Jahon | 11:29 / 18.11.2020
17526
12 daqiqa o‘qiladi

Moldova «g‘arbchi» prezident boshqaruviga o‘tmoqda. Mamlakat Rossiyadan uzoqlashadimi?

15 noyabr kuni Moldovada prezident saylovlarining ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda Moldovaning sobiq bosh vaziri, muxolifatdagi «Harakat va birdamlik» partiyasi yetakchisi Mayya Sandu g‘alaba qozondi.

VALERY SHARIFULIN/TASS

Saylov uchastkalaridan olingan bayonnomalarning 99,35 foizi qayta qayta hisoblangach, Sandu 57,42 foiz ovoz, uning raqibi – amaldagi prezident Igor Dodon 42,58 foiz ovoz olgani ma'lum bo‘lgan. Moldova markaziy saylov komissiyasining ma'lum qilishicha, davomat 52,76 foizni tashkil qilgan - 1,6 milliondan ko‘proq saylovchi saylovda ishtirok etgan.

Shu tariqa, Sandu 4 yil avvalgi mag‘lubiyat uchun Dodondan revansh olishga muvaffaq bo‘ldi. O‘shanda Sandu Dodondan 4 foiz ortda qolgandi. Joriy yil 1 noyabrda o‘tgan saylovlarning 1-bosqichida Dodon va Sandu eng ko‘p ovoz to‘plab, 2-bosqichga o‘tgandi. 1-bosqichda Sandu 36,16 foiz, Dodon esa 32,61 foiz ovoz olgan.

Sandu barcha saylovchilariga minnatdorchilik bildirib, saylovlar davomida ikkiga bo‘lingan jamiyatni yana birlashtirishga va iqtisodiy muammolarni hal qilishga va'da berdi. Shuningdek, bo‘lg‘usi prezident parlamentni tarqatib yuborish va muddatidan avvalgi parlament saylovlarini o‘tkazish rejasini ma'lum qilgan. Amaldagi prezident Igor Dodon hozircha o‘z mag‘lubiyatini tan olmadi.

Dumitru Doru / EPA / Scanpix / LETA

Ma'lumot uchun, Moldovada prezident 4 yilga saylanadi va Dodonning vakolati 23 dekabr kuni tugaydi. Yangi prezident inauguratsiyasi esa saylov natijalari ma'lum bo‘lgach, 45 kun ichida o‘tkaziladi.

Yevroittifoq bilan integratsiya yoki Rossiya bilan do‘stona aloqa?
Moldovada salkam 30 yildan beri o‘tkazib kelinayotgan prezidentlik va parlament saylovlarida Yevropa Ittifoqi bilan integratsiyalashuv va Rossiya bilan do‘stona aloqalarni saqlab qolish tarafdorlari o‘zaro raqobat olib boradi. Shu paytgacha o‘tkazilgan barcha saylovlarda Rossiya bilan do‘stona aloqalarni saqlab qolishni yoqlovchi partiyalar nomzodlari g‘alaba qozonib kelgan. 2016 yilda o‘tkazilgan so‘nggi prezidentlik saylovida ham Rossiya bilan yaqin bo‘lgan Dodon Yevropa Ittifoqi bilan integratsiyalashuv tarafdori bo‘lgan Mayya Sandu ustidan g‘alaba qozongandi.

Agar Moldovada o‘tkazilgan prezidentlik saylovlari tarixiga qaralsa, 1991 va 1996 yillarda prezident umumxalq saylovi orqali tanlangan. 2000 yilda Konstitutsiyani o‘zgartirish uchun referendum o‘tkaziladi va uning natijalariga ko‘ra, Moldovada prezidentni parlament saylaydigan tizimga o‘tiladi. Shundan so‘ng bir necha saylov shu tartib bilan o‘tkaziladi. 2016 yilga kelib prezidentni parlament tomonidan saylanishi bekor qilinadi va prezident yana xalq tomonidan saylanadi.

Saylov-1991
Moldovada ilk saylov 1991 yil 8 dekabrda o‘tkazilgan. Boshqalar qatori SSSR tarqab ketishi ortidan mustaqil bo‘lgan Moldovada o‘tkazilgan ilk saylovda faqat bir nafar nomzod bor edi. Partiyasiz bo‘lgan Mircha Snegur 98,2 foiz ovoz bilan mamlakat prezidenti etib tayinlanadi. U o‘zi rahbarlik qilgan yillarda asosiy e'tiborni Rossiya bilan do‘stona aloqalarni saqlab qolishga qaratadi.

Saylov-1996
1996 yil 17 noyabr kuni Moldovada navbatdagi prezidentlik saylovi o‘tkaziladi. Unda 9 nafar nomzod o‘zaro raqobatlashadi. Saylovning 1-bosqichida hech bir nomzod g‘alaba qozonish uchun yetarli ovoz yig‘a olmaydi. Shundan so‘ng, boshqalarga qaraganda eng ko‘p ovoz olgan Mircha Snegur va Pyotr Luchinskiy ikkinchi bosqichda prezidentlik uchun kurashadi. Qizig‘i shundaki, ularning ikkisi ham Rossiya bilan do‘stona aloqalarni yoqlovchi nomzodlar edi. Yevropa Ittifoqi bilan integratsiyalashuvni yoqlovchi nomzodlar yetarlicha ovoz ololmaydi. Moldova kommunistik partiyasi lideri Vladimir Voronin ham boshqa nomzodlar kabi yetarlicha ovoz to‘play olmaydi va birinchi bosqichdayoq kurashni to‘xtatadi. Ikkinchi bosqichda o‘tkazilgan saylovda Pyotr Luchinskiy ko‘proq ovoz oladi va prezident etib saylanadi.

Saylov-2001
Moldovada 2001 yilda o‘tkazilgan saylovda prezidentni parlament saylaydi. 2000 yilda referendum yo‘li bilan konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritilgan va prezidentni parlament saylashi belgilab qo‘yilgan edi. 2001 yil 4 aprel kuni o‘tkazilgan saylovda Moldova kommunistik partiyasi rahbari Vladimir Voronin g‘alaba qozonadi. Unga 89 nafar deputatdan 71 nafari ovoz beradi. Bu saylovda Voronin ko‘pchilik ovoz bilan g‘alaba qozonganining sababi shundaki, o‘shanda Moldova parlamentida kommunistlar partiyasidan saylangan deputatlar ko‘pchilikni tashkil etgan. Shu tariqa, kommunistlar partiyasining rahbari Moldova prezidenti bo‘ladi.

2005 yildagi saylovda Vladimir Voronin qayta saylanadi va u 2009 yilgacha prezidentlikda qoladi.

Saylov – 2009
2009 yil sentabr oyida Vladimir Voronin muddat tugamasdan iste'foga chiqadi va uning o‘rniga Moldovani parlamentning vaqtinchalik spikeri Mixay Gimpu boshqaradi. 2010 yilda Marian Lipu Moldova parlamenti tomonidan vaqtinchalik prezident etib saylanadi. O‘sha yil dekabr oyida Vladimir Filat ham 2 kun (28-30 dekabr kunlari) vaqtincha prezidentlik qiladi. 30 dekabr kuni Marian Lipu yana qayta vaqtinchalik prezident etib saylanadi.

2010 yilda yana umumxalq referendumi o‘tkaziladi va prezidentni parlament emas, umumxalq ovoz berish yo‘li bilan aniqlash qayta joriy qilinadi.

Saylov – 2012
2012 yilda Moldova parlamenti Nikolay Timofti mamlakatning yangi prezidenti etib sayladi.

Saylov – 2016
2016 yilda Moldova yana an'anaviy saylov tizimiga qaytdi va prezident parlamentda saylanishi bekor qilindi. Shu yili o‘tkazilgan saylovda jami 9 kishi o‘z nomzodini qo‘yadi. Birinchi bosqichda hech kim yetarli ovoz ololmaydi. Ikkinchi bosqichga Rossiya bilan do‘stona aloqalarni saqlab qolish tarafdori bo‘lgan Igor Dodon va Yevropa Ittifoqi bilan integratsiyalashuv tarafdori bo‘lgan Mayya Sandu o‘tishdi.

Ikkinchi bosqichda har ikki nomzod munosib ovoz oladi. Igor Dodon Mayya Sanduni 4 foiz farq bilan yengadi: Dodon 52,11 foiz ovoz oladi, Sandu esa 47,89 foiz.

Saylov – 2020
Nihoyat, bu yil o‘tkazilgan saylovda Mayya Sandu Igor Dodon ustidan g‘alaba qozondi.

Nega doim rossiyaparast nomzodlar muvaffaqiyat qozongan?
Moldovada 2016 yilgacha o‘tkazilgan saylovlarda Rosssiya bilan do‘stona aloqalarni saqlab qolish tarafdorlari bo‘lgan nomzodlar g‘alaba qozonavergan. Yevropa Ittifoqi bilan integratsiyalashuvni qo‘llaydigan nomzodlar esa qo‘llanmagan. Ammo so‘nggi ikkita saylovda Yevropa Ittifoqi bilan integratsiyalashuvni yoqlaydigan nomzodlar rossiyaparast nomzodlarga munosib qarshilik ko‘rsatganini ko‘rish mumkin.

Bunga asosiy sabab shuki, 2013-2014 yillarda Rossiya-Ukraina mojarolari boshlanguncha bu davlat yetarli darajada iqtisodiy o‘sish sur'atlarini ko‘rsatgan. Ana shunday vaziyatda Moldova Rossiya bilan yaqin iqtisodiy aloqalarga ega edi. Jumladan, Moldova qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining asosiy qismini Rossiyaga eksport qilgan. Qolaversa, Moldova aholisining katta qismi Rossiyada ishlab kun ko‘rgan.

2013-2014 yillarda Rossiya-Ukraina mojarolari ortidan Rossiya G‘arb davlatlarining sanksiyalariga ro‘para keldi va iqtisodiy inqirozga uchradi.

Rossiyada ro‘y bergan iqtisodiy inqiroz birinchi navbatda bu mamlakatga kelib ishlaydigan mehnat muhojirlarining maoshiga ta'sir qildi. Shu jumladan, Rossiyada ishlayotgan moldovanlarning ham. Bundan tashqari, Rossiyadagi iqtisodiy inqiroz tufayli Moldova va Rossiya o‘rtasidagi savdo aloqalar ham ancha pasayib ketdi.

Masalan, 2012 yilda Rossiya va Moldova o‘rtasidagi savdo aylanmasi 2 mlrd 85,3 mln dollar bo‘lgan. 2013 yilda bu ko‘rsatkich 1 mlrd 738 mln dollarga kamaygan. 2014 yilda esa har ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 1 mlrd 164 mln dollarga tushib ketgan. Keyinchalik, 2015-2019 yillarda Rossiya va Moldova o‘rtasidagi savdo aylanmasi biroz ko‘tarilgan. Ammo 2012 yildagi ko‘rsatkichga yetmagan. 2018 yilda 1 mlrd 560 mln dollarni, 2019 yilda 1 mlrd 640 mln dollarni tashkil etgan.

Xullas, moldovaliklar uchun Rossiyadan yaxshi pul ishlash imkoniyatlari pasayib ketdi. Bundan tashqari, so‘nggi 15 yilda Rossiya va Moldova o‘rtasida bir necha marta sovuq munosabatlar yuzaga keldi. Ana shularning barchasi yig‘ilib oddiy moldovaliklarning Yevropa Ittifoqi bilan integratsiyalashuvi tarafdori bo‘lgan nomzodlarni ko‘proq qo‘llashiga sabab bo‘lmoqda.

Moldova haqida
Moldova Sharqiy Yevropada joylashgan mamlakat. Mustaqillik kuni 1991 yil 27 avgust kuni nishonlanadi. Moldovaning hududi uncha katta emas, bor yo‘g‘i 33 846 km kv bo‘lib (dunyoda 135-o‘rinda), uning chegaralari shimoldan janubga 350 km, g‘arbdan sharqqa 150 km cho‘zilgan. Moldova sharqda Ukraina, g‘arbda Ruminiya bilan chegaradosh. Poytaxti Kishinyov shahri. Rasmiy til moldovan tili (rumin tili). Moldova parlamentar respublika hisoblanadi. Aholisi 3,5 mln kishi bo‘lib (131-o‘rinda), ularning aksar qismini moldovanlar tashkil etadi. Bundan tashqari, bu mamlakatda ruslar, ukrainlar, gagauzlar, ruminlar va bolgarlar kabi millatlar ham yashaydi.

Moldovaning yalpi ichki mahsuloti 8 mlrd dollar atrofida (dunyoda 140-o‘rinda). Mamlakatda qazilma boyliklar va yirik zavod-fabrikalar yo‘q. To‘qimachilik sanoati biroz rivojlangan. Mamlakat yalpi ichki mahsuloti asosan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportidan keladigan daromad hisobidan shakllanadi. Moldova xorijiy mamlakatlarga asosan sarxil va quritilgan olxo‘ri, yong‘oq va uzumchilik mahsulotlari eksport qiladi. Mamlakat Yevropadagi eng kambag‘al davlat hisoblanadi.

Moldova Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi mumkinmi?
Moldovalik ayrim siyosatchilar va aholi qanchalik xohlamasin, bu davlat yaqin orada Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi qiyin. Yevropa Ittifoqiga a'zo bo‘lishning bir qancha shartlari bor. Moldova hozircha o‘sha shartlarning faqat bittasiga – mamlakat Yevropa qit'asida joylashgani bilan javob bera oladi. Mamlakatning iqtisodiy rivojlanishi, ichki va tashqi hududiy nizolari bo‘lmasligi kabi shartlarga javob bera olmaydi. Bugun Moldova sobiq ittifoq respublikalari orasida iqtisodiy rivojlanmagan davlatlardan biri bo‘lib qolmoqda. Qolaversa, bu mamlakatda ichki hududiy muammo bor. O‘tgan asrning 90-yillaridan buyon bu mamlakat tarkibida bo‘lgan hudud – Dnestrbo‘yi mustaqillik e'lon qilgan. Hech kim tan olmagan mazkur hudud o‘shandan buyon Moldovaning oyog‘iga tushov bo‘lib kelyapti.

Ana shu sababli ham Yevropa Ittifoqi mutasaddilari Moldovaga yetarlicha e'tibor qaratmaydi. Masalan, 1991-2009 yillarda Yevropa Ittifoqi Moldovaga bor yo‘g‘i 270 mln dollar yordam ko‘rsatgan. Faqatgina 2014 yilga kelib Yevropa Ittifoqi Moldova fuqarolariga Shengen hududida vizasiz kirib-chiqishga ruxsat berdi.

Bugun moldovanlarning aksariyati Rossiya, Turkiya, Ukraina, Ruminiya va Yevropaning boshqa mamlakatlarida mehnat muhojirligida yuribdi. Balki endi yangi prezident qo‘l ostida mamlakat iqtisodiy rivojlanib ketar...

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi

Mavzuga oid