Bir qarich yerning ham qadriga yetish degan tushuncha qog‘ozda qolib ketmasin
Mustaqillikning dastlabki yillaridanoq mamlakatimizda agrar sohani rivojlantirishga e'tibor qaratildi. Qishloq xo‘jaligida islohotlar amalga oshirilib, xo‘jalik yuritishning zamonaviy shakllari paydo bo‘ldi. Ayniqsa, xususiy mulkchilik shaklidagi fermer xo‘jaliklarining tashkil etilganligi soha rivojida muhim ahamiyat kasb etdi.
Dunyo aholisi tezlik bilan o‘sayotgan, oziq-ovqat va qishloq xo‘jalik mahsulotlariga ehtiyoj ortib borayotgan hozirgi sharoitda xalqimizni qishloq xo‘jalik mahsulotlari bilan ta'minlash, agrar sohadagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish, oziq-ovqat xavfsizligiga alohida ahamiyat berish joiz.
Bu boradagi eng ustuvor vazifa – sifatli mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish, yerdan unumli foydalanishdir. Buning uchun birinchi navbatda yerning haqiqiy egalarini topish, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini sotish, saqlash, qayta ishlash, eksportga yo‘naltirish, ularni mablag‘ bilan ta'minlash kabi kompleks masalalarni hal etish kerak bo‘ladi.
Shu bilan birga, 2017 yil 9 oktyabrda qabul qilingan “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlaridan samarali foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoni tizimda jiddiy o‘zgarishlar qilishga turtki berdi. Shundan so‘ng paxta-g‘alla ekishdan tashqari, chorvachilik, bog‘dorchilik, intensiv bog‘ yaratishga e'tibor ortdi.
Fermer xo‘jaligimizning jami yer maydoni 127,7 gektar. Joriy yilda 30 gektar maydonda bug‘doy yetishtirib, gektaridan 65 sentnerdan ortiq hosil olishga erishdik. 60 gektar maydonga chigit qadaldi, ayni kunlarda yetishtirilgan hosilni yig‘ishtirib olish ishlari boshlangan.
Bundan tashqari, chorvachilikni rivojlantirish maqsadida 27 gektar yer maydonda 157 bosh yirik shoxli va 160 bosh mayda shoxli chorva mollari boqilmoqda. 15 gektar maydonda intensiv usulida bog‘ va uzumzor tashkil qildik. Xo‘jaligimizda ish samaradorligini oshirish uchun xorijdan yuqori unumdorlikni ta'minlovchi texnikalar olib kelganmiz.
Fermer xo‘jaligimizda hozirgi kunda 18 kishi doimiy ish bilan band va ularning ro‘zg‘ori ham shu yer ortidan to‘kin bo‘lmoqda.
Nima demoqchiman, zamon o‘zgaryapti. Yon-atrofimizda odamlarning tadbirli, ishbilarmon bo‘lib borayotganini ko‘rib bilib turibmiz. Shular qatorida dehqonchilik, qishloq xo‘jaligiga ham yangicha yondashuv talab etiladi. Bir qarich yerning ham qadriga yetish degan tushuncha qog‘ozda qolib ketmasagina ishimizda unum, samara bo‘ladi. Biz aynan mana shu qoidaga amal qilib ishlashga harakat qilyapmiz.
Baxshillo Qo‘ldoshev,
Jondor tumanidagi “Shavkat 2000” fermer xo‘jaligi rahbari Ⓣ
Mavzuga oid
21:20 / 19.11.2024
Qishloq xo‘jaligi kooperativlari haqidagi uzoq kutilgan qonun imzolandi. Sohada nima o‘zgaradi?
16:04 / 01.11.2024
Boyovut hokimi Dilfuza Uralova fermerni haqoratlab, IIBga uni qamab qo‘yishni buyurdi
10:38 / 13.10.2024
Farg‘onada kredit ajratish evaziga fermerdan pul olgan bank filiali menejeri aniqlandi
13:41 / 02.10.2024