Jahon | 08:34 / 16.11.2020
16569
2 daqiqa o‘qiladi

Moldova prezidenti saylovlarida Mayya Sandu g‘alaba qozondi 

Moldovaning sobiq bosh vaziri, “Harakat va birdamlik” muxolif partiyasi raisi Mayya Sandu 15 noyabrda o‘tgan Moldova prezidenti saylovlarida g‘alaba qozondi. 

Foto: TASS

Saylov uchastkalaridan olingan bayonnomalarning 99,35 foizi qayta ishlangandan keyin Sandu 57,42 foiz ovoz, uning raqibi – amaldagi prezident Igor Dodon 42,58 foiz ovoz olgani ma'lum bo‘lgan. 

Markaziy saylov komissiyasining ma'lum qilishicha, saylovlarda davomat 52,76 foizni tashkil qilgan va ularda 1,6 mlndan ko‘proq saylovchi ishtirok etgan. 

Shu tariqa Sandu 4 yil avvalgi mag‘lubiyat uchun Dodondan revansh olishga muvaffaq bo‘ldi. O‘shanda Dodon Sandudan 4 foizlik farq bilan g‘alaba qozongandi.

Ikkala nomzod 1 noyabrda o‘tgan saylovlarning 1-bosqichida eng ko‘p ovoz to‘plab, 2-bosqichga o‘tgandi. 1-bosqichda Sandu 36,16 foiz, Dodon esa 32,61 foiz ovoz to‘plagandi.

Saylovlarning yakuniy natijalari Kanada va AQShda ovoz berish yakunlangandan keyin 16 noyabr ertalab e'lon qilinadi. 

Sandu barcha saylovchilariga minnatdorlik bildirgan. U saylovlar davomida ikkiga bo‘lingan jamiyatni yana birlashtirishga va iqtisodiy muammolarni hal qilishga va'da bergan. Shuningdek, bo‘lg‘usi prezident parlamentni tarqatib yuborish va muddatdan avval parlament saylovlari o‘tkazish rejasini ma'lum qilgan.

Amaldagi prezident Igor Dodon hozircha o‘z mag‘lubiyatini tan olmadi. U mamlakatning oliy rahbariyati yig‘ilishidan keyin 16 noyabr soat 11da brifing o‘tkazishga va'da bergan.

Moldovada prezident 4 yilga saylanadi. Dodonning vakolati 23 dekabrda tugaydi. Yangi prezident inauguratsiyasi shu sanadan keyin o‘tkaziladi. 

Mavzuga oid