Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistondagi talabalar uchun Buyuk Britaniyada magistraturani bepul o‘qish imkoniyati mavjud
Foto: Varclays.com
Zamonaviy hamda sifatli ta’lim tizimi bilan dunyoga mashhur Buyuk Britaniya universitetlarida 2015/16 o‘quv mavsumida 2,28 million talaba o‘qigan bo‘lib, Oksford va Kembrij kabi nomdor dorilfununlarga vatan bo‘lgan yurtda 2016 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalarida 201,380 nafar akademik, 208,750 nafar oddiy xodimlar faoliyat olib borgan.
Ayni vaqtda sizda magistratura bosqichini bepul, barcha xarajatlari (avia chipta va tashkiliy ishlar) qoplangan holda, har oy stipendiya qabul qilib, Buyuk Britaniyaning eng nufuzli universitetlaridan birida o‘qish imkoniyati mavjud. Bu Chevening dasturi bo‘lib, ilk bor 1984 yil Buyuk Britaniya Hamdo‘stlik va tashqi ishlar vazirligi tomonidan amaliyotga kiritilgan. 1994 yildan boshlab dastur bo‘yicha o‘zbekistonlik 200 nafarga yaqin talabalar Buyuk Britaniyada magistratura bosqichida ta’lim olgan.
Chevening dasturida g‘olib bo‘lish uchun nomzod bakalavr diplomiga ega bo‘lishi hamda eng kamida 2800 soat ish tajribasiga ega bo‘lishi lozim. Nomzodning ish tajribasiga talabalik davrida o‘tkazgan amaliyot mashg‘ulotlari, ko‘ngillilar safida yollanib, ishlagan soatlar hamda rasmiy hujjatlarda yuritilmagan ish faoliyati ham kiradi. Bunda tavsiyanoma asosida ish tajribasi haqiqatan yetuk ekani tasdiqlanishi so‘raladi. Shuningdek, xorijiy til, ya’ni ingliz tilini bilish darajasi to‘g‘risida IELTS sertifikati ko‘rsatilishi shart. Agarda nomzod sertifikatga ega bo‘lmasa yoki qayta topshirishni rejalashtirgan bo‘lsa, u holda 2018 yilning 12 iyul kuniga qadar sertifikat taqdim etilishi shart.
Chevening dasturi aynan bir universitet uchun grantlarni taklif qilmaydi, shuning uchun har bir nomzod dasturda qatnashish uchun hujjat topshirish bilan birga Buyuk Britaniyadagi oliy ta’lim muassasalaridan biriga kirishga ham mas’ul sanaladi. Masalan, kuz mavsumida Chevening uchun hujjat tayyorlagan har bir nomzod, mustaqil ravishda magistratura uchun ham universitetga hujjat topshirishi kerak. Bunda nomzod o‘z tanlovining Chevening arizasida ko‘rsatib o‘tadi. Universitet qabul kommissiyasi tomonidan belgilangan to‘lovlar dastur tomonidan qoplanmaydi (Bu 80 funt-sterlinggacha bo‘lgan to‘lovni o‘z ichiga oladi).
Chevening'da ishtirok etish joriy yilning 7 avgustidan 7 noyabrigacha chevening.org sayti orqali onlayn arizalar to‘ldiriladi. Akademik salohiyat va nomzodlarni mintaqaviy tanlab olish mezonlariga ko‘ra, yanvar oyida kengaytirilgan nomzodlar ro‘yxati shakllantiriladi. Bunda hech qaysi nomzodga jinsi, irqi, kelib chiqishi va jismoniy imkoniyatlaridan kelib chiqib ustunlik berilmaydi.
Keyingi bosqichda esa Buyuk Britaniyaning Toshkentdagi elchixonasi tomonidan nomzodlar to‘ldirgan ariza asosida tanlov o‘tkaziladi. Elchixona vakillari nomzodning yetakchiligi, jamoatchilik bilan ishlash, Buyuk Britaniyada o‘qish sharoitlariga moslashuvchanligiga hamda kelgusi rejalari bayon etilgan qisqa insholarni o‘rganib chiqqach, qisqartirilgan nomzodlar ro‘yxatini e’lon qiladi. So‘ngra, mart-may oylarida so‘nggi bosqichga yetib kelgan nomzodlar elchixona vakillari bilan suhbatga shaxsan chaqirtiriladi. Bu orada nomzod Buyuk Britaniyadagi biror universitetning magistratura bo‘limi tomonidan qabul taklifini qo‘lga kiritgan bo‘lishi lozim.
Qabul taklifi bilan talaba hech qanday chiqimlar qilmaydi, dastlabki, talabaning depozit summasi hamda o‘quv muassasa talab qilgan to‘lovlar dastur tomonidan qabul qilinadi. Chevening bo‘yicha o‘qishni boshlagan magistrantga har oy yotoqxona va oziq-ovqat, maishiy chiqimlari uchun stipendiya ham berib boriladi. Magistraturani tamomlab, g‘olibning O‘zbekistonga qaytishi hamda kamida ikki yil o‘z yurtida bo‘lishi so‘raladi.
Kun.uz muxbiri ana shunday Chevening dasturi bo‘yicha 2015-2016 o‘quv yilida London shahrining King's College universitetida tahsil olgan Nodir Sidikovning dasturdan so‘ng taassurotlarini bilish maqsadida u bilan bog‘landi.
«Dastur davomida bir qancha tajribaga ega bo‘ldim, jumladan kompyuter dasturlash sohasi bo‘yicha ta’lim olishdan tashqari mamlakat tarixi, madaniyati va mahalliy xalqning qadriyatlari bilan yaqindan tanishdim. Yana bir muhim jihati shundaki, o‘z ta’lim yo‘nalishim bo‘yicha London shahridagi iDealing kompaniyasida malaka oshirishga muvaffaq bo‘ldim. O‘zbekistonga kelganimda ishga joylashishda men bilan muammo bo‘lmadi. Hozirgi kunda Toshkent shahrida, Site Labs MChJda faoliyat yuritmoqdaman. Orttirilgan bilimlar bilan ishxonada kasbdosh bilan ham o‘rtoqlashaman, natijada bir men emas, atrofimdagilar ham manfaat ko‘rmoqda», deydi u.
Har bir ilmga, O‘zbekiston rivojiga hissa qo‘shishni o‘ylab yurgan yoshlar, albatta yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanishi lozim. Xalqaro tajriba hamda bilim milliy rivojlanish yo‘limizni ravon qurib borishda asqotadi.