Jahon | 16:46 / 06.11.2025
10200
4 daqiqa o‘qiladi

Meksikada mast kishi ko‘chada prezidentni o‘pmoqchi bo‘ldi

U boshqa ayollarga tegajog‘lik qilishda gumonlanib hibsga olingan.

Foto: Carlos Santiago / Alto Press / ZUMA Press / Scanpix / LETA

Mexikoda o‘tkinchi fuqaro mamlakat prezidenti Klaudiya Sheynbaumni uning roziligisiz quchoqlab, o‘pishga harakat qildi. Bu hodisa 4 noyabr kuni shaharning tarixiy qismida, Sheynbaum prezidentlik saroyi atrofidagi tadbirga ketayotganida ro‘y bergan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda mahalliy aholi vakillari uni birgalikda selfiga tushish uchun to‘xtatgani, shunda unga ortdan noma’lum shaxs yaqinlashib, yelkasidan quchoqlagani, uni o‘pishga va tanasining boshqa qismlariga teginishga harakat qilganini ko‘rish mumkin. Prezident uning qo‘llarini olib tashlagan va o‘zini chetga olgan, shundan so‘ng davlat rahbari qo‘riqchisi vaziyatga aralashgan.

Keyingi kuni Sheynbaum o‘ziga tegajog‘lik qilgan erkak ustidan shikoyat qilganini aytdi. Matbuot anjumanida u bu shaxsning harakatlarini nafaqat prezident, balki ayol sifatida ham qoralashini ta’kidlagan.

«Men shikoyat qilishga qaror qildim, chunki mamlakatimizdagi barcha ayollar bunday holatga duch kelishadi. Agar ular prezidentga nisbatan shunday qilishsa, qolgan ayollarning taqdiri nima bo‘ladi?» – deydi u.

Prezident, shuningdek, Meksikadagi Reforma gazetasini hodisa tasvirlarini tarqatgani uchun tanqid qildi. Sheynbaum 2024 yil oktyabr oyida prezidentlik lavozimiga kirishganidan so‘ng tashkil etilgan Xotin-qizlar masalalari kotibiyati ham sodir bo‘lgan voqea haqida bayonot berdi – jumladan, nafaqat zo‘ravonlik fakti, balki bu holat ommaviy axborot vositalarida yoritilishi ham qoralandi.

Zo‘ravonlik holatlari haqida xabar berish va unga qarshi kurashishga chaqiruvchi idora OAVdan bunday holatlardan zo‘ravonlikni boshdan kechirgan ayollarni «qayta qurbon qilish» uchun foydalanmaslikni so‘ragan. Rasmiylar «ayollar, qizlar va o‘smirlar daxlsizligiga tahdid soluvchi kontentni namoyish qilmaslik»ni tavsiya qilgan.

5 noyabr kuni Mexiko shahri fuqarolik xavfsizligi kotibiyati prezidentga tegajog‘lik qilgan 33 yoshli erkak shaharda yana ikki ayolga tegajog‘lik qilganlikda gumonlanib hibsga olingani haqida ma’lum qildi. O Globo va El Universal nashrlari ma’lumotiga ko‘ra, uning ismi Uriel Rivera bo‘lib, u o‘sha kuni alkogol yoki giyohvand moddalar ta’sirida bo‘lgan.

Klaudiya Sheynbaum – Meksika tarixidagi ilk ayol prezident. Unga qilingan bezorilik mamlakatda ayollarga nisbatan zo‘ravonlik masalasini yana kun tartibiga olib chiqdi, deya qayd etadi Reuters agentligi. Avvalroq feminist faollar Sheynbaumning o‘zini ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashda yetarlicha harakat qilmayotgani uchun tanqid qilgan edi. Boshqa narsalar qatorida, ular zo‘ravonlikda ayblanayotganlarni jinoiy javobgarlikka tortish va femitsid (ayollarga nisbatan nafrat tufayli qotillik) holatlarini tergov qilishning samarasizligini ta’kidlashgandi.

Hukumatning rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilning o‘zida Meksikada 821 nafar ayol nafrat jinoyati qurboni bo‘lishgan. 2025 yil sentabr holatiga ko‘ra hukumat allaqachon 501 ta femitsid holatini ro‘yxatga olgan. Shu bilan birga, huquq faollari bu raqamlar ancha pasaytirib ko‘rsatilganini aytishadi.

Bundan tashqari, Sheynbaum bilan bog‘liq voqea prezident xavfsizlik xizmati borasida savollar tug‘dirdi. Meksika rahbari tez-tez omma orasida paydo bo‘ladi, lekin uning qo‘riqchilari soni minimal miqdorda bo‘ladi. Sheynbaum hech narsani o‘zgartirishni rejalashtirmayotganini aytib, amaldorlar «xalqqa yaqinroq bo‘lishi kerakligi»ni ta’kidladi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid