O‘zbekiston | 15:26 / 23.04.2016
6033
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Milliy Barqaror rivojlanish dasturi ishlab chiqiladi

O‘zbekiston Mehnat vazirligida BMTning Barqaror rivojlanish dasturini hayotga tatbiq etish usullarini ishlab chiqish guruhi va BMTning O‘zbekiston respublikasi taraqqiyotiga ko‘mak berish bo‘yicha 2016-2020 yillarga mo‘ljallangan dasturi doirasida tashkil etilgan guruhning amaliy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda, Respublika barcha vazirlik va tashkilotlari, BMTning YUNISEF bolalar jamg‘armasi, BMT taraqqiyot dasturi, YuNFPA xalq jamg‘armasi, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Xalqaro mehnat tashkiloti vakillari ishtirok etishdi.

Respublika Mehnat vaziri A. Abduhakimovning aytishicha, 2015 yil sentabr oyida BMTga a'zo davlatlar, shu jumladan O‘zbekiston tomonidan 2030 yilgacha barqaror rivojlanish dasturining Kun tartibi qabul qilingan edi. U 17 ta global maqsad va 169 ta vazifani o‘z ichiga oladi.

22 aprel kuni bo‘lib o‘tgan majlis ishtirokchilari Vazirlar mahkamasining 2016 yil 15 fevraldagi farmoyishiga asosan tashkil etilgan "Ijtimoiy himoya" ishchi guruhi a'zolaridir. Ushbu guruh, global Barqaror rivojlanish dasturlari asosida milliy barqaror rivojlanish maqsadlari, iqtisodiy taraqqiyot hamda farovonlik sohasida vazifalarni ishlab chiqishi lozim.

Keng muhokamalardan so‘ng, yig‘ilish ishtirokchilari guruh zimmasiga yuklatilgan vazifalarni hayotga tatbiq etish va maslahatlashuvlar jarayonini samarali tashkil etish maqsadida davlat strategiyalari va sohalar bo‘yicha dasturlarini keng ko‘rib chiqishga kelishib olishdi.

Bundan tashqari, ular, tahliliy hujjat va hisobotlarni
o‘rganish, joriy strategiyalar, dastur va tahliliy hujjatlarda mavjud bo‘lmagan global maqsad va vazifalar yuzasidan qo‘shimcha ma'lumotlar to‘plab, ular borasida tahliliy ishlarni olib borish, shuningdek, amalga oshirilgan ishlar natijasida Barqaror rivojlanish milliy maqsad va vazifalarini ishlab chiqib, muvofiqlashtiruvchi Kengash muhokamasiga kiritishlari kerak bo‘ladi.

Yig‘ilish yakunida davlat tashkilotlari tomonidan guruh Bosh kotibi saylab olindi.