16:33 / 12.04.2021
5537

Toshkentda «Toza havo» tadbiri boshlandi. Poytaxtga kirib kelayotgan mashinalardan chiqayotgan zararli gaz miqdori tekshirilmoqda

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hamda Ichki ishlar vazirligining tasdiqlangan qo‘shma ko‘rsatmasiga asosan, Toshkent shahrida 10 apreldan 10 mayga qadar "Toza havo" tadbirining birinchi bosqichi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. 

Foto: Kun.uz / arxiv

Toshkent shahar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ayni damda poytaxt hududiga kirib keluvchi 6ta, ya'ni "Erkin", "A.Turbanov", "Sharq", "Bektemir", "Keles" va "Uch qahramon" yo‘l-patrul xizmati maskanlarida ishlar olib borilmoqda. 

Qayd etilishicha, davlat inspektorlari yo‘l-patrul xizmati xodimlari bilan birgalikda poytaxtga kirib keluvchi hamda chiqib ketuvchi avtotransport vositalaridan atmosfera havosiga chiqarilayotgan zararli gazlar miqdorini muntazam ravishda tekshirib bormoqda. 

Bir oy mobaynida davom etadigan mazkur tadbirda qaysi avtotransport vositasida zararli gazlar miqdori belgilangan me'yor darajasidan yuqoriligi aniqlansa, haydovchisiga nisbatan qonunda belgilangan tartibda chora ko‘rilishi aytilgan.

Ma'lum qilinishicha, Toshkent shahriga 6ta yo‘l-patrul xizmati maskanlaridan bir kunda 100 mingdan ortiqroq avtotransport vositalari kirib chiqadi. Ayni damda barcha avtotransport vositalari maxsus qurilmalar yordamida nazoratdan o‘tkazilmoqda. 

Top