Jahon | 15:39 / 15.06.2025
14839
8 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston deportatsiya boshlaydi, Turkmaniston AQShdan xafa, To‘qayev vazirlarini haydadi

Yakuniga yetgan haftada Qozog‘iston prezidenti mudofaa va transport vazirlarini ishdan oldi. Qirg‘iziston parlamenti esa o‘zboshimchalik bilan egallangan yerlarni hujjatlashtirishga rozi bo‘ldi. MXX esa mamlakatda deportatsiya boshlamoqchi. Turkmaniston viza cheklovlari sabab AQShdan xafa bo‘lib, bayonot berdi. Tojikistonda rus uyining yangi ofisi ochildi. Afg‘oniston delegatsiyasini O‘zbekiston prezidenti qabul qildi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Turkmaniston AQShning viza cheklovlaridan norozi

Turkmaniston AQShning viza cheklovidan xafa bo‘ldi. AQSh yaqinda turli davlatlar qatorida Markaziy Osiyodan faqat Turkmaniston fuqarolari uchun viza berishni qiyinlashtirishini ma’lum qilgandi. Ro‘yxatda mintaqaning qo‘shnisi Afg‘oniston ham bor. Turkmaniston rahbariyati bundan xafa bo‘lib, o‘z xavotirini oshkora e’lon qildi. Xalqaro munosabatlarda betaraflik tamoyilini mahkam ushlagan Turkmaniston pasporti jozibador emas, sababi avvalo bu davlatga kirish doimiy nazoratda.

4 iyun kuni AQSh prezidenti Donald Tramp 19 ta mamlakat fuqarolariga nisbatan kirish cheklovlarini qamrab olgan farmonni imzoladi. Unga ko‘ra, 12 mamlakat (jumladan, Eron, Afg‘oniston va boshqalar) fuqarolariga AQShga kirish to‘liq taqiqlanib, yana 7 mamlakat fuqarolariga – shu jumladan, Turkmaniston fuqarolariga – qisman cheklovlar joriy etildi. Bu qaror dunyo hamjamiyatida qizg‘in muhokamaga sabab bo‘ldi. 10 iyun kuni Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi ushbu masalada bayonot berib, Turkmanistonning “qisman taqiq” ro‘yxatiga kiritilganini “turkman tomoni uchun juda tushunarsiz va tashvishli hol” deb atadi. Bayonotda Turkmaniston o‘z neytral maqomi va xorijiy davlatlar bilan viza rejimi masalalarida hamkorlik qilayotganini eslatib, odatda bunday cheklovlar fuqarolar jiddiy huquqbuzarlik sodir etgan taqdirdagina qo‘llanishini eslatdi. Shuningdek, turkman fuqarolari xorijga, shu jumladan, AQShga safarlarida doimo qonunga itoatkorligi bilan ajralib turishini qo‘shimcha qildi. Turkman TIV AQSh qarorini “shoshilinch qadam” deb atab, uning qayta ko‘rib chiqilishiga umid bildirdi. Turkmanistonning bu murojaati betaraf davlatning o‘z fuqarolari huquqlarini himoya qilish va AQSh bilan o‘zaro hurmatga asoslangan muloqot istagini ifoda etgan.

To‘qayev ikki vazirni ishdan oldi

Qozog‘istonda prezident To‘qayev shu hafta komandasi a’zolarini o‘zgartirdi. 8 iyun kuni hukumat tarkibida matbuotga ko‘ra kutilmagan kadrlar o‘zgarishi amalga oshdi: u mudofaa vaziri Ruslan Jaqsylyqovni va transport vaziri Marat Qarabayevni lavozimidan ozod etdi. Mudofaa vaziri lavozimiga Jaqsylyqovning o‘rinbosari, Havo mudofaasi kuchlari qo‘mondoni Dauren Qosanov tayinlandi. Prezident To‘qayev yangi tayinlangan vazir bilan uchrashib, unga bir qator topshiriqlar berdi: armiyaning jangovar shayligini oshirish, maxsus operatsiya kuchlarining imkoniyatlarini kengaytirish va harbiy infratuzilmani modernizatsiya qilishni tezlashtirish kabi vazifalarni qo‘ydi.

Matbuotga ko‘ra, qator voqealar, shuningdek, 2022 yil yanvar voqealari saboqlari asosida Qozog‘iston rahbariyati armiya islohotlarini jadallashtirishga kirishgan. Jaqsylyqov 2022 yil yanvar oyida sodir bo‘lgan ommaviy tartibsizliklardan so‘ng Milliy gvardiya qo‘mondonligidan mudofaa vazirligiga olib kelingan edi, u paytda mamlakatda yoqilg‘i narxlarining oshishi ortidan tartibsizliklar kelib chiqqan va Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti tinchlikparvar kuchlari jalb etilgan edi. Endi esa vazirning lavozimdan olinishi rasman izohlanmagan bo‘lsa-da, tahlilchilar bu qarorni mudofaa sohasida intizomni mustahkamlash va islohotlarni tezlatish harakatining bir qismi sifatida ko‘rmoqda.

Prezident To‘qayev shuningdek, may oyida ishida kamchiliklar uchun tanqid qilgan transport vaziri Qarabayevni ham lavozimidan bo‘shatdi. Transport sohasidagi mazkur tanqid – temiryo‘l va infratuzilma loyihalarining kechikishi, aviatsiyadagi muammolar bilan bog‘liq edi. Hozircha yangi transport vaziri nomi e’lon qilinmagan. Bu o‘zgarishlar To‘qayev hukumatidagi mas’ul shaxslar faoliyatini shaxsan nazorat qilishini va islohotlarni ortga surgan mansabdorlarga nisbatan zudlik bilan chora ko‘rayotganini anglatadi.

Qirg‘iziston yerlarga amnistiya berdi

Qirg‘iziston ham yerlarga amnistiya berdi. 13 iyun kuni Bishkek shahar hokimiyati mazkur dastur bo‘yicha 8,130 ta murojaatni qanoatlantirib, o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalarini qonuniylashtirishga ruxsat berdi. Bu bilan yillar davomida hujjatlashtirilmagan holda yashab kelgan minglab oilalar o‘z uy-joyiga mulk huquqini rasmiy tarzda olmoqda.

Prezident Japarov bu “yer amnistiyasi”ni ijtimoiy adolatni ta’minlash yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholab, shahar atrofidagi kichik yer uchastkalarini bo‘lib berish orqali uy-joysiz qolgan aholini ta’minlash maqsadida amalga oshirilganini ta’kidlagan edi. Amnistiya dasturining birinchi bosqichida 4 mingga yaqin oilaga hujjatlar berilgan bo‘lsa, 2025 yil iyuniga kelib bu ko‘rsatkich 8 mingdan oshdi. Bu aholi bilan davlat o‘rtasidagi ijtimoiy kelishuvni mustahkamlab, prezident ma’muriyatining xalq manfaatiga sodiqligini namoyon etmoqda, deb yozdi qirg‘iz nashrlari.

 

Qirg‘izistonda ham muxolifat faoliyati hozirda sezilarli darajada past kuchga ega, aksar muxolifat vakillari 2021 yilgi konstitutsiyaviy o‘zgarishlardan keyin ijtimoiy tarmoqlar orqali fikr bildirish bilan cheklanmoqda. Iyun oyida ahamiyatli muxolif harakatlar kuzatilmadi. Biroq 12 iyun kuni sobiq prezident Roza Otunbayeva o‘z intervyusida hukumatni islohotlarni kechiktirayotgani uchun tanqid qildi. Prezident Japarov ma’muriyati bu tanqidlarga ochiq javob bermagan, lekin rasmiy bayonotlarda “sabotajchi va ig‘vogarlarga” chidamasligi aytilgandi.

11 iyun kuni Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Kamchibek Tashiyev ko‘rsatmasiga binoan mamlakat bo‘ylab “Illegal-2025” nomli maxsus amaliyot boshlangani e’lon qilindi. Bu tadbirning maqsadi Qirg‘iziston hududida noqonuniy yashab kelayotgan xorijiy fuqarolarni aniqlash va deportatsiya qilish. Qo‘mita matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, hibsga olingan noqonuniy migrantlar soni bir necha kun ichida ming nafarga yaqinlashgan, ularning ko‘pchiligi Markaziy Osiyo davlatlari hamda Janubiy Osiyodan kelgan shaxslardir. Maxsus xizmat ularning ayrimlari uyushgan guruhlar tarkibida yashirin mehnat faoliyati bilan shug‘ullanib kelganini aniqladi. Masalan, Bishkekdagi qurilish obektlarida 46 nafar xorijiy fuqaro noqonuniy ishlayotgani fosh etildi. Shu bilan birga, 10 iyun kuni kuchga kirgan migratsiya qonunchiligidagi o‘zgartishlarga muvofiq, Qirg‘izistonda yangi tartib joriy etildi: xorijiy fuqarolar 1 oy ichida ro‘yxatdan o‘tmasa yoki vizasiz belgilangan muddatdan oshib qolsa, ularni tezkor deportatsiya qilish va 5 yilgacha mamlakatga kirishini taqiqlash ko‘zda tutilgan.

Dushanbeda yangi rus uyi

12 iyun kuni Rossiyaning Rossotrudnichestvo agentligi rahbari Yevgeniy Primakov Dushanbega kelib, Ruskiy Dom madaniy markazining yangi binosini ochdi va matbuotga intervyu berdi. Uning aytishicha, mart oyida Dushanbe markazida zamonaviy Ruskiy Dom faoliyat boshlagan va hozirda mamlakat bo‘ylab 6 ta resurs markazi orqali rossiyalik o‘qituvchilar bolalarga robototexnika va texnik to‘garaklardan saboq bermoqda. Rossotrudnichestvo shuningdek, Tojikiston yoshlari uchun Rossiyaga o‘qishga ajratiladigan kvotalarni 1000 taga yetkazgani, bu ko‘rsatkich Belorusdan keyingi ikkinchi o‘rin ekanini ta’kidladi.

Mavzuga oid

E`lonlar