Jamiyat | 15:39 / 29.03.2017
55027
15 daqiqa o‘qiladi

1 aprel – “Hazil kuni”. Asl haqiqat nimada?

Alloh taologa beadad hamdu sanolarimiz, Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga esa behisob salavotu durudlarimiz bo‘lsin.

Mana, milodiy sana bo‘yicha aprel oyi ham yaqinlashib kelyapti. Odatda har bir yilning, har bir oyning boshlanishida ommaviy axborot vositalarida, ayniqsa, internet sahifalarida mazkur yil, oy va kunlarga xos bo‘lgan xabarlar, qiziqarli ma'lumotlar yoki nishonlanadigan bayramlar haqida maqolalar beriladi. Jumladan, aprel oyi yaqinlashayotgani sababli internet sahifalarida ham 1 aprel kuniga tegishli ba'zi ma'lumotlar berila boshlandi. Bu ma'lumotlar yangilikka o‘ch bo‘lgan har qanday odamning e'tiborini o‘ziga tortmay qo‘ymaydi. Shu jumladan, mening ham etiborimni tortdi. Natijada 1 aprelga tegishli ma'lumotlarni turli internet sahifalaridan qidirib, topib o‘qib ko‘rdim.

Bu ma'lumotlarning saviyasi har xil. Ba'zilari ilmiy ma'lumotlarga asoslangan, ba'zilarini esa oddiy havaskorlar yozgan. Yana ba'zilari oldi-qochdi, safsata gaplar. Lekin eng asosiysi, mazkur ma'lumotlarning hech birida 1 aprel kuni haqida insoniylik, ma'naviyat, ilm-ma'rifat, axloq-odob, dinu diyonatga mos keladigan birorta ijobiy tushuncha yo‘q. Balki barchasi boshidan oxirigacha bayram bahona qandaydir ko‘ngilhushlik bilan shug‘ullanish. Demak ularning maqsadlari bitta – u ham bo‘lsa, har qanday yo‘l va uslub bilan kimnidir aldash, kuldirish, mazax qilish, masxaralash, tashvishga qo‘yish, qo‘rqitish, cho‘chitish, asabini buzishdir. Bularning natijasida qandaydir fojialar kelib chiqishi ham mumkin, ammo ular bunga e'tibor bermaydilar. Balki 1 aprel hazil kuni degan bahona bilan o‘zlarining kirdikorliklarini yashiradilar.

1 aprel kunini bayram sifatida nishonlashning tarixi, kelib chiqishi haqidagi ma'lumotlar ham turli tuman. Birida «ommaviy qirg‘in, bir din vakillarini qatliom qilish kuni» deyilgan bo‘lsa, boshqasida Yevropadagi ba'zi imperatorlarning ko‘r-ko‘rona qilgan ishlari va tadbirlarini yashirish maqsadida 1 aprelga asos solinganligi va bu milodiy 16-asrdan boshlanganligi aytiladi.

Hozirgi kunda 1 aprelning qanday kun deb atalishi to‘g‘risidagi internet sahifalarida berilgan ba'zi ma'lumotlardan iqtibos keltiramiz:

  • «Hozir Yevropada nishonlanayotgan birinchi aprel kuni odamlarning bir-birini aldashidan boshlangan»
  • «1 aprel – aldash va laqillatish kuni munosabati bilan tanlov e'lon qilaman»
  • «1 aprel kuni dunyoning bir qator mamlakatlarida Kulgi kuni, Hazil kuni, Aldash kuni nishonlanadi. Shu kuni yaqin do‘stlar bir-biri bilan hazillashadilar».
  • «1 aprel kuni bir marta bo‘lsa ham jilmayib qo‘ymaydigan odam topilmasa kerak. Birinchi aprel bir-biriga haddi sig‘adigan, qalbi pok insonlarning bayrami»
  • «1 aprel – ahmoqlar kuni».

  Mazkur iqtiboslardan ko‘rinib turibdiki, bu kunning qandaydir nom bilan atalishi yoki bayram qilinishida hech qanday xayriyat yo‘q. Chunki bu kunda shariatimizda man etilgan bir qancha ma'naviy va moddiy jinoyatlar sodir etiladi, ammo mazkur jinoyatlar hazil, kulgi niqobi ostida amalga oshiriladi. Shuning uchun ham mazkur jinoyatlarni sodir etayotganlar ham, bundan jabr ko‘rayotganlar ham go‘yoki bir-biridan xafa bo‘lmaydi.

Lekin inson gunohkor bo‘lishi uchun birovni xafa qilishi shart emas, balki shariat gunoh deb baholagan ishni qilishning o‘zi kifoya qiladi. Keling, mazkur qo‘shtirnoq ichidagi «bayram» kunida qanday gunohlar sodir etilishini o‘rganib chiqaylik.

1. Avvalo, bu «bayram»ning nomidanoq ko‘rinib turibdiki, 1 aprel – aldash kuni. Aldash – yolg‘onchilik, kazzoblik, firibgarlik degan ma'nolarni o‘z ichiga oladi. Yolg‘on esa shariatimizda qat'iy harom qilingan. Uning harom ekani oyatlarda, hadisi shariflarda o‘z ifodasini topgan.

إِنَّمَا يَفۡتَرِي ٱلۡكَذِبَ ٱلَّذِينَ لَا يُؤۡمِنُونَ بِ‍َٔايَٰتِ ٱللَّهِۖ وَأُوْلَٰٓئِكَ هُمُ ٱلۡكَٰذِبُونَ ١٠٥

«Yolg‘onni faqat Allohning oyatlariga iymon keltirmaydiganlargina to‘qirlar. Ana o‘shalar – yolg‘onchilardir» (Nahl surasi, 105-oyat).

Allohning oyatlariga iymon keltiradiganlar mo‘min-musulmonlardir. Ular hech qachon yolg‘on gapirmaydilar. Yolg‘on to‘qish esa Allohning oyatlariga iymon keltirmaydiganlarning eng yorqin alomatlaridan biridir.

عَنْ صَفْوَانَ بْنِ سُلَيْمٍ، أَنَّهُ قَالَ : قِيلَ لِرَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : أَيَكُونُ الْمُؤْمِنُ جَبَاناً ؟ فَقَالَ :" نَعَمْ". فَقِيلَ لَهُ : أَيَكُونُ الْمُؤْمِنُ بَخِيلاً ؟ فَقَالَ: " نَعَمْ". فَقِيلَ لَهُ : أَيَكُونُ الْمُؤْمِنُ كَذَّاباً ؟ فَقَالَ : "لاَ". رَوَاهُ مَالِكٌ

 Safvon ibn Sulaym roziyallohu anhu aytadilar:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan «Mo‘min odam qo‘rqoq bo‘lishi mumkinmi?» deb so‘rashdi. «Ha», dedilar. «Mo‘min odam baxil bo‘lishi mumkinmi?» deb so‘rashdi. «Ha», dedilar. «Mo‘min odam yolg‘onchi bo‘lishi mumkinmi?» deb so‘rashgan edi, «Yo‘q!» dedilar».

Imom Molik rivoyat qilgan.

Ushbu hadisi sharif yuqoridagi oyati karimaning ma'nolarini yanada ta'kidlab, quvvatlab kelyapti. Mazkur ma'no yanada tushunarli bo‘lishi uchun bu hadis savol-javob tariqasida vorid bo‘lgan. Demak, mo‘minda ham ba'zi illatlar bo‘lishi mumkin ekan, lekin illatlarning eng yomoni bo‘lmish yolg‘onchilik hech qachon mo‘minda bo‘lmasligi kerak. Aks holda uning iymoniga futur yetadi. «1 aprel»chilar esa o‘zining nodonligi, johilligi oqibatida iymonidan ayrilayotganini ommaviy bayram sifatida nishonlaydilar.

2. Birinchi aprel hazili deb, bir kishini aldash oqibatida uning qoni, mol-mulkiga tajovuz qilinadi, obro‘si poymol qilinadi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Vidolashuv hajida shunday deganlar:

فَإِنَّ دِمَاءَكُمْ وَأَمْوَالَكُمْ وَأَعْرَاضَكُمْ بَيْنَكُمْ حَرَامٌ

 «Sizlarning qoningiz, molingiz va obro‘ingiz bir-biringizga haromdir!

Imom Buxoriy rivoyat qilgan.

يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ لَا تَأۡكُلُوٓاْ أَمۡوَٰلَكُم بَيۡنَكُم بِٱلۡبَٰطِلِ .. ٢٩

«Ey iymon keltirganlar! Bir-biringizning mollaringizni botil yo‘l bilan yemanglar» (Niso surasi, 29-oyat).

3. Mazkur aldov biror shaxsning biror illatini ayblash ma'nosida bo‘lsa va o‘sha illat unda haqiqatdan ham bor bo‘lsa, bu ish g‘iybat bo‘ladi. Agar o‘sha illat unda bo‘lmasa, tuhmat yoki bo‘hton bo‘ladi. Bularning har ikkalasi ham shariatimizda haromdir.

عَنْ أَبِى هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ أَنَّهُ قِيلَ : يَا رَسُولَ اللَّهِ مَا الْغِيبَةُ ؟ قَالَ: « ذِكْرُكَ أَخَاكَ بِمَا يَكْرَهُ ». َ قِيلَ أَفَرَأَيْتَ إِنْ كَانَ فِي أَخِي مَا أَقُولُ؟ قَالَ: « فَإِنْ كَانَ فِيهِ مَا تَقُولُ فَقَدِ اغْتَبْتَهُ وَإِنْ لَمْ يَكُنْ فِيهِ مَا تَقُولُ فَقَدْ بَهَتَّهُ » رواه ابو داود.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Ey Allohning Rasuli, g‘iybat nima?» deb so‘rashdi. U zot: «Birodaringni uning o‘ziga yoqmagan narsa bilan zikr qilishing», dedilar. Shunda: «Men aytgan narsa birodarimda bor bo‘lsa-chi?» deyishdi. U zot: «Agar aytgan narsang unda bor bo‘lsa, g‘iybat qilgan bo‘lasan. Aytgan narsang unda bo‘lmasa, bo‘hton qilgan bo‘lasan», dedilar.

Imom Abu Dovud rivoyat qilgan.

4. Mazkur aldovga mazax, istehzo ham aralashadi. Bularning har ikkalasi shariatda man etilgan.

عَنْ أَبِي لَيْلَى الْأَنْصَارِيِّ, قَالَ: خَرَجَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فِي بَعْضِ غَزَوَاتِهِ فَأَخَذَ بَعْضُ أَصْحَابِهِ كِنَانَةَ رَجُلٍ, فَغَيَّبُوهَا لِيَمْزَحُوا مَعَهُ, فَطَلَبَهَا الرَّجُلُ, فَفَقَدَهَا, فَرَاعَهُ ذَلِكَ, فَجَعَلُوا يَضْحَكُونَ مِنْهُ, فَخَرَجَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ، فَقَالَ: مَا أَضْحَكَكُمْ ؟ قَالُوا: لَا، وَاللهِ إلَّا أَنَّا أَخَذْنَا كِنَانَةَ فُلَانٍ لِنَمْزَحَ مَعَهُ فَرَاعَهُ ذَلِكَ, فَذَلِكَ الَّذِي أَضْحَكَنَا فَقَالَ: " لَا يَحِلُّ لِمُسْلِمٍ أَنْ يُرَوِّعَ مُسْلِمًا "

Abu Laylo Ansoriydan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir g‘azotga chiqqanlarida u zotning sahobalaridan biri hazillashib, bir kishining o‘qdonini berkitib qo‘ydi. Egasi uni izlab, topa olmay, xavfga tushdi. Uning ustidan kula boshlashgan edi, Nabiy sollallohu alayhi vasallam chiqib: «Nimaga kulyapsizlar?» dedilar. «Hazillashib, Falonchining o‘qdonini berkitib qo‘ygan edik, qo‘rqib ketdi. Shunga kulyapmiz», deyishdi. U zot: «Musulmonni qo‘rqitish musulmonga halol emas», dedilar».

Umar ibn Abdulaziz: «Mazaxdan saqlaninglar. U kek paydo qiluvchi ahmoqlikdir», degan.

Hakimlardan biri shunday deydi: «Mazax aslida so‘kish, ammo egasini kuldiradi, xolos».

Ibrohim Naxa'iy: «Mazax – tentaklik va kibrdir», degan.

«Munsurul hikam»da: «Olov o‘tinni yeganidek, mazax ham haybatni yeydi», deyilgan.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, ustiga asal surtilgan zaharga o‘xshash bu «bayram»da tilga tegishli bo‘lgan barcha jinoyatlar sodir etiladi va bu oddiy hol deb qabul qilinadi. Yuqorida ularning hammasini birma-bir keltirmadik, aql egalariga eslatma va ogohlantirish bo‘lsin deya bir necha misollar keltirdik, xolos.

Kimlardir mazkur fikrlarga qarshi bo‘lishi ham mumkin. Xalqimizda «Tarki odat amri mahol» degan naql bor. Kimlardir kundalik hayotini mazkur illatlarsiz tasavvur qila olmaydigan darajaga borib qolgan bo‘lsa, uning uchun bu oddiy holatdir. Bundaylarga maqsadimiz yanada tushunarliroq bo‘lishi uchun 1 aprel kunida bo‘ladigan ba'zi bir hazillardan misol keltiramiz.

Bir necha ulfatlar choyxonaga to‘planib, to‘kin dasturxon atrofida maishat qilishibdi. Ziyofat oxiriga yetib, hamma uy-uyiga ketish uchun choyxonadan chiqib, ulovining oldiga kelibdi. Ulardan biri ne ko‘z bilan ko‘rsinki, ulovi qo‘ygan joyida yo‘q ekan. Uning xursandchiligidan asar ham qolmabdi. Ranglari oqarib, tili kalimaga kelmay qolibdi. Nima qilishini bilmay tursa, jonajon ulfatlari unga hamdarddek atrofida tizilishib turaverishibdi. Hamma hayron. Jabrdiyda odamning asablari buzilib, mazasi qochib qolibdi. Vaziyat borgan sari chigallasha boshlabdi. Biror jiddiy fojia bo‘lib qolishidan qo‘rqqan ulfatlar shundagina do‘stini xotirjamlikka chaqirib, ulovini narigi mahalladagi bir ko‘chaga yashirib qo‘yganini aytib, «Bu 1 aprel hazili edi» deb, uning ustidan miriqib kulishibdi.

Boshqa biri esa uloviga minib, o‘t oldirgach, rulni ushlasa, ne ko‘z bilan ko‘rsinki, rulga kattagina olachipor ilon o‘rab qo‘yilgan ekan. Bechora qo‘rqqanidan yuragi yorilib o‘lishiga bir bahya qolibdi. Ulfatlar esa uni ham masxara qilib, rosa kulishibdi.

Boshqa bir ulfatlar yanada boshqacharoq hazil o‘ylab topishibdi. Ulfatlardan birining ayoliga telefon qilib, uning eri jazmani bilan falon joyda kayf-safo qilayotgani to‘g‘risida yolg‘ondan xabar berdi. Rashk o‘tida kuygan ayolning ko‘ziga hech narsa ko‘rinmay, aytilgan manzilga bir ahvolda yetib kelibdi. U yerdagi manzara qanday bo‘lganini tasavvur qilavering.

Ulfatlarning ichida uch-to‘rtta do‘koni bor tijoratchi ham bor ekan. U oilasi bilan kechki ovqatni yeb, xotirjam o‘tirgan paytda to‘satdan telefoni jiringlab qoladi. Ulfatlaridan biri tashvishli ohangda unga o‘ta sovuq xabar yetkazadi: «Do‘koningni tekshiruv bosdi! Mol-mulkingni musodara qilishyapti! Sen nima qilib o‘tiribsan, tezlik bilan yetib kelib, ishni joyida «yopdi-yopdi» qilmasang, ishing gazak olar ekan!». U bechora esa og‘zidagi taomini yutish-yutmaslikni ham bilmay, oyoq kiyimini ham kiyar-kiymas, mashinaga o‘tirib do‘koni tomonga yeldek uchib ketadi. Bunday holatlarda yo‘lning o‘zidayoq biror fojia bo‘lmaydi deb kim kafolat bera oladi? Yoki ulfatlar ichida shunga o‘xshash hazillar bo‘lmaydi deb kim ayta oladi?

Azizlar! Ayting-chi, shuncha illatlarni o‘zida mujassam etgan «bayram»ni yaxshi kayfiyat bilan nishonlash mumkinmi?

Bu kunni alohida kutib olib, nishonlayotganlar va undagi yaramas qiliqlarni boshqalarga ham tarqatayotganlar, ularga ko‘r-ko‘rona taqlid qilib, ergashayotganlarni kim deyish mumkin?

To‘g‘ri, yil-o‘n ikki oy ichida qanchadan-qancha bayramlar bor. Kasbiy bayram bo‘lmish Ustoz va murabbiylar kuni, Vatan himoyachilari kuni, Tibbiyot xodimlari kuni va hokazo bayramlar borki, bularni nishonlash, o‘sha kunni bayram qilayotgan soha mutaxassislarini tabriklash, turli hadya va mukofotlar bilan taqdirlash manfaatli va go‘zal tadbirlardan hisoblanadi. Endi tasavvur qiling, dunyo shundoq ham yolg‘on, aldov, firib, g‘iybat, tuhmat, bo‘hton, mazax, fahshga to‘lib yotgan bo‘lsa-yu, yana alohida bir kunni «aldov kuni» deb nishonlansa...

Aslida biror kunni «Umuman yolg‘on ishlatilmaydigan kun» deb nishonlasa to‘g‘ri bo‘lmasmidi? O‘zi shundoq ham hech bir kunimiz yolg‘onsiz o‘tmaydigan bo‘lib qoldi-ku!

Yana bir taklif: 1 aprelni aldov va hazil kuni deb nishonlagandan ko‘ra «Giyohvandlikka qarshi kurash kuni» yoki «OITSga qarshi kurash kuni» singari «Yolg‘onga qarshi kurash kuni» deb e'lon qilsak bo‘lmaydimi?

 Ishoqjon BeGMATOV,
 «To‘xtaboy» jome masjidi imom-xatibi