Energetika tizimining xususiylashtirilishi gaz va elektr energiyasi narxining oshishiga olib keladimi? Mas'ullar javob berdi
Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, elektr energiyasi tizimiga davlat-xususiy sherikchilikning joriy etilishi narxlarning tushishiga olib keladi.
Avval xabar qilganimizdek, 23 oktabr kuni «Hyatt Regency Tashkent» mehmonxonasida Energetika vazirligi hamda qator xalqaro moliya institutlari ishtirokida O‘zbekiston energetika sektorini yanada isloh qilishga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Davra suhbatida O‘zbekiston energetika sektoriga davlat-xususiy sherikchilik tizimi asosida bozor qoidalarini joriy etish bosqichlari haqida ma'lumot berildi.
Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, elektr energiyasi tizimiga davlat-xususiy sherikchilikning joriy etilishi narxlarning tushishiga olib keladi.
"Bizning fikrimizcha, shuningdek, xorijiy ekspertlarning ham fikriga ko‘ra, tizimga qancha ko‘p xususiy sektorni jalb qilsak, narxlar shuncha tushadi. Sababi, raqobat hosil bo‘ladi.
Raqobat nimada? Bugungi kundagi strategiyamizga asosan, elektr energiyasini ishlab chiqarish sohasiga imkon qadar ko‘proq xususiy sektorni jalb qilmoqdamiz. Bugungi kunda elektr energiyasini ishlab chiqarish 100 foiz davlatning qo‘lida bo‘lsa, 2025 yilga kelib 47 foiz, 2030 yilga kelib 52 foiz elektr energiyasi xususiy sektor tomonidan ishlab chiqariladi. Ya'ni davlat bundan buyog‘iga ko‘p va yangi elektr stansiyalari qurmaydi. Yangi quriladigan elektr stansiyalarining aksariyati investorlar hisobiga to‘g‘ri keladi. Bu nima beradi? Bozor va raqobat. Bir-biri bilan raqobat qilgan holda o‘z mahsuloti raqobatbardosh bo‘lishini istagan har bir investor majbur tannarxni tushiradi, tannarx tushgandan so‘ng sotish narxi tushadi. Ulgurji narx ham past bo‘lgandan keyin iste'molchilarga yetkazib beriladigan elektrning chakana narxi ham o‘z-o‘zidan pasayadi" - dedi Sherzod Xo‘jayev.
Energetika vazirining yana bir o‘rinbosari Behzot Normatov esa gaz ishlab chiqarish tizimiga davlat-xususiy sherikchilik joriy etilishining narxlar oshib ketishiga ta'siri haqidagi savolga javob berdi.
"Jahon bankining hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekiston gaz narxlarining subsidiyasi uchun yiliga taxminan 4 milliard AQSh dollari sarflamoqda. Xususiylashtirish bu borada raqobatni yaratadi. Masalan, siz iste'molchi sifatida gazni A, B yoki C kompaniyadan sotib olishingiz mumkin. Ular ham o‘z navbatida gaz narxi borasida bir-biri bilan raqobat qiladi. Raqobat natijasida kompaniyalar o‘z ustida ishlaydi, optimizatsiya qiladi va yo‘qotishlarni kamaytirib, zamonaviy texnologiyalarni tatbiq qilishiga turtki bo‘ladi", - dedi Behzot Normatov.
Mavzuga oid
10:21 / 07.06.2024
FT Ukraina energetikasining yarmi yo‘q qilingani haqida xabar berdi
19:05 / 06.06.2024
Iste’molchilarga bazaviy me’yordan ortiq ishlatilgan gaz-svet haqida SMS yuborilmoqda. Bu qanday ishlaydi?
08:34 / 05.06.2024
O‘zbekistonning mahsulot taqsimotiga oid barcha bitimlari xatlovdan o‘tkaziladi
15:53 / 03.06.2024