidasa bo‘ladi, lekin tok ko‘p o‘chib, xonalar ham sovib qolyapti», deydi xorazmlik o‘qituvchi Azzatjon Azimova.
Bunday vaqtda barchadan turlicha takliflar chiqadi. Kimdir darslarni onlayn rejimga o‘tkazish kerak desa, yana kimdir erta ta’til berish kerakligini aytadi. Onlayn darslarga qarshi bo‘lgan o‘qituvchilar ham talaygina. Qolaversa, onlayn dars o‘tish uchun ham elektr toki kerak bo‘ladi.
Uch oylik ta’tilni issiq yozda emas, qishda berish kerakligini ma’qullaydiganlar soni ham kam emas. Har holda yozda tok va elektr energiyasi bo‘lmasa ham sinf xonalari issiq va yorug‘ bo‘ladi. Xo‘sh, o‘zi nega o‘quv yilidagi eng uzun ta’til yoz oylariga to‘g‘ri keladi?
Amerikalik yozuvchi va muharrir Juliyet Lapidos 2007 yilda o‘zining Explainer asarida o‘quvchilarga yozda nega bunday uzoq ta’til berilishini shunday tushuntiradi:
«Ilgari shahar maktablari yil davomida choraklar oralig‘ida qisqa tanaffuslar bilan ishlagan. Ammo 1870-yillargacha ko‘pgina shtatlarda ta’lim majburiy bo‘lmagani uchun davomat kam edi. Misol uchun, Bruklin maktabi rasmiylari 1850 yilda ularning yarmidan ko‘pi yiliga atigi olti oy o‘qishga kelganini xabar qilishdi.
Agar ko‘pchilik bolalar darslarga muntazam bormasa, nega maktablarni yil davomida ochiq tutish kerak? O‘sha paytda ko‘plab shifokorlar o‘quvchilarning yil davomida darslarga qatnashi aqlan va jismonan charchashga olib kelishini aytishgan.
Shahar maktablari rahbarlari asr boshlarida o‘quv yilini taxminan 60 kunga qisqartirishdi va yozgi chorakni yo‘q qilishdi. Ta’til qishda yoki bahorda emas, aynan yozda berilishining sabablari:
1. Issiq fasllarda o‘quvchi gavjum bo‘lgan joylarda kasalliklar tez tarqalishi;
2. U davrlarda konditsionerlar bo‘lmagani sabab sinf xonalari issiq havoda dim bo‘lib, nafas olish qiyinlashib qolishi;
3. Badavlat oilalar yozda shahar havosiga chiday olmay, dam olishga qishloqlarga ketishlari.
Ayni paytda, shahar tashqarisidagi maktablar butunlay boshqacha akademik kalendarlarga ega edi. XIX asrda qishloq bolalari maktabda bor-yo‘g‘i besh-olti oy: yozda ikki-uch oy, qishda esa xuddi shu oyni maktabda o‘tkazgan, qolgan qismida esa fermalarda ishlashgan.
XX asr boshlariga kelib, ko‘pgina fermer shtatlarida davlat maktablari mutasaddilari o‘quv yilini uzaytirib, agrar tumanlarni shahar tumanlariga moslashtirish uchun yozgi ta’tilni joriy qilishdi».
O‘zbekistondagi joriy sharoitdan kelib chiqib, ta’tilni qishga alishtirish mumkinmi?
«Bugungi kunda issiqdan ko‘ra sovuq ob-havo o‘quv tarbiya ishlarini qiyinlashtiryapti. Elektr va isitish tizimidagi qiyinchiliklar bolalarimizning dars jarayonlariga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Aksariyat maktablarimizning isitish tizimi elektr bilan ishlashi sababli tizimdagi uzilishlar oqibatida maktablarimiz sovuq. O‘quvchilar dars qoldirishmoqda yoki borayotganlari ham shamollab qolmoqda.
Demak, ta’tillarni qayta ko‘rib chiqish kerak va o‘qish uchun eng qulay vaqtlarni aniqlab olish lozim. Balki kuzgi va bahorgi ta’tillarni ham qishda berish kerakdir. An’anaviylikdan qochgan holda o‘quv yili 20 avgustdan boshlansa va kuzgi ta’til va bahorgi ta’til hisobidan qishning eng ayozli bir oyiga ta’til berish to‘g‘risida o‘ylab ko‘rish kerak.
Yozgi ta’til joyida qolaveradi, chunki issiq ob-havo o‘quvchilarni lohas qiladi va bilimni qabul qilish darajasi pasayadi va o‘qituvchilarning bergan bilimi zoye ketadi», deydi oliy toifali ingliz tili o‘qituvchisi Shoira Bozorova.
Issiq havo o‘quvchini lohas qilish bilan birgalikda, miya faoliyatiga ham ta’sir qiladi. Gap shundaki, havo harorati ko‘tarilishi bilan kognitiv samaradorlik pasayadi. Kognitiv samaradorlik bu – miyamiz qanchalik yaxshi ishlashining o‘lchovidir. Bunga e’tibor, xotira, reaksiya vaqti, muammolarni hal qilish qobiliyati va boshqalar kiradi.
«Tselsiy bo‘yicha 30 daraja issiq haroratda ko‘p aqliy kuch talab qiladigan har qanday vazifani bajarish ancha qiyin bo‘la boshlaydi.
Miyaning axborotni qabul qilishi cheklanmagan. U barcha axborotni cheksiz qabul qila oladi. Ammo ichki va tashqi omillar sabab bu jarayon sustlashishi mumkin.
Jumladan, issiq havoda organizmning energiya almashinuv jarayoni tez kechadi. Natijada kislorod bosimi kamayib va miya ozuqasi bo‘lgan kislorod yetishmay qoladi. Miya axborotni qabul qilmay qo‘yadi. Odamda uyquchanlik kuchayadi. Miya yaxshi ishlashi uchun mo‘’tadil harorat bo‘lgani maqsadga muvofiq», – deydi tibbiyot fanlari doktori, nevropatolog Zohidjon Ismoilov.
Deyarli har qanday ish kognitiv komponentga ega, shuning uchun ochiq havoda yoki konditsionersiz xonalarda o‘quvchi o‘zlashtirish samaradorligi tushib ketadi. Shuningdek, bu o‘qituvchining ish unumdorligiga ham ta’sir qiladi.
Charos Mannonova, jurnalist
Mavzuga oid
18:53 / 18.04.2023
«Achinarli va uyatli» - vazir Surxondaryoda ayol o‘qituvchilar kaltaklanishi haqida
15:26 / 17.04.2023
Makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti va Biznes oliy maktabi tuzilmalari tasdiqlandi
15:51 / 14.04.2023
Bektemirdagi maktabda o‘quvchi o‘zini 3-qavatdan pastga tashladi
17:16 / 12.04.2023